“AJP News Agency”: O‘zbekistonda davlat xarajatlarining 70 foizdan ortig‘i aynan Barqaror rivojlanish maqsadlariga yo‘naltirilgan
SEUL, 30-noyabr. / “Dunyo” AA/. Janubiy Koreyaning nufuzli “AJP News Agency” gazetasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidovning “Yangi O‘zbekiston: inson qadri ustuvor, ijtimoiy adolat taʼminlangan jamiyat sari” sarlavhali maqolasi chop etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Butunjahon Doha sammitida so‘zga chiqib, global ijtimoiy adolat va barqaror taraqqiyotni mustahkamlashga qaratilgan bir qator taklif va tashabbuslarni taqdim etdi,- deb yozgan muallif.
O‘zbekiston rahbarining nutqida taʼkidlanganidek, “Bugungi kunda ijtimoiy farovonlikni taʼminlash, aholi turmushini yaxshilash borasida dunyo hamjamiyati va milliy hukumatlar birgalikda harakat qilayotgani eʼtiborga molikdir. O‘zbekiston barqaror taraqqiyot sari barcha xalqaro hamkorlik formatlari va tashabbuslarini doim qo‘llab-quvvatlaydi”.
BMT maʼlumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda 1,1 milliarddan ortiq kishi qashshoqlikda hayot kechirmoqda. O‘zbekistonda davlat xarajatlarining 70 foizdan ortig‘i aynan Barqaror rivojlanish maqsadlariga yo‘naltirilgan. Jahondagi ijobiy tajribalarni o‘rganish asosida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha Yangi O‘zbekiston modeli ishlab chiqildi.
“Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun global miqyosda rivojlanayotgan mamlakatlarga 4 trillion dollardan ortiq mablag‘ kerak bo‘lmoqda. Bunday sharoitda xatarlarni xolis baholash, rivojlanayotgan mamlakatlarning ijtimoiy dasturlariga moliyaviy resurslarni jalb etish, ularning samaradorligini oshirish bo‘yicha “kambag‘allikka qarshi kurashning yangi moliyaviy tizimi”ga ehtiyoj tug‘ilmoqda,- deya qayd etilgan nashrda.
Ushbu masalalarga yechim topish maqsadida O‘zbekiston Prezidenti 2026-yilda Xiva shahrida xalqaro moliya institutlari, donor tashkilotlar va hamkor davlatlar ishtirokida yuqori darajadagi anjuman o‘tkazishni taklif etmoqda”.
Shuningdek, maqolada taʼkidlanishicha, O‘zbekiston Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Butunjahon sammitida qabul qilingan Doha siyosiy deklaratsiyasini to‘liq qo‘llab-quvvatladi va uni amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyor.
Ўзбекча
English
Русский