Konstitutsiyaviy shikoyat institutining rivojlanish tendensiyalari mintaqa ko‘lamida tahlil etildi

Joriy yil 25-26 may kunlari Samarqand shahrida “Markaziy Osiyo davlatlarida konstitutsiyaviy shikoyat instituti modellarining rivojlanish tendensiyalari” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi va Yevropa Kengashining Huquq orqali demokratiya uchun Yevropa komissiyasi (Venesiya komissiyasi) hamkorligida tashkil etildi.

Xalqaro konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 12 maydagi Farmoni asosida ishlab chikilgan “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi” doirasida o‘tkazildi.

Forumda Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, Qozog‘iston Qirg‘iziston, Tojikiston Konstitutsiyaviy sudlarining delegatsiyalari, Yevropa Kengashining Huquq orqali demokratiya uchun Yevropa komissiyasi (Venesiya komissiyasi) ekspertlari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari, olimlar, Samarqand viloyati sudi sudyalari, SamDU huquqshunoslik fakulteti professor-o‘qituvchilari va OAV vakillari – jami 60 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashdi.

Anjumanni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi M.Abdusalomov kirish so‘zi bilan ochdi. Yevropa Kengashi Huquq orqali demokratiya uchun Yevropa komissiyasi (Venesiya komissiyasi) prezidenti Kler Bazi-Malori o‘z videomurojaati orqali konferensiya ishtirokchilarini qutladi.

Xalqaro konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) F.Eshmatova so‘zga chiqdi.

Shuningdek, Venesiya komissiyasi ekspertlari – Fransiya Konstitutsiyaviy Kengashi a’zosi Fransua Sener, Gruziya Konstitutsiyaviy sudining sobiq raisi George Papuashivili, Moldova Konstitutsiyaviy sudining sobiq raisi Aleksandru Tenase, Avstriya Konstitutsiyaviy sudining Xalqaro aloqalar bo‘yicha direktori Ralf Bokl, Bosniya va Gersegovina Konstitutsiyaviy sudining vitse-prezidenti Zlatko Knezevich ma’ruzalari tinglandi.

So‘zga chiqqanlar Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mohiyati va ahamiyatini keng talqin etdilar. Jumladan, mamlakatimizning ochiq va pragmatik, o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan tashqi siyosati, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli, do‘stona va qardoshlarcha hamkorlikni kuchaytirishga qaratilayotgan e’tibor anjuman ishtirokchilari tomonidan alohida e’tirof etildi.

Yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ahamiyati yuqori baholandi. Asosiy qonunning 132 va 133-moddalarida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada samarali tashkil etish, uning vakolatlarini kengaytirishga oid normalar o‘z aksini topgani, xususan, ilk bor konstitutsiyaviy darajada belgilangan konstitutsiyaviy shikoyat instituti joriy etilgani inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish hamda konstitutsiyaviy odil sudlovning roli va ahamiyatini yanada kuchaytirishda beqiyos o‘rin tutishi ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi ma’lum qilganidek, anjumanda Markaziy Osiyo mamlakatlari Konstitutsiyaviy sudlarida konstitutsiyaviy shikoyat institutining rivojlanish tendensiyalari, milliy amaliyot va o‘zaro tajriba almashish maqsadida doimiy uchrashuvlar, davra suhbatlari va xalqaro konferensiyalar tashkil etish maqsadga muvofiq ekaniga e’tibor qaratildi.

Venesiya komissiyasi hamkorligida xorijiy tajribani o‘rganish uchun Konstitutsiyaviy sud sudyalari va xodimlarining chet ellarga xizmat safarlarini tashkil etish maqsadga muvofiq, degan taklif ilgari surildi.

Xalqaro konferensiya doirasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi va Tojikiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi 2013 yildan buyon Demokratiyaga huquq orqali Yevropa komissiyasi (Venesiya komissiyasi) a’zosi hisoblanadi. Venesiya komissiyasi ayni vaqtda Konstitutsiyaviy odil sudlov bo‘yicha butunjahon konferensiyasining kotibiyati vazifasini bajarib kelmoqda.

Konstitutsiyaviy odil sudlov bo‘yicha butunjahon konferensiyasi 2011 yilda tashkil topgan bo‘lib, hozirgi kunda 112 mamlakatning konstitutsiyaviy nazorat organlarini birlashtiradi va konstitutsiyaviy odil sudlov sohasidagi eng yukori darajali anjuman hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi ushbu xalqaro tashkilotga 2013 yilda a’zo bo‘lgan.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech