“Yashil makon” loyihasi va cho‘llanish hamda qurg‘oqchilikka qarshi kurash istiqbollari
17-iyun – Jahon cho‘llanish va
qurg‘oqchilikka qarshi kurash kuni
Jahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan 1995-yil 30-yanvarda ta’sis etilgan. Ushbu xalqaro sana BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash konvensiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan tanlangan.
O‘zbekiston mintaqadagi davlatlar orasida birinchilar qatorida BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash konvensiyasiga a’zo bo‘lgan. Ushbu Konvensiya 1995-yil 31-avgustda O‘zbekiston parlamenti tomonidan ratifikatsiya qilinib, 1996-yildan kuchga kirgan. Bugungi kunda mazkur Konvensiyaga 196 ta davlat a’zo hisoblanadi.
Qurg‘oqchilik – ekinlarning hosildorligini yo‘qolishi, o‘rmon yong‘inlari va suv tanqisligi natijasida insonlar hayotining barbod bo‘lishi nuqtayi nazardan eng dahshatli tabiiy ofatlardan biridir. So‘nggi yillarda oziq-ovqat va suv tanqisligi, kuchli qurg‘oqchilik tufayli yuzaga kelgan o‘rmon yong‘inlari kuchaygan.
Yerning tanazzulga uchrashi va iqlim o‘zgarishi natijasida kuchaygan qurg‘oqchilik ayniqsa shiddatli tus olmoqda. Bunday tashvishli holat 2000-yilga nisbatan 29 foiz ko‘p va har yili 55 mln kishiga ta’sir qiladi. Eng achinarlisi, 2050-yilga borib qurg‘oqchilik dunyo aholisining to‘rtdan uch qismiga ta’sir qilishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Bunday xatarlarga javoban O‘zbekistonda “Yashil makon” umummilliy loyihasi boshlab yuborilgan. Ayni vaqtda “yashil” energetika iqtisodiyot drayverlaridan biriga aylanmoqda. Yanada e’tiborlisi, qisqa vaqt ichida O‘zbekiston BMT tomonidan bu borada qabul qilingan ikkita muhim rezolyutsiyaning tashabbuskori bo‘ldi.
O‘tgan yili BMT Bosh Assambleyasi "O‘rmonlardan barqaror foydalanish tamoyillariga muvofiq o‘rmonlashtirish va o‘rmonlarni qayta tiklash bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining o‘n yilligi" rezolyutsiyasini qabul qildi. O‘zbekiston va Kongo tashabbusi bilan tasdiqlangan ushbu rezolyutsiyaga muvofiq, butun dunyoda “2027-2036-yillar – O‘rmonlashtirish va o‘rmonlarni qayta tiklash o‘n yilligi”, deb e’lon qilindi.
Xalqaro hamjamiyat haqli e’tirof etganidek, O‘zbekiston daraxt ekish va ko‘kalamzorlashtirish masalalarini milliy, mintaqaviy va global miqyosda faol ilgari surib kelmoqda. Jumladan, 2024-yil avgust oyida O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi "Ekologik muammolarning samarali yechimi sifatida degradatsiyaga uchragan yerlarda, shuningdek, qurg‘oqchil hududlarda o‘rmonlardan barqaror foydalanishni, jumladan o‘rmonlashtirish va o‘rmonlarni qayta tiklashni rag‘batlantirish" rezolyutsiyasini qabul qilgandi.
Keyingi davrda O‘zbekistonda ekologiya sohasining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratildi. Yangi tahrirdagi Asosiy qonunimiz Muqaddimasida e’tirof etilganidek, biz «mamlakatimizning bebaho tabiiy boyliklarini ko‘paytirishga hamda hozirgi va kelajak avlodlar uchun asrab-avaylashga hamda atrof-muhit musaffoligini saqlashga astoydil ahd qilib», ushbu Konstitutsiyani qabul qilganmiz.
Bosh qomusimizning 49-moddasi to‘laligicha ekologiya va atrof-muhit himoyasiga oid normalardan iborat. Xususan, ushbu moddaning birinchi bandida: «Har kim qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqiga ega», deb qayd etilgan.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, davlatimiz rahbari tomonidan 2025-yil yurtimizda – Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili, deb e’lon qilingani bu borada g‘oyat muhim qadam bo‘ldi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Biz tabiat haqida so‘z yuritganda, ko‘pincha “ona tabiat” degan iborani ishlatamiz. O‘ylaymanki, bu shunchaki chiroyli, shoirona so‘z emas, balki uning zamirida chuqur hayotiy haqiqat bor. Biz mo‘tabar ona zotini qanday yuksak hurmat-ehtirom qilsak, o‘zimizni qurshab turgan tabiatga ham shunday munosabatda bo‘lishimiz zarur. Zero, tabiatni asrash – insonni asrash demakdir”.
O‘zbekiston Prezidentining 2025-yil 7-fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi doirasida yurtimizda ekologik barqarorlikka erishish, “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish, tarmoq va sohalarning uyg‘un “yashil transformatsiya”sini amalga oshirish hamda iqtisodiy o‘sishning yangi, “yashil rivojlanish” modelini tatbiq etish bo‘yicha qator muhim vazifalar amalga oshirildi.
O‘zbekiston har yili Navro‘z bayrami arafasida ko‘chat ekish uchun "Markaziy Osiyo yashil belbog‘i" mintaqaviy aksiyasini o‘tkazishni taklif etdi. Bundan maqsad ko‘kalamzorlashtirish borasidagi sa’y-harakatlarni yanada faollashtirishdir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatda bir milliard tup daraxt ekishni ko‘zda tutuvchi keng ko‘lamli "Yashil makon" umummilliy dasturi amalga oshirilmoqda. O‘zbekistonda Orol dengizining qurigan tubida ekologik ofat oqibatlarini yumshatish doirasida ikki million gektar maydonda o‘rmonzor barpo etildi. Ekilgan daraxtlar qum bo‘ronlarini to‘xtatishga, ekotizimni yaxshilashga va mahalliy aholi uchun daromad manbalarini yaratishga xizmat qilmoqda.
Aslida ham, xalqaro hamjamiyat media minbaridan yangragan bu e’tiroflar bejiz emas. Zero, bugun nafaqat O‘zbekiston, balki dunyodagi ko‘plab mamlakatlar iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini yaqqol his qilayotir. Havo va suvning ifloslanishi, tuproq erroziyasi, cho‘llanish, qazilma yoqilg‘ilarni behisob ishlatish global isishga, tabiiy ofatlarning ko‘payishiga olib kelmoqda, atrof-muhit va aholi sog‘lig‘iga zarar yetkazmoqda.
Shuni ham qayd etish joizki, O‘zbekiston Prezidenti “Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorini 2022-yil 10-iyun kuni, ya’ni 17-iyun – Jahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash kuni arafasida qabul qilgani bejiz emas, Ayni ezgu intilish yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish borasida O‘zbekiston va xalqaro hamjamiyatning yondashuvlari uyg‘unligidan dalolat beradi.
Bu haqda so‘z borganda, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2026-yil 22-aprel kuni Ostona shahriga tashrif buyurib, Mintaqaviy ekologik sammitida ishtirok etgani va so‘zga chiqqanini ta’kidlash lozim. Binobarin, davlatimiz rahbari ushbu nutqida mintaqamiz ekologiyasini yaxshilashga oid bir qator tashabbuslarni ilgari surdi.
O‘zbekiston Prezidenti qayd etganidek, global isish sur’atlarining tezlashishi davom etmoqda, Markaziy Osiyo mintaqasida esa harorat ikki barobar tezroq ko‘tarilmoqda. Mintaqa muzliklarining qariyb uchdan bir qismi yo‘qoldi, yog‘ingarchilik tartibining beqarorligi kuzatilmoqda, suv resurslari tanqisligi ortib bormoqda. Yer maydonlarining 80 million gektari allaqachon degradatsiyaga uchradi.
Global ekologik birdamlik zaiflashayotgani chuqur xavotir uyg‘otmoqda. Deklaratsiyalar va da’vatlar resurslar bilan mustahkamlanmayapti. Global iqlim o‘zgarishiga eng kam ta’sir ko‘rsatayotgan mamlakatlar uning oqibatlari bilan yana yakkayu yolg‘iz qolmoqda.
E’tiborli jihati shundaki, Markaziy Osiyo davlatlari atrof-muhitni muhofaza qilish masalalarini mintaqaviy hamkorlikning eng muhim ustuvor yo‘nalishi darajasiga ko‘tarishga muvaffaq bo‘ldi. “Markaziy Osiyo uchun yashil kun tartibi” mintaqaviy dasturi, Iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha mintaqaviy strategiya hamda Barqaror rivojlanish uchun atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha mintaqaviy dasturi ishlab chiqildi, tasdiqlandi va izchil amalga oshirilmoqda.
O‘z navbatida, Ostona forumida “Markaziy Osiyo ekologik birdamligi” deklaratsiyasi, shuningdek, BMT tuzilmalari bilan yaqin sheriklikda amalga oshiriladigan, 2030-yilgacha mo‘ljallangan Harakatlar dasturining qabul qilingani bu boradagi umumiy ishga muhim hissa bo‘lib qo‘shildi.
Forumda Prezidentimiz, jumladan, O‘zbekistondagi Yashil universitet huzurida faoliyat yuritayotgan Cho‘llanishga qarshi kurashish, qurg‘oqchilikning oldini olish hamda qum va chang bo‘ronlari haqida barvaqt ogohlantirish markaziga mintaqaviy maqom berishni taklif etdi. Ushbu Markaz bazasida ilmiy salohiyatni birlashtirish yerlarning degradatsiyasi hamda tuz va changli bo‘ronlarni monitoring qilish bo‘yicha kuchli tizimni yaratish imkonini beradi.
Yana bir muhim tashabbus – Markaziy Osiyo atrof-muhitidagi o‘zgarishlarning yagona mintaqaviy atlasini yaratish ham mintaqamiz kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega. Davlatimiz rahbari uqtirishicha, bu atlas mintaqadagi cho‘llanish, tuproq degradatsiyasi jarayonlari va suv resurslari holati dinamikasini yaqqol ifoda etadigan fundamental ilmiy-tahliliy bazaga aylanadi.
Davlatimiz rahbari 23-mart kuni ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan ustuvor umummilliy loyihalar yuzasidan taqdimot bilan tanishganini alohida ta’kidlash o‘rinlidir. Shuningdek, Prezidentimizning 25-martda qabul qilingan “«Yashil makon» umummilliy loyihasi samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi. Prezidentimiz, shuningdek, 1-aprel kuni “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbirida ishtirok etib, Milliy dendrologiya bog‘ini barpo etishga start berdi.
Xulosa o‘rnida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasidagi bir qator maqsadlar ayni sohadagi muammolar yechimiga qaratilganini qayd etish darkor. Ushbu Strategiyani “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan chora-tadbirlar ijrosi doirasida mazkur yo‘nalishda izchil ishlar olib borilmoqda.
G‘ulom MIRZO
Ўзбекча
English
Русский