“Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!”

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2026-yil 1-aprelda qabul qilgan “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35-yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaror bilan xuddi shu bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan g‘oyaviy-badiiy konsepsiya va dastur tasdiqlandi.

Qarorda ta’kidlanganidek, “Mamlakatimizning milliy suvereniteti va davlat mustaqilligi g‘oyalarining siyosiy-huquqiy kafolatlarini o‘zida mujassam etgan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi asosidagi taraqqiyot yo‘limiz inson qadr-qimmatini yuksaltirish, ko‘p millatli jamiyatimizda do‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, milliy urf-odat va an’analarni asrab-avaylash, yurtimizda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, uning mudofaa qobiliyatini kuchaytirish, mintaqada yaxshi qo‘shnichilikni rivojlantirish hamda Vatanimizning xalqaro obro‘-e’tiborini oshirishda mustahkam tayanch bo‘lib kelmoqda”.

Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35-yilligini milliy istiqlolimizning davlatchiligimiz tarixi, hozirgi va kelajak hayotimiz uchun beqiyos ahamiyatini hisobga olgan holda, Yangi O‘zbekistonning bugungi ulkan salohiyati va jahon maydonidagi nufuziga muvofiq yuksak darajada, munosib nishonlash bosh maqsad etib belgilandi.

Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-avgustga qadar har bir sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning natijalari va erishilgan yutuqlarga bag‘ishlangan “Mustaqillik zafarnomasi” maxsus kitob-albomi tayyorlanadi.

2026-yil aprel oyidan ijtimoiy tarmoqlarda #Mustaqillik35, #Uzb35 xeshteglari ostida targ‘ibot aksiyalari boshlanadi.

2026-yil aprel oyidan “35-yillik Istiqlol yilnomasi” ruknida mustaqilligimizning tarixiy bosqichlari, erishilgan yutuqlar va bunyodkorlik ishlarini yorituvchi turkum hujjatli filmlar, ko‘rsatuvlar tayyorlash va telekanallarda namoyish etilishi ta’minlanadi.

2026-yil avgust–sentyabr oylarida xorijdagi vatandoshlar va o‘zbek diasporasi vakillari ishtirokida “Mustaqil O‘zbekiston – g‘ururim, iftixorim” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etiladi.

Mustaqillikning 35-yilligini Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, viloyat va tuman (shahar) markazlarida, barcha mahallalar, qishloq va ovullarda, shuningdek, vazirlik va idoralar tizimida munosib nishonlashga qaratilgan keng qamrovli tayyorgarlik ishlari boshlandi. 

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech