“Inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi ta’lim va innovatsiyalar”

1 iyun kuni Toshkentda xuddi shu mavzudagi Milliy tanlov doirasida nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayollar, bolalar va migrantlar huquqlari bo‘yicha seminar-trening o‘tkazildi. Tadbir  Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi Milliy ofisi tomonidan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

 Seminar-treningda  Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti hamda O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining tegishli yo‘nalishlarda ta’lim oluvchi talabalari ishtirok etdi.

Tadbirning ochilishida ta’kidlanganidek, inson huquqlari sohasidagi ta’lim har bir fuqaroning inson huquqlariga nisbatan hurmatini rag‘batlantirish va unga har tomonlama rioya etilishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etib, zo‘ravonlik va nizolarning oldini olishda ham muhimdir. Shu ma’noda, 2020-2024 yillarda inson huquqlari sohasida ta’lim berish orqali yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichi izchil amalga oshirilayotgani bejiz emas.

Bu haqda so‘z borganda, Prezidentimiz tomonidan yaqinda “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaror qabul qilinganini alohida ta’kidlash lozim. Qarordan ko‘zlangan maqsad mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi ta’limni yanada takomillashtirish, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi ijrosini ta’minlash hamda Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni samarali va o‘z vaqtida amalga oshirishdan iborat.

Qaror ijrosi doirasida, jumladan, “Inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi ta’lim va innovatsiyalar” milliy tanlovi e’lon qilindi. Tanlovni muvaffaqiyatli o‘tkazish bilan bog‘liq ravishda tashkil etilgan  mazkur seminar-trening ham yurtimizda inson huquqlarini himoya qilish sohasi bo‘yicha malakali kadrlarni tayyorlash ishiga xizmat qilishi tayin.

Seminar davomida xalqaro va milliy ekspertlarning ma’ruzalari tinglandi. Tadbirda, jumladan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakillari X.Xolmamatov va D.Rashidova so‘zga chiqdi.

Mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilishga qaratilgan islohotlar va bu borada olib borilayotgan davlat siyosatining mohiyati hamda ahamiyati hayotiy misollarda chuqur tahlil etildi. 

Shuningdek, fuqarolarning inson huquqlariga nisbatan hurmatini oshirish, bu sohada malakali kadrlar tayyorlash, mutaxassislarning bilim va ko‘nikmalarini yangi davr talablari negizida tubdan oshirish kabi dolzarb mavzulardagi taqdimotlar talaba-yoshlarda katta taassurot qoldirdi.

               

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech