Advokatning yuridik xizmat xodimi sifatidagi faoliyatiga oid normalar Konstitutsiyaga to‘la mos keladi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudida yaqinda muhim konstitutsiyaviy-huquqiy ahamiyatga ega bo‘lgan ish yuzasidan qaror qabul qilindi. Mazkur qaror bilan «Advokatura to‘g‘risida»gi qonunning 3-moddasi uchinchi qismi beshinchi xatboshisi Konstitutsiyaning 29, 65 va 141-moddalariga muvofiq, deb topildi. Mazkur ish bo‘yicha Konstitutsiyaviy sud huzuridagi ilmiy maslahat kengashi raisining o‘rinbosari, TDYUU Tadqiqot markazi bosh ilmiy xodimi, yuridik fanlar doktori, professor Foziljon Otaxonov o‘z fikrlarini bildirdi:
– Ishning o‘ziga xos jihati shundaki, unda advokatlarning davlat organlari, davlat muassasalari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimi sifatida shartnomaviy-huquqiy asosda faoliyat yuritishiga ruxsat berilishi, ammo xususiy sektor sub’ektlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining yuridik xizmati xodimi sifatida faoliyat yuritishi nazarda tutilmaganligi Konstitutsiyaga muvofiqligi nuqtai nazaridan baholandi.
Qaror nafaqat advokatura institutining huquqiy tabiatini, balki malakali yuridik yordam huquqi, mulk shakllarining tengligi va davlat xizmati tushunchasining mazmunini ham aniqlashtirib berdi.
Shu o‘rinda murojaatning kelib chiqish sabablariga to‘xtalib o‘tsak. Masalaning Konstitutsiyaviy sudga chiqishiga «Force of justice» advokatlik byurosi murojaati asos bo‘ldi. Ushbu murojaat asosida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Konstitutsiyaviy sudga rasmiy murojaat kiritdi.
Konstitutsiyaviy sud aslida bir qarashda sodda ko‘ringan, ammo huquqiy jihatdan murakkab bo‘lgan quyidagi savolga javob berishi lozim edi: Advokatlarga davlat tashkilotlarining yuridik xizmati xodimi sifatida faoliyat yuritish huquqini beruvchi, ammo xususiy tashkilotlar haqida sukut saqlagan norma xususiy sektor sub’ektlarining huquqlarini cheklaydimi? Bu savolga javob berish uchun sud, avvalo, bahs markazidagi normaning haqiqiy huquqiy mazmunini aniqladi.
Konstitutsiyaviy sudning asosiy xulosalaridan biri shundan iboratki, qonunning mazkur normasi advokatning davlat tashkilotlarida yuridik xizmat xodimi sifatida shartnomaviy-huquqiy asosda faoliyat yuritishi mumkin bo‘lgan istisno holatni belgilaydi, xolos. Bu norma advokatning boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga huquqiy yordam ko‘rsatish huquqini cheklamaydi.
Sud «Advokatura to‘g‘risida»gi qonunning 1,5,6,9¹-moddalari normalarini tizimli tahlil qilib, advokatlar har qanday yuridik va jismoniy shaxslar bilan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida shartnoma tuzishi mumkinligini ta’kidladi.
Shu sababli, xususiy kompaniyalar, tadbirkorlik sub’ektlari va nodavlat notijorat tashkilotlari advokatlar xizmatidan foydalanish huquqidan mahrum etilmagan.
Sudning fikricha, bahslashilayotgan norma xususiy sub’ektlarning advokat bilan shartnoma tuzish huquqiga to‘sqinlik qilmaydi va shuning uchun Konstitutsiyaning 29-moddasida nazarda tutilgan malakali yuridik yordam olish huquqini cheklamaydi.
Ishning markaziy masalalaridan biri – Konstitutsiyaning 65-moddasida mustahkamlangan barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan himoya qilinishi prinsipining mazmuni bilan bog‘liq bo‘ldi. Murojaatchi davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatida advokatlar shartnomaviy-huquqiy asosda faoliyat yuritishi mumkinligi, xususiy sektor sub’ektlari uchun esa bunday imkoniyat nazarda tutilmaganligini mazkur konstitutsiyaviy prinsipga zid, deb baholagan.
Konstitutsiyaviy sud mazkur masalani Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlashtirish so‘ralayotgan norma mazmuni hamda «Advokatura to‘g‘risida»gi qonunning boshqa normalari bilan uzviy bog‘liqlikda tahlil qildi. Sudning qayd etishicha, mazkur norma xususiy mulkka asoslangan yuridik shaxslar, tadbirkorlik sub’ektlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining advokatlar bilan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida shartnoma tuzish huquqini cheklamaydi hamda ularni advokatlarning huquqiy xizmatlaridan foydalanish imkoniyatidan mahrum etmaydi.
Sud advokatlar qonunchilikka muvofiq har qanday jismoniy va yuridik shaxslarga yuridik yordam ko‘rsatishi mumkinligini e’tirof etgan holda, Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlashtirish so‘ralayotgan norma xususiy sektor sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini amalga oshirish imkoniyatlarini cheklamasligini ta’kidladi.
Shu munosabat bilan Konstitutsiyaviy sud mazkur norma xususiy mulk sub’ektlarini davlat tashkilotlariga nisbatan teng bo‘lmagan huquqiy holatga qo‘ymaydi, degan xulosaga keldi. Natijada Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlashtirish so‘ralayotgan norma Konstitutsiyaning barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan himoya qilinishi kafolatlangan 65-moddasi talablariga zid emas, deb topildi.
Ish muhokamasida yana bir muhim masala – advokatning davlat xizmatida bo‘lishiga oid taqiqning mazmuni bo‘ldi. «Advokatura to‘g‘risida»gi qonunning 7-moddasiga ko‘ra, advokat davlat xizmatida turishi mumkin emas. Shu munosabat bilan savol tug‘ildi: davlat tashkilotining yuridik xizmati xodimi sifatida faoliyat yuritish davlat xizmati hisoblanmaydimi?
Konstitutsiyaviy sud bu masalaga aniq javob berdi. Sudga ko‘ra, bahs qilinayotgan norma mehnat shartnomasiga emas, balki fuqarolik-huquqiy shartnomaga asoslangan munosabatlarni nazarda tutadi. Bunday munosabatlarda advokat tashkilot xodimi maqomini olmaydi, ichki mehnat tartibiga bo‘ysunmaydi va o‘z mustaqil huquqiy maqomini saqlab qoladi. Shu sababli, bu holat davlat xizmati hisoblanmaydi va qonundagi taqiqni chetlab o‘tish sifatida baholanishi mumkin emas.
Mazkur huquqiy pozitsiya kelgusida davlat xizmati va mustaqil yuridik xizmat ko‘rsatish o‘rtasidagi chegaralarni belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ishni ko‘rib chiqish jarayonida Konstitutsiyaviy sud huzuridagi ilmiy maslahat kengashi a’zolari tomonidan ham turli nuqtai nazarlar bildirildi. Xususan, yuridik adabiyotlar adabiyotlar va xalqaro tajriba tahlili asosida davlat va xususiy sektor uchun turlicha huquqiy rejimning konstitutsiyaviy asoslari, advokatlik mustaqilligi va malakali yuridik yordam huquqining mazmuni atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, davlat muassasalari va tashkilotlarida yuridik xizmatni tashkil etish qonunchilik bilan majburiy tarzda nazarda tutilgani hamda bu ularning ommaviy-huquqiy vazifalari bilan bog‘liq ekanligi qayd etildi.
Tadbirkorlik sub’ektlari va nodavlat notijorat tashkilotlari esa huquqiy maqomi hamda faoliyat xususiyatlariga ko‘ra boshqacha huquqiy rejimga ega bo‘lib, ular uchun bunday talab belgilanmagan. Shu munosabat bilan, Konstitutsiyaga muvofiqligi aniqlanayotgan norma davlat va xususiy mulk sub’ektlarining huquqiy maqomi va faoliyat xususiyatlaridagi ob’ektiv farqlardan kelib chiqqan holda belgilangani, shu bois, uni Konstitutsiyaning 65-moddasi talablariga zid deb baholash uchun yetarli huquqiy asoslar mavjud emasligi ta’kidlandi.
Qaror bir necha muhim konstitutsiyaviy-huquqiy pozitsiyalarni shakllantirdi. Birinchidan, Konstitutsiyaviy sud Konstitutsiyaning 141-moddasida nazarda tutilgan advokaturaning vazifasini jismoniy va yuridik shaxslarga malakali yuridik yordam ko‘rsatishdan iborat, deb talqin qildi. Sudning qayd etishicha, advokatura mazkur konstitutsiyaviy vazifani advokatlar tomonidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomalar asosida amalga oshiradi va Konstitutsiyaga muvofiqligi aniqlanayotgan norma ushbu vazifaning ro‘yobga chiqarilishiga to‘sqinlik qilmaydi.
Ikkinchidan, Konstitutsiyaning 29-moddasida kafolatlangan malakali yuridik yordam olish huquqi advokat bilan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida shartnoma tuzish imkoniyati orqali ta’minlanadi va u advokatning muayyan tashkilot xodimi maqomiga ega bo‘lishi bilan bog‘liq emas.
Uchinchidan, Konstitutsiyaviy sud Konstitutsiyaga muvofiqligi aniqlanayotgan norma xususiy mulkka asoslangan yuridik shaxslar, tadbirkorlik sub’ektlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining advokatlar bilan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida shartnoma tuzish hamda ularning xizmatlaridan foydalanish huquqini cheklamasligini qayd etdi. Shu sababli, mazkur norma Konstitutsiyaning barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan himoya qilinishi kafolatlangan 65-moddasi talablariga zid emas, degan xulosaga keldi.
To‘rtinchidan, davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, davlat muassasalari va tashkilotlarining yuridik xizmatida shartnomaviy-huquqiy asosda faoliyat yuritish mehnat munosabatlari emas, balki fuqarolik-huquqiy munosabatlar doirasida amalga oshiriladi. Shuning uchun bunday faoliyat davlat xizmati hisoblanmaydi va advokatning mustaqil huquqiy maqomiga putur yetkazmaydi.
Beshinchidan, Konstitutsiyaviy sud mazkur norma huquqlarni cheklovchi xususiyatga ega emasligi va advokaturaning konstitutsiyaviy vazifalarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilmasligi haqidagi huquqiy pozitsiyani shakllantirdi.
Xulosa qilib aytganda, Konstitutsiyaviy sudning mazkur qarori advokatura institutining huquqiy maqomini, malakali yuridik yordam huquqining mazmunini va mulk shakllarining tengligi prinsipining konstitutsiyaviy mazmunini aniqlashtirish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi. Sud huquqiy normani uning haqiqiy mazmuni va qonunchilik tizimidagi o‘rnidan kelib chiqqan holda baholab, formal emas, balki tizimli konstitutsiyaviy talqin usulini qo‘lladi.
N.Abduraimova, O‘zA
Ўзбекча
English
Русский