Oshkoralik va so‘z erkinligi – davr talabi

3-may – Jahon matbuot erkinligi kuni

 

BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1993-yilda 3-may – Jahon matbuot erkinligi kuni deb e’lon qilingani bejiz emas. Chunki 1991-yil 3-may kuni Namibiyada Mustaqil va plyuralistik Afrika matbuotini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi Vindxuk deklaratsiyasi qabul qilingan bo‘lib, mazkur Deklaratsiyada bayon etilgan matbuot erkinligini ta’minlashga doir talablar shu xalqaro sananing ta’sis etilishiga turtki bo‘lgan.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – axborot erkinligi tamoyillarini ilgari surish, dunyoning barcha mintaqalarida axborot olish va tarqatish erkinligi holatiga baho berish, jurnalistlar erkinligi va mustaqilligiga tajovuzlarning oldini olish, kasbiy burchini bajarayotganda halok bo‘lgan jurnalistlarni yod etish, ularning oilalarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Zero, bu kun har bir inson, matbuotdan, ommaviy axborot vositalaridan faqat ishonchli ma’lumot olish huquqiga ega ekanligini yodga soladi.

Bayramning asosiy vazifasi — kamsitish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamaydigan va targ‘ib qilmaydigan, OAV axboroti bilan tanishib boradigan insonlarda adovat va tajovuzkorlik hissini uyg‘otmaydigan erkin nashrlar haqidagi tushunchani rivojlantirishdir. Har yili 3-may kuni har bir inson so‘z va matbuot erkinligi o‘zi uchun nimani anglatishini hamda bu erkinlikning umuman muhim yoki muhim emasligini o‘ylab ko‘rishi uchun qulay imkoniyat sanaladi.

Har yili 3-may kuni YUNESKO erkin matbuot rivojiga eng katta hissa qo‘shgan shaxslarga mukofot taqdim etadi. Ushbu faxriy mukofot jurnalistlarga ham, ularning muxlislariga ham topshirilishi mumkin. Binobarin, 3-may – matbuot taqdiriga befarq bo‘lmagan, faqat ishonchli ma’lumotlarni olishni xohlaydigan va jamoatchilikka haqiqatni yetkazadigan odamlar mehnatini qadrlaydigan barchaning bayramidir.

Matbuot erkinligi – demokratiya va adolatning tamal toshi. Ammo, hozirgi kunda butun dunyoda matbuot erkinligi turli tajovuzlarga duchor bo‘lmoqda. Yolg‘on axborot (dezinformatsiya) va nafrat tili ta’sirida dalillar va uydirmalar, ilm-fan va fitna (konspirologiya) nazariyalari o‘rtasidagi chegaralar yo‘qolib bormoqda. Shuningdek, jurnalistlar po‘pisa, ta’qib va zo‘ravonliklarga uchramoqda.

Shu nuqtayi nazardan, YUNESKO tomonidan dunyoning o‘nlab mamlakatlarida jurnalistlarni huquqiy himoya qilish bo‘yicha treninglar o‘tkazilayotgani juda muhim. Bu borada bir qancha xalqaro tashkilotlar, jumladan, Xalqaro prokurorlar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.

Shunga qaramay, bu galgi xalqaro sana bir qadar tashvish va xavotirlar bilan kutib olinmoqda, nazarimizda. Zero, «Chegara bilmas muxbirlar» (RSF) xalqaro tashkiloti e’lon qilgan yangi hisobotga ko‘ra, dunyoda matbuot erkinligi surunkali ravishda yomonlashib bormoqda va bu tendensiya xalqaro hamjamiyat uchun jiddiy xavf sifatida baholanmoqda.

RSF hisobotiga qaraganda, joriy yilda dunyoda matbuot erkinligi so‘nggi 25-yildagi eng yomon holatga tushgan. Indeks mualliflari ma’lum qilishicha, mamlakatlarning o‘rtacha reytingi tarixiy minimumga yaqinlashgan.

Hisobotda ta’kidlanishicha, dunyo mamlakatlarining 52,2 foizida vaziyat «murakkab» yoki «juda murakkab» deb baholangan. Tashkilot jurnalistlarga nisbatan jinoiy ta’qiblar, milliy xavfsizlik qonunlarining suiiste’mol qilinishi, sud orqali bosim o‘tkazish va jurnalistik tekshiruvlarga to‘siqlar kuchayib borayotganini qayd etgan.

Hisobotga ko‘ra, jurnalistlar uchun eng xavfli hududlar sifatida Sharqiy Yevropa va Yaqin Sharq ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, G‘azo sektorida 2023-yil oktyabridan beri 220 dan ortiq jurnalist halok bo‘lgani qayd etilgan. Ulardan kamida 70 nafari o‘z kasbiy faoliyatini bajarayotgan paytda o‘ldirilgani aytilmoqda.

Hisobotda huquqiy muhitning yomonlashgani alohida qayd etilgan. Bu ko‘rsatkich 60 foizdan ortiq mamlakatda pasaygan. Jumladan, O‘zbekistondagi matbuot erkinligi bilan bog‘liq vaziyatga 100 balldan 35,24 ball berilgan bo‘lib, bu – o‘tgan yilgidan biroz kamroq ko‘rsatkich. Ayni chog‘da, O‘zbekiston yangi reytingda o‘rnini bir pog‘onaga yaxshilagan va 147-o‘rinni egallagan.

Boshqacha aytganda, mazkur reytingda AQSH 64-o‘ringa tushib, so‘nggi yilda 7 pozitsiyaga pasaygan va Rossiyaning bu boradagi ko‘rsatkichlari so‘nggi bir yilda yana pasayib, 172-o‘ringa tushgan bir sharoitda O‘zbekiston bir pog‘onaga ko‘tarilgani umidbaxsh istiqbollardan dalolat beradi. Bunday umidbaxshlikning zamirida qanday omillar mujassam, degan savol tug‘ilishi mumkin.

Birinchidan. dunyoda, shu jumladan, O‘zbekistonda matbuot erkinligi holati bilan bog‘liq yuqoridagi kabi tanqidiy-tahliliy ma’lumotlar mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarida ochiq e’lon qilinmoqda va jamoatchilik tomonidan emin-erkin muhokama etilmoqda (qarang: https://xabar.uz/xorij/dunyoda-matbuot-erkinligi-eng-past-darajaga-tushdi-ozbekiston; yana qarang:  https://kun.uz/kr/news/2026/04/30/matbuot-erkinligi-indeksi-ozbekistondagi-vaziyat-juda-jiddiyligicha-qolmoqda ).

Ikkinchidan. Mamlakatimiz hayotining barcha sohalari qatori matbuot erkinligini ta’minlash borasida ham izchil va qamrovdor islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda Jahon matbuot erkinligi kunini belgilashga asos bo‘lgan Vindxuk deklaratsiyasi qoidalariga ham tayanilayotgani tabiiydir.

Vindxuk deklaratsiyasining 1-bandida qayd etilishicha, “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 19-moddasiga muvofiq mustaqil, plyuralistik va erkin matbuotni ta’sis etish, qo‘llab-quvvatlash va kuchaytirish millat demokratiyasini va iqtisodiy taraqqiyotini rivojlantirish hamda rag‘batlantirishda alohida ahamiyat kasb etadi”.

Bizning bu boradagi yondashuvimiz ham aynan shunday. Ya’ni, so‘z va matbuot erkinligi – Yangi O‘zbekiston siyosatining ustuvor yo‘nalishidir. Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Achchiq va tanqidiy materiallar joylardagi ko‘plab amaldorlarga yoqmasligi, ularning tinchini va halovatini buzayotgani ham bor gap. Lekin oshkoralik va so‘z erkinligi bu – davr talabi, bu – O‘zbekistondagi islohotlarning talabi.

Uchinchidan. Vindxuk deklaratsiyasining 2-bandiga ko‘ra: “Mustaqil matbuot, deganda biz davlatdan, siyosiy va iqtisodiy nazoratdan, gazetalar, jurnallar va davriy nashrlar ishlab chiqarish va tarqatish uchun zarur materiallar hamda infratuzilmalar ustidan nazorat o‘rnatilishidan mustaqil bo‘lgan matbuotni tushunamiz”.

Bu haqda so‘z borganda, avvalambor, Vindxuk deklaratsiyasida tilga olingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida to‘la o‘z aksini topganini ta’kidlash lozim. Keyingi davrda mamlakatimizda so‘z erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarini har tomonlama rivojlantirish, jurnalist va blogerlarning erkin faoliyat yuritishi uchun huquqiy asoslar yanada kuchaytirildi.

Xususan, xalqimiz 2023-yil 30-aprel kuni referendumda ovoz bergan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada uchta yo‘nalishda: birinchidan,  axborotni izlash, olish va tarqatish erkinligini kengaytirish; ikkinchidan, ommaviy axborot vositalari erkinligini yanada mustahkamlash; uchinchidan, ommaviy axborot vositalariga fuqarolik jamiyatining asosiy institutlaridan biri sifatida konstitutsiyaviy maqom taqdim etilishi timsolida so‘z erkinligi har tomonlama kafolatlandi.

Endilikda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 33-moddasiga muvofiq:

“Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega.

Har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega.

Davlat Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratadi.

Axborotni izlash, olish va tarqatishga bo‘lgan huquqni  cheklashga faqat qonunga muvofiq hamda faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash, shuningdek  davlat sirlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir oshkor  etilishining oldini olish maqsadida zarur bo‘lgan doirada yo‘l qo‘yiladi”.

E’tibor bering: yangi normalar bilan har bir shaxsning Internet jahon axborot tarmog‘iga kirish va undan erkin foydalanish huquqi e’tirof etildi. Mazkur huquqning ta’minlanishi uchun bevosita davlatning o‘zi shart-sharoitlar yaratishi aniq belgilandi.

Binobarin, Internet nafaqat aloqa vositasi, balki virtual muhitga ham aylanib borayotgan, ko‘plab tushuncha va xizmatlar “real” zamindan jadal tarzda “virtual” hayotga ko‘chayotgan bugungi davr ayni shunday ilg‘or yondashuvni taqozo etmoqda. Hozirgi kunda Internetni taqiqlash va cheklash nafaqat noto‘g‘ri, balki mantiqsiz ham ekanini isbotlab o‘tirishga hojat qolmadi.

Nega deganda, bugun odamlar ishini, o‘qishini, hobbilarini, turli tovar va xizmatlar logistikasini, qolaversa, davlat xizmatlarini ham Internetga ko‘chiryapti. Bu, o‘z navbatida, Konstitutsiya va qonunlarni zamonga hamnafas tarzda o‘zgartirishni talab qilmoqda.

Internetdan erkin foydalanish huquqi insonning so‘z erkinligi huquqi doirasiga kiradi. Ushbu huquq, davlat chegaralaridan qat’i nazar, turli axborot va g‘oyalarni qidirish, olish va tarqatish erkinligini o‘zida qamraydi.

Shunday ekan, axborotni, jumladan Internet orqali izlash, olish va tarqatish erkinligini istifoda etuvchi insonlar zimmasiga huquqlar bilan bir qatorda majburiyat va mas’uliyat ham yuklanib, qonunga muvofiq ravishda ayrim cheklovlar o‘rnatilishi tabiiy holdir. Shu ma’noda, Asosiy Qonunimiz 33-moddasining oxirgi bandidagi normalar barchamizni ijtimoiy mas’uliyatni anglashga, oqni qoradan, haqiqatni uydirmadan, dalilni bo‘htondan ajratishga da’vat etadi.

Haqiqatan ham, biz yashayotgan I asrda insonning fikr va so‘z erkinligi, har qanday axborotni izlash, olish va tarqatish singari huquqlari qanday amalga oshirilishi uning axborot resurslari, kommunikatsiya texnologiyalari, xususan, Internetdan qanchalik erkin foydalanishiga bevosita bog‘liq.

Shu nuqtayi nazardan, bugungi “raqamlashtirish” zamonida demokratik huquqiy davlat va adolatli ochiq fuqarolik jamiyati barpo etayotgan aksariyat davlatlar qatori O‘zbekiston ham o‘z Konstitutsiyasida fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligiga oid yangi normalarni  mustahkamlagani, bir tomondan, fuqarolarimizning bu boradagi huquqlari va erkinliklari amalga oshishiga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, har bir insonning himoyasi va xavfsizligini ta’minlash uchun muhim ahamiyatga ega.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 69-moddasi birinchi qismida fuqarolik jamiyati institutlarining tushunchasi va tizimi quyidagi norma bilan ochib berilgan:

“Fuqarolik  jamiyati  institutlari,  shu  jumladan  jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini  o‘zi  boshqarish  organlari,  ommaviy  axborot  vositalari  fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etadi”.

Boshqacha aytganda, ommaviy axborot vositalariga fuqarolik jamiyatining asosiy institutlaridan biri sifatida konstitutsiyaviy maqom berildi. Shu orqali so‘z erkinligi konstitutsiyaviy asosda yana bir bor kafolatlanmoqda.

Bu haqda fikr yuritganda, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarining jamoatchilik nazoratini amalga oshirish borasidagi o‘rni va ahamiyatini qonunchilik negizida kuchaytirishga izchil e’tibor qaratilayotganini ta’kidlash lozim. Chunki, Prezidentimiz qayd etganidek, ommaviy axborot vositalari aholining talab va ehtiyojlarini hokimiyat idoralariga yetkazishning muhim va ta’sirchan vositasiga, xalqning eng yaqin ko‘makchisi va hamdardiga, demokratiya ko‘zgusiga aylanishi zarur.

Eng muhimi, endilikda Konstitutsiyada ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyati instituti maqomida e’tirof etildi. Bu ilg‘or konstitutsiyaviy-huquqiy asos, bir tarafdan, jamoatchilik nazoratining yanada haqqoniy, xolis va adolatli tashkil etilishiga munosib hissa qo‘shsa, boshqa tarafdan, jamoatchilik nazorati asnosida aniqlanadigan qonunbuzarliklar va kamchiliklarga taalluqli ma’lumotlarning asossiz ravishda panada olib qolinishi yoki xaspo‘shlanishiga yo‘l qo‘ymaydi, ya’ni oshkorlik tom ma’noda ta’minlanadi.

Konstitutsiyamizga ilk marotaba fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlangan alohida bob kiritilgani va ular faoliyati kafolatlarining belgilangani jamiyatda ochiqlik, oshkoralik va qonuniylik muhitini, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash hamda kuchli jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish uchun mustahkam zamin hozirlaydi. Bu tom ma’noda juda muhim yangiliklardandir.

Shu tariqa yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlari yanada faol bo‘lishi uchun keng imkoniyat va kuchli himoya taqdim etildi. Ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligi, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari qat’iy kafolatlandi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilandi.

Konstitutsiyaning “Ommaviy axborot vositalari” deb nomlangan XV bobidagi ikkita moddada ommaviy axborot vositalari faoliyati erkinligi davlat tomonidan kafolatlangan. Xususan, 81-moddaga ko‘ra:

 “Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq  ish olib boradilar.

Davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining  erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish  va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi.

Ommaviy axborot vositalari o‘zi taqdim etadigan  axborotning ishonchliligi uchun javobgardir”.

Ayni shu konstitutsiyaviy normalardan ko‘zlangan maqsad ommaviy axborot vositalari uchun eng qulay shart-sharoitlar yaratishga, davlat va jamiyat o‘rtasida amaliy muloqotni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan konstitutsiyaviy asoslarni shakllantirishdir. O‘z navbatida, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 82-moddasida ushbu normalar mustahkamlangan:

“Senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ommaviy  axborot  vositalarining  faoliyatiga  to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi”.

Senzuraning taqiqlanishiga oid norma Konstitutsiyada oldin ham bor edi. Ayni chog‘da, keyingi norma muhim yangilik bo‘lib,  ommaviy  axborot  vositalarining samarali faoliyat yuritishi uchun ta’sirchan huquqiy asos vazifasini o‘tashi tayin.

Matbuotda bu borada o‘z munosabatlarini bildirgan bir qator hamkasblarimiz ta’biri bilan aytganda, bu normalar ommaviy  axborot  vositalari va jurnalistlarning emin-erkin, turli ma’muriy bosimlardan qo‘rqmasdan faoliyat yuritishini ta’minlaydi hamda jamiyatda ochiqlik va oshkoralik muhitining rivojlanishiga sharoit yaratadi.

To‘rtinchidan. Vindxuk deklaratsiyasining 4-bandida “mustaqil hamda plyuralistik matbuot paydo bo‘lishi uchun tegishli muhit” yaratish bilan bog‘liq o‘zgarishlar e’tirof etilgan. Vindxuk deklaratsiyasining ayni tamoyillari mamlakatimizda izchillik bilan amalga oshirilayotgan «O‘zbekiston-2030» strategiyasida ham o‘z aksini topgan.

Xususan, O‘zbekiston Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish» yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va «O‘zbekiston-2030» strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni  bilan tasdiqlangan bu yilgi Davlat dasturi doirasida «O‘zbekiston-2030» strategiyasining 83-maqsadida ko‘zda tutilgan erkin fuqarolik jamiyatini va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish, O‘zbekistonni fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha habga aylantirish bilan bog‘liq ishlar qat’iy davom ettirilmoqda.

Beshinchidan. Jahon matbuot erkinligi kuni mohiyatiga singdirilgan matbuot erkinligi, axborotni moneliklarsiz tarqatish huquqi, ommaviy axborot vositalari mustaqilligiga sun’iy intellektning ta’siri va axborotdan foydalanishni ta’minlash hamda bu boradagi asosiy erkinliklarni himoya qilishga oid  ustuvor vazifalar BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarida ham (16-maqsad, 10-band) belgilab berilgani ma’lum.

O‘z navbatida, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 83-son qarori bilan “2030-yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalar” hamda  “2022 — 2026-yillarda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarga samarali erishish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi” tasdiqlandi. Shu asosda mamlakatimizda fuqarolarning axborotga bo‘lgan huquqini amalga oshirishlari uchun davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining axborot oshkoraligini kuchaytirish hamda fuqarolarning asosiy erkinliklari himoyasini ta’minlash choralari muntazam ko‘rib borilmoqda.

Oltinchidan. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yaqinda bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida kiritilgan — “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi, qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Qonun loyihasi bilan telekommunikatsiya tarmoqlari yoki Internet jahon axborot tarmog‘i orqali uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolar osoyishtaligini buzuvchi xatti-harakatlarni sodir etish, harbiy harakatlarda ishtirok etishni targ‘ib qiluvchi materiallarni tarqatish, shaxsning o‘zi sodir etgan huquqbuzarligini ommaviy axborot vositalari va Internet tarmoqlarida tarqatish, shuningdek, ijro harakatlari davomida xatlangan mulk bilan bog‘liq qonunga xilof harakatlar uchun ma’muriy javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.

Bu orqali axborot makonida huquqiy madaniyatni yuksaltirish, fuqarolar osoyishtaligini ta’minlash, huquqbuzarliklarni targ‘ib qilish holatlarining oldini olish, shuningdek, mazkur turdagi huquqbuzarliklar bo‘yicha javobgarlikda mavjud huquqiy bo‘shliqni bartaraf etish ko‘zda tutilmoqda. Sodda qilib aytganda, Internet tarmog‘ida axborotning erkin tarqatilishi qonuniy me’yorlarga solinmoqdaki, o‘z navbatida, ushbu normalar matbuot erkinligiga noqonuniy to‘siq qo‘yish holatlarining ham oldini olishga xizmat qiladi.

Yettinchidan. Global axborot makonidagi o‘zgarishlar, ijtimoiy tarmoqlar va sun’iy intellektning rivojlanishi hamda feyk xabarlar oqimi media sohasi vakillaridan yangi yondashuvlarni talab qilmoqda. Shu maqsadda mart oyidan e’tiboran barcha viloyatlarda bosqichma-bosqich o‘tkazishga kirishilgan “Media haftalik” loyihasi mamlakat bo‘ylab 12,5 mingga yaqin ishtirokchini qamrab oladi.

Mamlakatimiz axborot makonida yilning eng yirik ta’limiy-amaliy voqeligi sifatida e’tirof etilayotgan ayni Loyiha doirasida 30-martdan – 26-iyungacha barcha hududlarda 5 kunlik intensiv o‘quv-seminarlar va mahorat darslari o‘tkaziladi. Dastur nazariya va amaliyotni birlashtirib, ishtirokchilarga real tajriba orttirish imkonini beradi.

Mashg‘ulotlar davomida kontent yaratish, faktcheking, raqamli gigiyena, SMM va strategik kommunikatsiyalar bo‘yicha treninglar tashkil etilmoqda. Yetakchi media ekspertlar, muharrirlar va prodyuserlar o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashmoqda. Darslar telejurnalistlar, bosma nashrlar vakillari, blogerlar va davlat idoralari matbuot kotiblari uchun alohida yo‘nalishlarda o‘tkazilmoqda.

Muxtasar aytganda, Yangi O‘zbekistonda oshkoralik va so‘z erkinligi – davr talabidir. Binobarin, Vindxuk deklaratsiyasining 5-bandida qayd etilganidek, “Demokratiyaga va axborot hamda fikrni ifodalash erkinligiga dunyo miqyosida intilish insoniyat orzu-niyatlarining ijobati yo‘lida muhim ulush hisoblanadi”.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech