Yangi O‘zbekistonning sudlarni adolat qo‘rg‘oniga aylantirishga qaratilgan shiddatli islohotlariga bir nazar
5-may kuni poytaxtimizda “Turkiy davlatlarda sud-huquq ta’limi va odil sudlov: raqamli transformatsiya hamda ilg‘or tajribalar sari integratsiya” mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Tadbir Odil sudlov akademiyasi tomonidan tashkil etildi.
Forumda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya davlatlarining sud-huquq ta’limi muassasalari, prokuratura organlari huzuridagi akademiyalar, shuningdek xalqaro tashkilotlar va ekspertlar ishtirok etdilar.
Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi S. Samadov so‘zga chiqdi. U o‘z nutqida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari kadrlar tayyorlashga sifat jihatidan yangi yondashuvni talab etayotganini ta’kidladi hamda raqamli transformatsiya, ortib borayotgan professional standartlar va kengayib borayotgan xalqaro hamkorlik sharoitida samarali faoliyat yurita oladigan kadrlarni tayyorlash muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Xalqaro forum tajriba almashish, dolzarb masalalarni muhokama qilish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi samarali muloqot maydoni bo‘ldi. Forum ishida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov ishtirok etdi va nutq so‘zladi. Ushbu nutq matni quyida havola etilmoqda.
- Keyingi 10-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasi, shuningdek, Harakatlar strategiyasi, Taraqqiyot strategiyasi va “O‘zbekiston-2030” strategiyasi negizida mamlakatimizda sud-huquq tizimini huquqiy davlatni shakllantirishning muhim tarkibiy qismi sifatida chuqur isloh etish va erkinlashtirish bo‘yicha yangi konsepsiya izchillik bilan hayotga tatbiq etilmoqda. Shu qisqa davrda sud-huquq islohotlari sohasidagi islohotlarini amalga oshirishga qaratilgan 25 ta hujjat – Prezident farmon va qarorlari qabul qilingani ulkan ahamiyatga ega..
Jumladan, “Harakatlar strategiyasi” asosida 2017-2021-yillarda ko‘pgina muhim ishlar qilindi. Konstitutsiyaga va qator qonunlarga o‘zgartirishlar kiritildi. Sudyalarni tanlash tizimi tubdan o‘zgartirildi. Sudyalar oliy kengashi tashkil etildi, uning konstitutsiyaviy maqomi belgilab qo‘yildi.
2017-yil 6-aprelda Konstitutsiyaning 7 ta moddasiga kiritilgan tuzatishlarda quyidagi 3 ta ustuvor vazifa:
birinchidan, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kengaytirish;
ikkinchidan, odil sudlovga erishish darajasini, sud ish yurituvining samaradorligi va sifatini oshirish;
uchinchidan, nomzodlarni tanlash va sudyalar lavozimlariga tayinlash tizimini yanada takomillashtirish – sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishlari sifatida mustahkamlab qo‘yildi.
Mazkur konstitutsiyaviy o‘zgartirishlar sud tizimini boshqarishdagi bir-birini takrorlovchi funksiyalarni bartaraf etishga hamda yagona sud amaliyotini shakllantirishga xizmat qilishi bilan katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 111-moddasiga 2017-yil 6-aprelda tegishli o‘zgartish kiritilib, Sudyalar oliy kengashiga konstitutsiyaviy maqom berildi.
Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi lavozimida imzolagan ilk hujjati ham aynan sud-huquq tizimi islohotlariga qaratilgandi. Bu o‘rinda Prezidentimiz tomonidan 2016-yil 21-oktyabrda qabul qilingan “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon haqida so‘z bormoqda.
Farmonga muvofiq, “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi” tasdiqlandi. Ushbu hujjat mamlakatimizda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan islohotlar sud-huquq sohasini demokratlashtirish va erkinlashtirishni, sud hokimiyatining fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi roli va ahamiyatini oshirishni yangi sifat bosqichiga ko‘tardi.
Chunki, mazkur Farmonning qabul qilinishi sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish borasida quyidagi uchta asosiy ustuvor yo‘nalishni: sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash; fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish; odil sudlovga erishish darajasini oshirish yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Shu asosda Yangi O‘zbekistonda sud-huquq tizimini yanada isloh qilishni yangi bosqichga ko‘tarishga kirishildi.
Davlat rahbari 2017-yil 13-iyunda mamlakatimiz sudyalari bilan uchrashuvda ularning oldiga «Sudlarni adolat qo‘rg‘oniga aylantiraylik», degan talabni qo‘ydi.
Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzalarida buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy hazratlari: «Zulm qilma, insofli bo‘l, xalq uchun adl qasri, ya’ni adolat qo‘rg‘oni bunyod et», deb yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib ketganiga yana bir bor e’tibor qaratildi.
Chindan ham, bu misralar Prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan: «Sudyaning ongida – adolat, tilida – haqiqat, dilida – poklik bo‘lishi kerak», degan g‘oya bilan nihoyatda uyg‘un va hamohang.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-noyabrda qabul qilingan “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni dalillar maqbulligi masalasini aniqlashtirishda muhim qadam bo‘ldi.
Endilikda agar dalillar qonunga xilof usullar orqali yoki jinoyat protsessi ishtirokchilarining huquqlarini cheklash yo‘li bilan yoxud Jinoyat-protsessual kodeksning talablari buzilgan holda olingan bo‘lsa, ular dalil sifatida maqbul emas deb topiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2017-yil 22-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida ta’kidlaganidek, «Sudlarning asosiy vazifasi adolatni qaror toptirishdan iborat. Buning uchun sud har bir ish yuzasidan qonuniy, asosli va adolatli qaror chiqarishi lozim».
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-iyuldagi “Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi islohotlarning izchil hamda mantiqiy davomi bo‘ldi. Ushbu hujjat odil sudlovni amalga oshirish sifatini yaxshilash, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoyasi kafolatlarini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Farmon ijrosi doirasida avvalo sud hokimiyatining mustaqilligini mustahkamlash, odil sudlov sifatini oshirish va fuqarolarning huquqlarini ishonchli himoya qilishga katta e’tibor qaratildi. Ushbu Farmon bilan sudyalikka nomzodlarni tanlash tizimi tubdan isloh qilindi va sudyalarning vakolat muddatlari o‘zgartirildi.
Yangi O‘zbekiston sud tizimidagi shiddatli o‘zgarishlarni uchta mezon – tizimdagi avvalgi holat, hozirgi holat va erishilgan natija haqidagi ma’lumotlar negizida tahlil etish maqsadga muvofiq.
Birinchi muhim o‘zgarish: tub islohotlar boshlanishiga qadar mamlakatimizda bir-biridan mustaqil bo‘lgan – Oliy sud va Oliy xo‘jalik sudi faoliyat yuritib kelgan. 2017-yil 1-iyunda Oliy sud va Oliy xo‘jalik sudi yagona sud hokimiyati – O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga birlashtirildi. Natijada, avvalo, yagona sud amaliyoti ta’minlandi, qolaversa, bir-birini takrorlovchi funksiyalar muvofiqlashtirildi.
Ikkinchi muhim o‘zgarish: ilgari ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar fuqarolik va iqtisodiy sudlar tomonidan hal qilingan. Endilikda davlat organlari va mansabdor shaxslarning qarorlari ustidan keltirilgan shikoyatlarni ko‘radigan maxsus – ma’muriy sudlar tashkil etildi.
Buning natijasida, birinchidan, jismoniy va yuridik shaxslar huquqlarining sud orqali himoya qilinishi yanada kengaytirildi. Ikkinchidan, yagona ma’muriy sud amaliyoti shakllantirildi. Uchinchidan, Oliy sud Plenumi qarorlari to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, muvofiqlashtirildi.
Uchinchi muhim o‘zgarish: yaqin vaqtlargacha investitsiyaviy nizolar fuqarolik va iqtisodiy sudlar tomonidan barcha sud bosqichlarida hal qilingan. 2021-yil 1-yanvarda Oliy sudda investitsiyaviy nizolar va raqobatga oid maxsus sudlov tarkibi tashkil etildi. Ushbu sudlov tarkibi investorlar huquqlarini himoya qilish bilan bevosita shug‘ullanmoqda.
Bu o‘rinda 2018-yilda “E-XSUD” yagona markazlashtirilgan axborot tizimi joriy etilganini alohida qayd etish zarur.
2018-yil dekabridan sud qarorlari Internet tarmog‘ida e’lon qilinmoqda.
2019-yil yanvaridan Oliy sudning Interaktiv xizmatlar portali ishga tushdi.
2019-yil mayidan “Elektron to‘lov tizimi” joriy etildi. U sud xarajatlarini onlayn to‘lash imkonini bermoqda.
O‘z navbatida, 2021-yil oktyabridan sud xabarnomalarini elektron taqdim etishga o‘tilgani munosabati bilan sud majlisi sanasi va vaqti haqidagi sud chaqiruv qog‘ozlarini onlayn tarzda olish mumkin bo‘lmoqda.
Ijro varaqalarini elektron shaklda ijroga yuborish tartibi tatbiq etildi. Bu esa mehnat sarfini 9 barobargacha qisqartirish imkonini bermoqda.
Ishlarni sudyalar o‘rtasida avtomatik tarzda taqsimlash moduli ishga tushirildi. Bu, o‘z navbatida, ishlarni xolislik, adolat va tenglik tamoyillari asosida inson omilisiz taqsimlashga keng yo‘l ochdi.
Sudlarda ishlarni elektron ko‘rinishda shakllantirishga o‘tildi. Natijada ayni sohadagi mehnat sarfi 5 barobargacha qisqartirildi.
Da’vo arizasi va ariza namunalarining elektron shakllari o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillarida Oliy sud portaliga joylandi. Natijada advokatlik xizmatlari uchun sarflanadigan mablag‘lar tejalmoqda.
2020-yil oktyabrida sudlar faoliyatiga mobil videokonferensaloqa tizimi joriy etildi.
Sud va ichki ishlar idoralari o‘rtasida elektron hamkorlik o‘rnatildi. Bunday hamkorlik tufayli ma’muriy ishlarning onlayn tarzda markazlashgan holda nazorat qilinishi ta’minlanmoqda.
2020-yil oktyabrida mahbuslarni sud majlislarida masofadan turib ishtirokini ta’minlashga o‘tildi.
2021-yil sentyabridan profilaktika inspektorlarining masofadan turib sudda ishtirok etishi yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-iyulda qabul qilingan “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni sud instansiyalarining kamayishi va nazoratning to‘liq bekor qilinishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Farmon ijrosi doirasida bir qator muhim natijalarga erishildi.
Birinchi natija: sud himoyasini ta’minlashdagi ortiqcha byurokratik to‘siqlar olib tashlanib, sud qarorlarini qayta ko‘rishning bir-birini takrorlovchi bosqichlari 3 tagacha kamaytirildi.
Ikkinchi natija: sud ishlarini nazorat tartibida ko‘rish instituti to‘liq tugatildi.
Uchinchi natija: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori va ular o‘rinbosarlarining sudning hal qiluv qarorlari, hukmlari, ajrimlari hamda qarorlari ustidan nazorat tartibida protest kiritish huquqi bekor qilindi.
“Bir sud – bir instansiya” tamoyilining joriy etilishi natijasida fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasi oshmoqda. Ilgari sudlarda quyidagi 7 ta bosqichda: Birinchi instansiya (tuman, shahar); Apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi (viloyat); Viloyat sudi Rayosati; Oliy sud sudlov hay’ati; Oliy sud nazorat instansiyasi; Oliy sud Rayosati; Oliy sud Plenumi bosqichlarida ishlar ko‘rilgan.
Shu negizda odil sudlovga oid xalqaro standartlarga mos ravishda uch bosqichli sud tizimi yaratildi. Ya’ni, birinchi instansiya, apellyatsiya instansiyasi – viloyat darajasidagi sudlar va kassatsiya instansiyasi – Oliy suddan iborat bo‘lgan “Bir sud – bir instansiya” tamoyili joriy qilindi.
Prezidentimizning 2020-yil 24-iyuldagi Farmonida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida:
birinchidan, sudlarning faoliyati yuzasidan turli brifing, matbuot anjumani va uchrashuvlar o‘tkazish;
ikkinchidan, jamoatchilik e’tiboriga tushgan ishlar sudlarda ko‘rilishida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokini ta’minlash;
uchinchidan, sud tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, sud faoliyatiga daxldor axborotlar, voqeliklar, turli ma’lumotlarni onlayn rejimda joylashtirish;
to‘rtinchidan, telegram-bot kanallar ochib, unda aholiga sud faoliyati bilan bog‘liq masalalar yuzasidan tushuntirishlar berish orqali aholining sudlarga murojaat qilish imkoniyatlari kengaytirildi.
Ayni yo‘nalishda Oliy sud Plenumining “Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi Harakatlar strategiyasining uzviy davomi bo‘ldi. Unda bugungi global o‘zgarishlar, aholi turmush tarzi, hayot talabi va qadriyatlarimizdan kelib chiqqan holda yettita ustuvor yo‘nalishdagi maqsad va vazifalar belgilab berildi.
Taraqqiyot strategiyasi 100 ta ustuvor maqsadni o‘zida mujassam etgan bo‘lsa, shundan sud islohotlari bilan bog‘liq bandlar bevosita ikkinchi yo‘nalish doirasida belgilandi. Xususan, “Davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini o‘rnatish hamda fuqaro va tadbirkorlik subyektlarining odil sudlovga erishish darajasini oshirish” nomli 15-maqsadga erishish uchun bir qator vazifalar izchillik bilan amalga oshirildi.
Prezidentimiz tomonidan 2023-yil 21-dekabrda “Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi. Ushbu qaror asosida 2024-yil 1-fevral oyida oilaviy nizolarni ko‘rish bo‘yicha ixtisoslashtirgan “Oila sudyalari” tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-avgustdagi “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan sud tizimiga sun’iy intellekt (SI) texnologiyalarini joriy etish, texnik infratuzilmani yangilash hamda odil sudlov sifatini oshirish belgilandi.
Bunda sun’iy intellekt yordamida sud muhokamasining taxminiy natijasi va xarajatlarini oldindan hisoblash, hujjatlarni avtomatik tahlil qilish va majlislarni raqamlashtirish orqali inson omilini kamaytirish ko‘zda tutilgan.
Prezidentimizning 2025-yil 21-avgustdagi “Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan sud tizimi uchun yuqori malakali huquqshunos kadrlar tayyorlash tizimini xalqaro standartlar asosida yanada takomillashtirish, ta’lim, ilm-fan va amaliyot uzviyligini ta’minlash orqali professional sudyalar korpusini shakllantirishga oid ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Farmon asosida, ayniqsa, Sudyalar oliy kengashi, Oliy sud, Adliya vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi negizida O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasini tashkil etish haqidagi taklifi ma’qullangani alohida diqqatga sazovor.
Akademiya bugungi kunda “ustoz-shogird” an’anasi asosida ta’lim berib, bo‘lajak sudyalarni nazariya va amaliyot uyg‘unligida tayyorlamoqda. Sudyalikka nomzodlar olti oylik kasbiy tayyorgarlik kurslarida davlat granti asosida o‘qitilmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan sud sohasini raqamlashtirish asosida “Raqamli sud” konsepsiyasi ishlab chiqildi. U fuqarolar va tadbirkorlarga “kontaktsiz sud” orqali adolatli va qulay xizmat ko‘rsatishni ko‘zlaydi.
Shuningdek, sudlarning ish yuklamasini kamaytirish maqsadida mayda qarzdorliklar, kommunal to‘lovlar kabi nizosiz ishlar notariuslar vakolatiga o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu sudlar e’tiborini murakkab nizolarni hal etishga qaratishga imkon beradi. Ma’muriy va iqtisodiy ishlarda eksterritorial sudlov tizimi joriy etilib, fuqarolarga istagan hudud sudiga murojaat qilish imkoni yaratilmoqda.
Sudyalar oliy kengashi faoliyati ham takomillashtirildi. Ya’ni, sudyalarni muddatsiz tayinlash, tanlov jarayoniga sudyalar hamjamiyatini jalb etish, xolislik va mustaqillikni ta’minlash choralari kuchaytirildi.
Yana bir muhim qadam: Prezidentimiz 2025-yil 18-dekabrda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Ushbu hujjatning qabul qilinishidan maqsad mamlakatimizda konstitutsiyaviy nazorat samaradorligini yangi bosqichga olib chiqish, Konstitutsiyaviy sud faoliyatini bosqichma-bosqich raqamlashtirish, konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish kafolatlarini kuchaytirish hamda Konstitutsiyaviy sudning qonun ustuvorligini ta’minlashdagi rolini yanada oshirishdir.
Akmal SAIDOV,
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi direktori, akademik
Ўзбекча
English
Русский