«Konstitutsiya – xalqchil davlat,
barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!»
“Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi davlatchilik, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq sohalarini bundan keyin ham barqaror rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi”. Ushbu haqqoniy e’tirof O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023 yil 16 noyabrda imzolagan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishda alohida ta’kidlandi.
Aslida ham, mamlakatimizda 2023 yil 30 aprel kuni o‘tkazilgan referendumda ishtirok etgan fuqarolarning 90,21 foizi yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizni yoqlab ovoz berdi. Bu, o‘z navbatida, Bosh qomusimizda xalqimizning Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha orzu-umidlari va intilishlari o‘z aksini topganidan yaqqol dalolatdir.
Xalq – davlat hokimiyatining birdan-bir manbai
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining avvalgi tahriri 1992 yil 8 dekabrda O‘zbekiston xalqi tomonidan “vakolatli vakillari timsolida”, ya’ni parlament a’zolari – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi deputatlari tomonidan qabul qilinganini bilamiz. Bundan farqli ravishda, mamlakatimiz Asosiy Qonunining yangi tahririni “yagona O‘zbekiston xalqi” bevosita umumxalq referendumida – to‘g‘ridan-to‘g‘ri ovoz berish yo‘li bilan qabul qildi.
Shu ma’noda, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasining haqiqiy muallifi xalqning o‘zidir. Fuqarolarning xohish-irodasi esa islohotlarning manbai va harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya 7-moddasi birinchi bandida «Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai», degan norma belgilab qo‘yilgan. Bu norma timsolida O‘zbekiston Respublikasida jahon miqyosida umume’tirof etilgan xalq hokimiyatchiligi prinsipi, ya’ni xalq suverenitetning tashuvchisi va davlat hokimiyatining yagona manbai ekanligini anglatuvchi tamoyil o‘rnatilgan.
Keyingi yillarda mamlakatimizda quyidagi prinsip va g‘oyalarni hayotga tatbiq etishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ta’kidlash lozim. Xususan:
birinchidan, Yangi O‘zbekiston – bu inson sha’ni va qadr-qimmati, huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari oliy qadriyat hisoblangan davlat bo‘ladi;
ikkinchidan, xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak;
uchinchidan, odamlar ertaga yo uzoq kelajakda emas, balki bugunoq o‘z hayotida ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rishni istaydi va shunday ekan, «odamlar tashvishi bilan yashash», xalqimizning qonuniy talab-istaklari va xohish-irodasini ro‘yobga chiqarish – davlat organlari faoliyatini baholashning eng muhim mezoniga aylanishi zarur;
to‘rtinchidan, «qonunning yagona manbai va muallifi xalq bo‘lishi kerak», ya’ni barcha muhim qarorlar aholi ishtirokida, fuqarolik jamiyati institutlari bilan maslahatlashuv asosida qabul qilinishi lozim.
Demokratiyaning talabu taomili va ustunligi ham shunda. Respublika Prezidenti, parlamenti va Hukumati shu talablarga sodiq bo‘lishlari shart. Bunda quyidagi masalalarga:
- inson huquqlarini ta’minlash;
- demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda parlament va siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish;
- davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish, hokimiyat tarmoqlarini tiyib turish va muvozanatni saqlash tizimida parlament rolini oshirish;
- davlat xizmatlari sifati va samaradorligini yaxshilash, davlat organlari faoliyatining hisobdorligi va ochiqligini kuchaytirish hamda parlament va jamoatchilik nazorati mexanizmlarini amalda tatbiq etishga alohida e’tibor qaratiladi.
Davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak!
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 7-moddasi birinchi bandidagi norma mazkur modda ikkinchi bandi birinchi qismida «O‘zbekiston Respublikasida davlat hokimiyati xalq manfaatlarini ko‘zlab... amalga oshiriladi» deb belgilangan norma bilan uyg‘un va hamohangdir. Hech shubhasiz, ushbu normalar mamlakatimizda nafaqat xalq hokimiyatchiligining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini mustahkamlash, ayni chog‘da xalqimiz xohish-irodasi va insonlarning qonuniy manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiladi.
Yanada tushunarli qilib aytadigan bo‘lsak, mamlakatimizda yuqorida tilga olingan: «xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak» degan umume’tirof etilgan tamoyilga qat’iy rioya etiladi.
Asosiy Qonunimizning 7-moddasi ikkinchi bandida yana bir umume’tirof etilgan tamoyil mustahkamlangan. Unga ko‘ra davlat hokimiyati faqat «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda uning asosida qabul qilingan qonunlar vakolat bergan organlar tomonidangina amalga oshiriladi».
Ushbu norma talqini asnosida shuni ta’kidlash o‘rinliki, insoniyat tajribasi negizida demokratiyaning ikki turi ishlab chiqilgan. Bulardan biri – to‘g‘ridan-to‘g‘ri, ya’ni bevosita demokratiya bo‘lsa, ikkinchisi – saylangan vakillarning tegishli muassasalari orqali amalga oshiriladigan vakillik demokratiyasidir.
Konstitutsiyaning 7-moddasidagi tegishli qoidalar 10-moddaning: «O‘zbekiston xalqi nomidan faqat u saylagan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Prezidenti ish olib borishi mumkin», degan birinchi bandida yanada aniq ifoda etilgan va chuqur ochib berilgan. Ya’nikim, jamiyatning biron-bir qismi, siyosiy partiya, jamoat birlashmasi, ijtimoiy harakat yoki alohida shaxs O‘zbekiston xalqi nomidan ish olib borishga haqli emas.
Shu bilan birga, O‘zbekistonda boshqaruv davlat hokimiyatining quyidagi keng tarmoqli tizimi orqali amalga oshiriladi:
birinchidan, Oliy Majlis qonun chiqaruvchi vakillik organi sifatida qonunlarni qabul qiladi;
ikkinchidan, ijro etuvchi hokimiyat, ya’ni Vazirlar Mahkamasi boshchiligidagi ijro hokimiyati qonunlar ijrosini ta’minlaydi;
uchinchidan, sudlar odil sudlov organlari sifatida nizolarni qonun asosida hal qiladi. Ushbu organlarning har biri muayyan doiradagi vakolatlarga ega bo‘lib, birgalikda ular davlat hokimiyati tizimining sud hokimiyatini o‘zida ifoda etadi.
Yangi O‘zbekiston – demokratik va huquqiy davlat
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 7-moddasi uchinchi bandida: «Konstitutsiyada nazarda tutilmagan tartibda davlat hokimiyati vakolatlarini o‘zlashtirish, hokimiyat organlari faoliyatini to‘xtatib qo‘yish yoki tugatish, hokimiyatning yangi va muvoziy tarkiblarini tuzish Konstitutsiyaga xilof hisoblanadi va qonunga binoan javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi», deb belgilangan.
Bu normalar Yangi O‘zbekiston demokratik huquqiy davlat hisoblanib, mamlakatda hokimiyat almashishi faqat Konstitutsiya va qonunlar normalari asosida ta’minlanadi, degan tamoyil hayotga tatbiq etilishining kafolatidir. Davlatning huquqiy siyosati insonparvarlik, demokratiya, ijtimoiy adolat va siyosiy xilma-xillik prinsiplariga asoslanadi.
Yangi O‘zbekistonda xalqimizning boy tajribasi va madaniy an’analariga asoslangan demokratiya o‘rnatilmoqda, bunda aholining turli ijtimoiy guruhlari va qatlamlari manfaatlari hisobga olinadi. Zo‘ravonlikka asoslangan eskicha ma’muriy-buyruqbozlik tizimi qoldiqlari nihoyat barham topdi, ko‘ppartiyaviylik, g‘oya va fikrlar xilma-xilligi odatiy holga aylanib bormoqda.
Shunday qilib, ushbu konstitutsiyaviy normalar umume’tirof etilgan bir qator prinsiplarga ham to‘la mos keladi. Xususan:
birinchidan, «Konstitutsiya va qonunlar ustunligi» prinsipini olaylik. Davlat organlarining vakolatlari Prezident, parlament yoki Hukumatning har xil normativ-huquqiy hujjatlari bilan emas, balki faqat Konstitutsiya va qonunlar bilan belgilanadi. Davlat organlari Konstitutsiya va qonunlarga so‘zsiz bo‘ysunishi va o‘z vakolatlarini shu huquqiy negizdagina amalga oshirishi shart. Bu qat’iy mezon qonun ustuvorligining ham muhim belgisi hisoblanadi;
ikkinchidan, jamiyatning biron-bir qismi, siyosiy partiya, jamoat birlashmasi, ijtimoiy harakat yoki alohida shaxs tomonidan «davlat hokimiyatining tortib olinishi»ga yo‘l qo‘yilmaydi;
uchinchidan, insonning siyosiy va boshqa huquq va erkinliklarini amalga oshirishi, davlat organlarining demokratik asosda shakllanishini ta’minlash, jamiyatning demokratik siyosiy tizimini shakllantirishga ko‘maklashish hamda demokratik institutlar, fuqarolik jamiyati institutlari rolini kuchaytirish uchun qulay shart-sharoit yaratish kafolatlanadi.
Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy va dunyoviy davlat
Konstitutsiyamiz Muqaddimasida davlat va jamiyat taraqqiyotining huquqiy mafkurasi, xalqimiz Yangi O‘zbekistonni bunyod etish yo‘lida tayanadigan konstitutsiyaviy qadriyatlar va tamoyillar aniq belgilab berilgan.
Birinchi tamoyil – inson huquq va erkinliklariga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, davlat suvereniteti prinsiplariga sodiqlik. Bu bilan Konstitutsiyamiz insonning asrlar davomida dunyoda shakllangan asosiy ma’naviy-axloqiy qadriyatlari va asosiy huquqlarini o‘zida mujassam etgan holda, insonning oliy qadriyati – uning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati ekanini e’lon qildi.
Konstitutsiyamizning avvalgi tahriridan farqli o‘laroq, uning yangi tahririning asosiy g‘oyasi shaxsning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, inson sha’ni va qadr-qimmatini ta’minlash, ilgari mavjud bo‘lgan “davlat-jamiyat-shaxs” paradigmasini yangi: "inson – jamiyat – davlat" tamoyiliga o‘zgartirishdan iborat.
Davlatimiz rahbari ta’rifiga ko‘ra, inson qadri – mamlakatning har bir fuqarosi uchun tinch va xavfsiz hayotni, fundamental huquq va erkinliklar, malakali tibbiy xizmat, sifatli ta’lim, kuchli va manzilli ijtimoiy himoya hamda sog‘lom ekologik muhit ta’minlanishini, munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilmaning bosqichma-bosqich yaratilishini anglatadi.
Bugungi kunda inson qadr-qimmati, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash g‘oyasi davlatimizning butun ichki va tashqi siyosatining tamal toshiga, yangi O‘zbekistonda demokratik islohotlarning eng muhim harakatlantiruvchi kuchiga hamda ushbu ezgu sa’y-harakatlarni o‘zaro bog‘lab turuvchi muhim omilga aylandi. Bu sa’y-harakatlarni rivojlantirish yo‘lida O‘zbekiston Konstitutsiyasining “inson – jamiyat – davlat” tamoyilini hayotga tatbiq etish va inson huquqlariga taalluqli normalari 3,5 barobar oshirildi.
Agar dunyo mamlakatlari Konstitutsiyalarida insonning 110 dan ortiq huquqi qayd etilganini hisobga olsak, hozirgi kunda shundan 90 tasi mamlakatimiz yangi tahrirdagi Konstitutsiyasida mavjud bo‘lib, ulardan 40 tasi yangi konstitutsiyaviy huquqlardir. Ya’ni, O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi – tom ma’noda o‘zbekona “Inson huquqlari to‘g‘risidagi bill”ga aylandi, deyishga barcha asoslar bor.
Ikkinchi tamoyil – demokratiya, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik g‘oyalariga sadoqat. Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro huquqda "inson qadr-qimmati" tushunchasi har bir inson hurmatga loyiq ekanligini tushunishga asoslangan tenglik va shaxsiy erkinlik tushunchalari bilan uzviy bog‘liqdir.
Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarda ta’kidlanganidek, erkinlik – shaxsning o‘z huquqlarini amalga oshirishida davlat aralashuvining yo‘qligini anglatadi. Shu ma’noda, konstitutsiyaviy islohotlarda huquqiy, ijtimoiy davlat imperativini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Birdamlik, adolatli ijtimoiy siyosat, inson kapitalini rivojlantirish tamoyillari ustuvorligiga tayanildi.
Ijtimoiy davlat – qat’iy bozor iqtisodiyoti, turli pandemiya va epidemiyalar sharoitida o‘z fuqarolariga muayyan minimal farovonlikni kafolatlaydigan davlat. Yangi O‘zbekistonning asosiy maqsadi har bir fuqaroga g‘amxo‘rlik qilish, inklyuziv rivojlanish, aholining barcha qatlamlari uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash ekanini ham ta’kidlash zarur.
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasida davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlariga taalluqli normalar 3 barobar ko‘paydi. Eng muhimi, Asosiy Qonunimizda birinchi marta “O‘zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat” (1-modda), degan norma belgilandi.
Uchinchi tamoyil – hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak mas’uliyatimizni anglash (avlodlar huquqlari tengligi prinsipi), shuningdek, mamlakatimizning bebaho tabiiy boyliklarini ko‘paytirishga hamda hozirgi va kelajak avlodlar uchun asrab-avaylash hamda atrof-muhit musaffoligini saqlashga astoydil intilish.
Hozirgi vaqtda ko‘pgina rivojlangan davlatlar, global iqlim o‘zgarishini hisobga olgan holda, o‘z Konstitutsiyalariga maxsus ekologik bo‘limlarni kiritmoqda. Jumladan, dunyoning 100 dan ortiq davlati Konstitutsiyalarida jamiyat va tabiat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar ehtiyojlariga javob beradigan ekologik huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari mustahkamlangan.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz yangi xususiyatlarining tahlili bu boradagi normalar mustahkamlangani va yanada kuchaytirilganini ko‘rsatadi. Xususan:
- atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy boyliklarni va biologik xilma-xillikni saqlash, iqlim o‘zgarishiga, epidemiyalarga, pandemiyalarga qarshi kurashish hamda ularning oqibatlarini yumshatish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlash (115-modda);
- har kimning qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash (49-modda);
- davlatning barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq, atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash, shuningdek, Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish hamda tiklash, mintaqani ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish yuzasidan choralarni amalga oshirish sohasidagi majburiyatlari (49-modda) shular jumlasidandir.
To‘rtinchi tamoyil – davlatchiligimiz rivojining uch ming yildan ziyod tarixiy tajribasiga, shuningdek, jahon sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy va ma’naviy merosiga tayanish.
O‘zbek xalqining tarixi asrlar qa’riga borib taqaladi va uch ming yildan ortiq davrni qamraydi. Yurtimiz hududida o‘z davrida gullab-yashnagan – Katta Xorazm, Baqtriya, So‘g‘d, O‘rta asrlardagi Movarounnahr, Turkiston kabi davlatlar; Samarqand, Buxoro, Termiz, Toshkent, Xiva, Shahrisabz singari o‘nlab noyob qadimiy shaharlar jahon madaniyatida yorqin iz qoldirgan. Ana shu boy o‘tmishimiz sivilizatsiya jarayonlari va falsafiy qarashlar, ilm-fan, ayniqsa, tibbiyot, astronomiya, geografiya, matematika, geodeziya va arxitektura sohalari rivojiga, madaniy va ma’naviy qadriyatlarning shakllanishiga sezilarli darajada hissa qo‘shdi.
Shu bilan birga, xalqimiz tarixi, turmush tarzi va an’anaviy madaniyatida ma’naviy-axloqiy, ilmiy, diniy va huquqiy qadriyatlar muhim o‘rin tutgan. Ulug‘ ajdodlarimizning ma’naviy yuksalishga da’vat etuvchi ezgu amallari, diniy-axloqiy, huquqiy e’tiqodi Konstitutsiyamizni ma’naviy boyitdi.
Konstitutsiyada xalqimizga xos mehr-oqibat, o‘zga millat vakillariga hurmat, bilimga intilish, or-nomus va qadr-qimmat, bag‘rikenglik va hayo kabi fazilatlar o‘z ifodasini topdi. Unda muqaddas Vatanimiz xalqiga xos adolat, rostgo‘ylik, olijanoblik, mardlik va saxovat kabi yuksak fazilatlar ham mujassam etildi.
Beshinchi tamoyil – O‘zbekistonning jahon hamjamiyati, eng avvalo, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlarini hamkorlik, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, tinchlik va totuvlik asosida mustahkamlash hamda rivojlantirishga intilish.
Bugungi kunda O‘zbekiston dunyoning 142 mamlakati bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan bo‘lib, 100 dan ortiq xalqaro tashkilot va tuzilmalarga a’zo hisoblanadi. Shu bilan birga, keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda ochiq va tinch, pragmatik va faol tashqi siyosatning mutlaqo yangi modeli amalga oshirilmoqda.
Mazkur modelning eng muhim vazifalari – milliy rivojlanish maqsadlariga so‘zsiz erishish uchun barcha ichki va tashqi resurslarni birlashtirish va safarbar etish, mamlakatning barqaror rivojlanishi uchun qulay tashqi muhitni shakllantirish, milliy manfaatlarni xalqaro maydonda samarali ilgari surish va izchil targ‘ib qilish hamda milliy rivojlanish maqsadlariga erishish va mamlakat iqtisodiyotining jahon bozorida raqobatbardoshligi ortib borishini ta’minlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishdir.
Bu borada Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining eng muhim o‘ziga xos belgilari quyidagilardan iborat:
birinchidan, barcha an’anaviy hamkorlar, shuningdek, yaqin va uzoq xorij davlatlari bilan munosabatlarni o‘rnatishda pragmatizm, tashqi aloqalarda iqtisodiy pragmatizmni mustahkamlash;
ikkinchidan, mamlakat tashqi siyosatida ko‘p tomonlamalik tamoyilini ilgari surish, globallashuvning ijodiy jarayonlarini rivojlantirish, muloqot, o‘zaro ishonch va bir-birining manfaatlarini hurmat qilishga asoslangan o‘zaro manfaatli va teng huquqli xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
uchinchidan, davlatimizni dunyoning faol va tadbirkor mamlakatlaridan biriga aylantirish.
Buni 2017-2022 yillarda birgina BMT doirasida O‘zbekiston Prezidenti tomonidan xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, ta’lim, ma’naviyat, ekologiya, turizmni yanada rivojlantirish, inson huquqlarini himoya qilish va boshqa sohalarda 30 dan ortiq tashabbus ilgari surilgani ham tasdiqlaydi. Davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan so‘nggi yillarda BMT Bosh Assambleyasining 7 ta rezolyusiyasi qabul qilindi va bularning barchasi, albatta, BMTga a’zo davlatning eng faol va samarali rahbari sifatida e’tirof etilgan Prezident Shavkat Mirziyoyev siyosatining bemisl muvaffaqiyatidir.
Oltinchi tamoyil – fuqarolarning munosib hayot kechirishini, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni, ko‘p millatli jonajon O‘zbekistonimizning farovonligini va gullab-yashnashini ta’minlash.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz dunyoviy davlat, ochiq va adolatli jamiyat qurish, unda tenglik va teng huquqlilik prinsiplarini hayotga tatbiq etish, fuqarolar, ayniqsa, ayollar va bolalar huquqlarini kamsitmaslik g‘oyalariga asoslanadi. Bunda yurtimizda inson huquqlari madaniyati tobora yuksalayotgani, inson hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmatiga hurmat ruhi shakllangani alohida ahamiyat kasb etadi.
Bosh qomusimiz Muqaddimasida O‘zbekiston xalqi ushbu Konstitutsiyani, jumladan, «fuqarolar tinchligi va milliy totuvligini ta’minlash maqsadida» qabul qilgani alohida ta’kidlangan. Shu ma’noda, Asosiy qonunimiz – biz uchun nafaqat muhim hayotiy qo‘llanma, balki milliy g‘urur-iftixor, kerak bo‘lsa, ushbu zaminda istiqomat qilayotgan, jinsi, irqi, millati, tili, dinidan qat’i nazar, barcha insonlar uchun mustahkam bir huquqiy himoya hisoblanadi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan Asosiy qonun
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 1-moddasida davlat qurilishining yangi strategik maqsadi — suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat qurish ekanligi qat’iy belgilandi, ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari joriy etildi. Ayniqsa, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar mustahkamlangani e’tiborga sazovor.
Eng asosiysi, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning:
birinchidan, mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga egaligi;
ikkinchidan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi;
uchinchidan, yagona huquqiy makonning asosini tashkili etishiga taalluqli konstitutsiyaviy normalar mustahkamlab qo‘yildi. Eski tahrirdagi matnda Konstitutsiya normalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llashga doir ushbu mexanizmlar mavjud emasdi.
Asosiy qonunimizning “Konstitutsiya va qonunning ustunligi” bobidagi 15-16-moddalar yangi va eski matnidagi normalarni o‘zaro qiyoslansa, bu fikrlarimiz qanchalik haqqoniy ekanligi o‘z tasdig‘ini topadi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 15-moddasiga muvofiq:
“O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi”.
Shu o‘rinda 2023 yil 8 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilinganini ta’kidlash lozim. Ushbu muhim hujjat talablari:
- yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizni so‘zsiz va to‘liq amalga oshirish;
- unda mustahkamlangan ustuvor prinsiplarni Yangi O‘zbekiston ulug‘vor g‘oyasiga hamohang tarzda ro‘yobga chiqarish;
- davlat organlarining faoliyatini yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda yo‘lga qo‘yish;
- fuqarolar o‘z hayotida xalq Konstitutsiyasi ruhini yaqqol his etib turishini ta’minlash maqsadlariga qaratilgan.
Farmonda belgilanganidek, “yangi tahrirdagi Konstitutsiya oliy yuridik kuchga ega ekanligidan kelib chiqib, davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va so‘zsiz qo‘llaniladi”.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilgan yangi, zamonaviy va juda muhim normalarning hayotga qat’iy hamda izchil tatbiq etilishi, xususan, sudlar tomonidan ana shu konstitutsiyaviy qoidalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanishi yurtimiz va xalqimiz tarixida inson huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlari va qadr-qimmatini ulug‘lash borasida yangi davrni boshlab bermoqda. O‘zbekiston Prezidenti ta’kidlaganidek, “Inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas. Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini ta’minlashni nazarda tutamiz”.
Xulosa qilib aytganda, bugun Konstitutsiyamizning yangi normalarida asosiy e’tibor inson, jamiyat va davlatning barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilganini ishonch bilan ta’kidlash mumkin. Yangi tahrirdagi Asosiy qonunning qabul qilinishi bilan bu borada yanada mustahkam konstitutsiyaviy-huquqiy asos yaratildi. Binobarin, Yangi O‘zbekiston o‘zining ushbu sohalardagi xalqaro majburiyatlariga qat’iy sodiqligini yana bir bor namoyon etdi.
Konstitutsiyamizda Yevropa, Osiyo, Sharq va Amerika mintaqalarida joylashgan dunyo davlatlarining ijobiy konstitutsiyaviy tajribasi o‘z aksini topgan. Asosiy qonunimiz huquqshunos olimlar, siyosatshunoslar, ko‘plab xalqaro tashkilotlar mutaxassislari tomonidan sinchiklab o‘rganilgan bo‘lib, unga inson huquqlari bo‘yicha xalqaro huquq normalari qo‘shimcha ravishda uyg‘unlashtirilgandir.
Ishonchimiz komilki, xalqaro tashkilotlar vakillari va ekspertlar xolis va to‘g‘ri ta’kidlaganlaridek, O‘zbekiston Konstitutsiyasining yangi tahrirda qabul qilinishi "Inson sha’ni va qadr-qimmati uchun" tamoyili asosida xalq farovonligini yanada yuksaltirish, inson, fuqarolik jamiyati va davlatni jadal rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi.
Akmal SAIDOV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori
- Qo'shildi: 24.11.2023
- Ko'rishlar: 10618
- Chop etish