Vatan, xalqimiz manfaati – el, yurtimizni birlashtirgan ulug‘ g‘oya
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Butun el-yurtimizni birlashtiradigan ulug‘ bir g‘oya bor. U ham bo‘lsa, Vatan manfaati, xalqimiz manfaatidir” mavzusida ma’rifiy muloqot bo‘lib o‘tdi.
Tadbir BMTning 1966 yil 16 dekabrda qabul qilingan ikkita asosiy hujjati – Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 60 yilligiga, shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining 30 yilligiga bag‘ishlandi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, BMT Inson huquqlari qo‘mitasi a’zosi, akademik Akmal Saidov uchrashuvni ochar ekan, dastavval, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 26 dekabrdagi Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida ilgari surilgan eng ustuvor maqsad va vazifalar hamda yangi tashabbuslarning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida so‘zladi.
Keyingi to‘qqiz yilda jamiyatimiz va davlatimiz Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida katta taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. Shu qisqa davrda xalqimiz va yurtimiz taraqqiyot pillapoyalari bo‘ylab izchil yuksaldi.

Milliy iqtisodiyot qayta shakllandi, qonun ustuvorligi ta’minlanmoqda. Ijtimoiy, ma’rifiy va huquqiy sohalar muttasil rivojlanmoqda. Asosiysi, shiddatli va qamrovdor islohotlar hayotimizning barcha sohalarida o‘z samaralarini bermoqda.
Mamlakatimizda kambag‘allik darajasi 11 foizdan 6,8 foizga, ishsizlik darajasi esa 6,8 foizdan 4,9 foizga tushdi. O‘zbekiston Global innovatsion indeksida 139 ta davlat orasida 82-o‘rindan 79-o‘rinni egalladi. O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan davlatlar soni 144 tadan 164 taga yetdi.
Murojaatnomada 2026 yilda amalga oshiriladigan eng muhim 6 ta ustuvor yo‘nalishdan iborat istiqbol dasturi taqdim etildi. O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan mamlakatimizda 2026 yil “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb e’lon qilindi.
Joriy yil davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi, iqtisodiyot tarmoqlari, ta’lim, ilm-fan, tibbiyot, madaniyat, sport, ekologiya tizimini – barcha-barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yili bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Bugungi kunda jamiyatimizda turli xil fikr va qarashlar bo‘lishi tabiiy. Bu – demokratiyaning birlamchi talabi. Ammo millati, tili va dinidan qat’i nazar, butun el-yurtimizni birlashtiradigan ulug‘ bir g‘oya bor. U ham bo‘lsa, Vatan manfaati, xalqimiz manfaatidir”.
Shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi qayta ko‘rib chiqilmoqda. Amaldagi Strategiyada 100 ta, yangilanayotgan loyihasida esa 451 ta maqsad mujassam. Strategiyaning yangi tahririda, jumladan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2030 yilgacha bo‘lgan Milliy strategiyasini ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi ko‘zda tutildi.
Joriy yilda Vatanimiz mustaqilligining shonli 35 yilligi katta bayram qilinadi. Shuningdek, Sohibqiron Amir Temur, Alisher Navoiy hazratlarining qutlug‘ tavallud ayyomlari nishonlanadi.
Bu yil BMTning Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakti hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakti qabul qilinganiga 60 yil to‘lmoqda. Ushbu xalqaro-huquqiy hujjatlarning bajarilishiga asosiy mas’ul organ – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashkil topganiga esa 30 yil bo‘ladi. Bunday muhim milliy va xalqaro sanalarning munosib nishonlanishi ham el-yurtimiz hayotida katta ahamiyat kasb etadi.
Muloqot yakunida A.Saidov ishtirokchilarning savollariga atroflicha javob qaytardi.
Uchrashuv Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi va “Intellektual” klubi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
N.Usmonova, O‘zA
Ўзбекча
English
Русский