Reklamada sun’iy intellektdan foydalanish dezinformatsiya kuchayishiga turtki beradi
Dunyoda reklamaga sarflanadigan yillik xarajatlar bir trillion dollardan oshadi. BMT yirik kompaniyalar sun’iy intellekt kelajagini shakllantirishda muhim rol o‘ynashi, xalqaro hamjamiyatning harakatsizligi esa global “dezinformatsiya inqirozi”ni yanada chuqurlashtirishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Global kommunikatsiyalar departamenti va “Conscious Advertising Network” tarmog‘i tomonidan ushbu mavzuga bag‘ishlab tayyorlangan yangi tahliliy ma’lumotnomada aytilishicha, reklamada sun’iy intellektning nazoratsiz joriy etilishi butun raqamli axborot muhiti uchun muammolarni keltirib chiqaradi. BMT yangiliklar saytida 2026-yil 29-aprel kuni e’lon qilingan axborotda shu haqda so‘z boradi (qarang: https://news.un.org/ru/story/2026/04/1467809 ).
Reklama sanoati internetdagi axborot oqimlarining markazida turadi, uning byudjetni taqsimlash bo‘yicha qarorlari esa qanday kontent yaratilishi, ilgari surilishi va monetizatsiya qilinishiga ta’sir ko‘rsatadi. Reklama xaridi va kontent yaratish jarayonlariga sun’iy intellekt vositalarining tatbiq etilishi bilan bu dinamika faqat kuchayib bormoqda.
BMTning axborot yaxlitligi masalalari bo‘yicha katta maslahatchisi Sharlotta Skeddan qayd etishicha, “Reklama odamlar nimalarni ko‘rishi va nimaga ishonishini shakllantirishga yordam beradigan tizimlarni moliyalashtiradi”. Ayni chog‘da, “Tezkor choralar va himoya mexanizmlarisiz sun’iy intellekt axborot ekotizimi yaxlitligining parchalanishini tezlashtirishi mumkin. Reklama beruvchilarda bu vaziyatni o‘zgartirish imkoniyati bor”, – deya qo‘shimcha qildi u.
Ma’lumotnomada raqamli muhitdagi bir qator muammolar alohida ta’kidlangan. Xususan:
birinchi muammo – dezinformatsiya va nafratga undash. Gap shundaki, sun’iy intellekt dezinformatsiya va nafratga undovchi chaqiriqlar tarqalishini tezlashtirmoqda, reklama daromadlari esa sifati yoki ishonchliligidan qat’i nazar, onlayn materiallarga homiylik qilishda davom etmoqda;
ikkinchi muammo – shaffoflikning yo‘qligi. Sun’iy intellektga asoslangan reklama tizimlari faoliyatining shaffof emasligi firibgarlik va samarasizlik uchun parda bo‘lib xizmat qilishi mumkin;
uchinchi muammo – jurnalistikaga tahdid. Sun’iy intellekt yordamida yaratilgan kontentning ortib borishi mustaqil jurnalistikaning yashovchanligiga xavf solmoqda. Raqamli muhitga ishonchning pasayishi esa allaqachon reklama kampaniyalari samaradorligiga putur yetkazmoqda.
Ma’lumotnoma mualliflari bular nafaqat ijtimoiy muammolar, balki biznes uchun tavakkalchiliklar ham ekanini ta’kidlaydilar. Auditoriya reklama joylashtiriladigan platformalarga ishonchni yo‘qotsa, saytga kiruvchilar soni kamayadi va sarmoyalar o‘zini oqlamaydi.
Ayni chog‘da, mas’uliyatli reklamani targ‘ib qiluvchi global koalitsiya – “Conscious Advertising Network” vakili Harriet Kingabining fikricha, “Brendlar sun’iy intellektni tezda joriy etishga majbur, ammo to‘siqlar bo‘lmasa, bunday yechimlar ularning marketing strategiyalari tayanadigan muhitning o‘ziga putur yetkazishi mumkin”. H. Kingabi, shuningdek, “Gap innovatsiyalarga to‘sqinlik qilish haqida emas, balki ularning ham biznes, ham jamiyat manfaatlari yo‘lida ishlashini ta’minlash haqida ketmoqda”, – deydi.
Shu munosabat bilan BMT ekspertlari sun’iy intellekt va reklamani boshqarish borasida yangicha yondashuvlar muhimligiga e’tiborni qaratdi. Bunda siyosatchilarni:
birinchidan, sun’iy intellekt va reklamani boshqarish mexanizmlarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga;
ikkinchidan, reklama faoliyati shaffofligini oshirish uchun sanoat va fuqarolik jamiyati bilan hamkorlik qilishga chaqirish juda muhim.
Bundan tashqari, reklama beruvchilarga:
-
sun’iy intellekt yetkazib berish zanjirlarida ko‘proq shaffoflikka erishish;
-
sifatli ommaviy axborot vositalariga ustunlik berish;
-
onlayn platformalarni foydalanuvchilar va iste’molchilarni himoya qilishning yanada ishonchli choralarini yaratishga undash uchun moliyaviy dastaklardan foydalanish tavsiya etilmoqda.
Muxtasar aytganda, BMT ma’lumotnomasida keltirilgan dalillar shuni ko‘rsatadiki, reklama xarid qilishda shaffoflikning oshirilishi samaradorlik ko‘rsatkichlarining ikki xonali raqam bilan o‘sishini ta’minlashi ehtimoldan xoli emas. Bu, o‘z navbatida, mas’uliyatli ish usullari muvaffaqiyatli biznes manfaatlariga mos kelishi mumkinligini tasdiqlaydi.
G‘ulom MIRZO
Ўзбекча
English
Русский