Yangi O‘zbekiston – xorijliklar nigohida

O‘ZBEKISTON BUYUK AJDODLARI SHON-SHUHRATINI ASRAB-AVAYLAYDIGAN VA ULUG‘LAYDIGAN DAVLAT

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlar xalqaro ekspertlar hamjamiyatining diqqat markazida bo‘lib turibdi.

Xalqaro siyosatshunoslarning aytishicha, mamlakatimizdagi islohotlar O‘zbekistonning siyosiy yuksalishi, o‘zbek xalqining strategik tafak kuri o‘zgarayotganidan dalolat beradi. Asosiy qonunning demokratlashuvi keyingi islohotlar samaradorligini ta’minlaydi. Bu esa, o‘z navbatida, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida belgilangan islohotlar doirasida mamlakatimizning ulkan maqsad va vazifalarini amalga oshirishga xizmat qiladi.

Gregori KOPLI,

“Defense & Foreign Affairs” (DFA) tahliliy guruhi rahbari va Xalqaro strategik tadqiqotlar assotsiatsiyasi (ISSA) prezidenti (AQSh):

— Davlat Konstitutsiyasining  ta’rifidan ko‘ra, jiddiyroq masala bo‘lishi mumkin emas. Bu noma’lum kelajakdagi voqealarning haqiqiy qoidalarini aniqlashda har qanday mamlakat aholisi tomonidan qabul qilinishi mumkin bo‘lgan eng jiddiy uzoq muddatli qaror bo‘ladi. Shuning uchun O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan referendum nafaqat mamlakat fuqarolari, balki mintaqa va butun dunyo uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. O‘zbekiston Konstitutsiyani o‘zgartirish uchun haqiqatan ham dadil qadamlar tashlamoqda va bu o‘zgarishlarni shakllantirishda butun aholi ishtirok etayotir.

Biz ushbu jarayonni diqqat bilan kuzatib boryapmiz. Bundan tashqari, bugungi kunda dunyoning boshqa ko‘plab davlatlari o‘z Konstitutsiyalarini qayta ko‘rib chiqmoqda. Bu orqali esa kelajakka tayyorgarlik ko‘rilmoqda, chunki kelajakka bugundan poydevor qo‘yiladi.

Lyudovit ChERNAK,

“Sitno Holding” kompaniyasi prezidenti, Slovakiyaning sobiq iqtisodiyot vaziri, O‘zbekistonning Slovakiyadagi faxriy konsuli:

— 16 yildan beri  O‘zbekistonning Slovakiyadagi faxriy konsuli bo‘lib ishlayapman.  Faxriy konsul sifatida faoliyat yuritgan yillarim davomida Slovakiya ishbilarmon doiralarining O‘zbekistonga qiziqishi qanchalik ortib borayotganini ko‘rib turibman. Ayniqsa, so‘nggi 2-3 yilda Slovakiya kompaniyalari va tadbirkorlarining o‘zlari O‘zbekiston bilan turli loyihalar hamda qo‘shma tadbirlarni muhokama qilish uchun muloqotga kirishmoqda.

O‘zbekiston o‘z taraqqiyotida to‘g‘ri qadam tashlamoqda — samarali iqtisodiy islohotlar amalga oshirilyapti, xorijiy investorlarga keng imkoniyatlar taqdim etilyapti, shuningdek, mamlakatda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Barqarorlik va yaratilgan huquqiy muhit nuqtai nazaridan mamlakat Konstitutsiyasini o‘zgartirish taklifini yuqori baholayman va bu tashabbus referendum davomida aholi tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanishiga umid bildiraman.

Amalga oshirilayotgan islohotlar O‘zbekistonni mintaqada yetakchiga aylantirmoqda va men Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari ham bundan o‘rnak oladi, deb o‘ylayman. Chunki bunday o‘zgarishlar fuqarolarga foyda keltiradi, shuningdek, xorijiy investorlar uchun yangi eshiklar ochadi.

Domeniko LETITSIA,

“La Ragione” gazetasi muxbiri, geosiyosat bo‘yicha ekspert (Italiya):

— “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining qabul qilinishi bilan mamlakat “suveren, demokratik va ijtimoiy huquqiy davlat” sari yo‘l olgani va bu tamoyillarni o‘zgartirib bo‘lmasligini tasdiqlaydi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada davlat kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va ishsizlikning oldini olish bo‘yicha bir qator majburiyatlarni o‘z zimmasiga olishini mustahkamlab qo‘ymoqda. Mamlakatda har bir fuqaro uy-joy olish huquqiga ega bo‘lib, davlat tomonidan yangi, zamonaviy va ekologik toza uy-joylar qurilishini qo‘llab-quvvatlash va moliyalashtirish borasida muhim siyosat olib borilmoqda.

Iqtisodiyotni rivojlantirishga kelsak, islohot erkin bozorni shakllantirish uchun mustahkam zamin yaratish, tadbirkorlik faoliyatni kafolatlash, investitsiyalar va biznes uchun qulay muhitni ta’minlash, adolatli raqobat uchun shart-sharoit yaratish, adolatli soliqqa tortish tizimini shakllantirish va  davlatning monopoliya faoliyatini cheklashga qaratilgan.

Tatyana MYuLBAYER,

kinoprodyuser (Estoniya):

— Konstitutsiyada fuqarolar farovonligini ta’minlash, birinchi navbatda, ularning mehnat huquqlarini himoya qilish borasida davlat zimmasiga qo‘shimcha majburiyatlar yuklatilgan ijtimoiy davlat tamoyillari mustahkamlanayotganidan xursandman.

Yoshlarga oid davlat siyosati masalalari Konstitutsiyaning alohida bobida mustahkamlanmoqda. Unda yoshlarning madaniy, ma’naviy va boshqa huquqlarini himoya qilish, shuningdek, ularning ijodiy, intellektual, jismoniy rivojlanishi va hayotda o‘zini to‘liq anglab olishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishga davlat mas’ul etib belgilab qo‘yilayotgani maqtovga loyiq.

O‘zbekistonda hozirgi kunda 18 milliondan ortiq yoshlar istiqomat qilayotgani va 2040 yilga borib, demograflarning  hisob-kitoblariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 25 millionga yetishi mumkin.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya O‘zbekistonda islohotlarning ortga qaytmasligi va demokratik islohotlarni davom ettirish yo‘lining yana bir tasdig‘i bo‘ladi.

Anton FINKO,

falsafa fanlari nomzodi (Ukraina):

 — O‘zbekiston ayni paytda zamonamizning o‘ta murakkab tashqi chaqiriqlari sharoitida shakllanayotgan o‘zgarishlarning maqbul milliy modelini izlayotgan davlatdir.

Umumxalq ovoziga qo‘yilgan Konstitutsiyaviy qonun loyihasining afzalliklari, birinchi navbatda, ijtimoiy barqarorlikni saqlashning birlamchi ahamiyatini tushunishdir. Loyiha, bir tomondan, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati kafolatlarini kengaytirsa, ikkinchi tomondan, O‘zbekistonning ijtimoiy davlat maqomini tasdiqlaydi. Bu juda muhim jihat. Zero, iqtisodiyotni liberallashtirish, eng avvalo, ishbilarmon doiralar tomonidan olqishlanmoqda. Fuqarolik-siyosiy liberallashtirish, birinchi navbatda, ilg‘or va ijtimoiy faol milliy ziyolilarning umidlariga javob beradi.

Ikkinchidan, loyihada mahallaning fuqarolik jamiyati tuzilmasi sifatidagi mavqeiga oydinlik kiritilishi ahamiyatli ko‘rinmoqda. Shu bilan birga, mahallalar davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmasligi qayd etilgan. Zamonaviy mahalla shaharning o‘zini o‘zi boshqaradigan mahalla jamoasi sifatida kelajakda mahalliy darajada tashkil etilayotgan demokratik jarayonni yanada rivojlantirish uchun katta imkoniyatlarga ega.

Uchinchidan, loyihada O‘zbekistonning dunyoviy davlat maqomi tasdiqlanishi e’tiborga loyiqdir. Hech kimga sir emaski, bir qator mamlakatlarda turli radikal faol guruhlar jamiyat oldida monopoliya yoki diniy tafakkur va etnik-madaniy tanlovning eng izchil vakili sifatida namoyon bo‘lishga intilmoqda. Shu bilan birga, manipulyatsiya holatlarida jamiyat himoyasiz bo‘lishi mumkin. Dunyoviy davlat maqomi esa ma’naviy va siyosiy monopoliyaga da’volar ko‘rinishidagi bunday manipulyatsiyalarni to‘xtatish imkonini beradi.

To‘rtinchidan, hujjat muqaddimasida, jumladan, O‘zbekiston xalqi jahon va islom sivilizatsiyasi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarning madaniy merosiga tayanishi qayd etilgan. Bu mutlaqo to‘g‘ri yondashuv. Mirzo Ulug‘bek,  Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa ko‘plab ma’naviyat nurlari, ko‘zga ko‘ringan davlat arboblariga beshik bo‘lgan yurt buyuk ajdodlar sha’nini asrab-avaylaydigan, shon-shuhratini oshiruvchi davlat sifatida o‘zining milliy g‘ururini, jahonda o‘z o‘rnini mustahkamlab olishga haqli.

Shu munosabat bilan O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi qabul qilinishi tarzidagi navbatdagi demokratik islohotlar mamlakatning xalqaro faoliyatning mas’uliyatli va teng huquqli ishtirokchisi sifatida yanada rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishiga ishonchim komil.

Kotaro OKADA, Kompyuterlashtirishni xalqaro rag‘batlantirish markazi vakili (Yaponiya):

— Yaponiya “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasini qabul qilish jarayoni bo‘yicha 30 aprelga belgilangan referendumga tayyorgarlik ko‘rilayotganini katta qiziqish bilan kuzatib bormoqda.

O‘zbekistonda har bir insonni qadrlash bo‘yicha yaxshi an’ana bor. Bu jihatdan Yaponiya va O‘zbekiston xalqlari bir-biriga o‘xshashdir. O‘zbekistonda yaxshi qo‘shnichilik an’analari saqlab qolingan va bu borada davlat tomonidan tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani quvonarlidir.

Bundan 40-50 yil oldin Yaponiyada ham xuddi shunday jamiyat shakllangan edi, qo‘shnilar o‘rtasida doimiy muloqot mavjud edi. Biroq odamlar tez-tez smartfon yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali bir-biri bilan muloqot qiladigan bugungi Yaponiyada haqiqiy insoniy muloqotning qadri unutilgan. Shu bois, Konstitutsiyada odamlar o‘rtasidagi muloqotning ahamiyatini, mahallaning o‘rnini oshirishga qaratilgan taklif va sa’y-harakatlarni yuksak baholayman.

Fuqarolarning uy-joyga bo‘lgan huquqlarini himoya qilish, uning yaxlitligini kafolatlash, aholining kam ta’minlangan toifalarini uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha davlatning majburiyatlarini kuchaytirishga doir g‘oyat muhim takliflarni ham e’tirof etish kerak. Bu jarayonda mulkni raqamlashtirish katta ahamiyatga ega, deb hisoblayman. Yaponiyada uy-joy ma’lumotlari elektron shaklda saqlanadigan statistik tizim mavjud. Shu munosabat bilan raqamli jamiyatga o‘tishda mulkka egalik huquqi va qoidalarini takomillashtirish  dolzarb ehtiyoj sanaladi.

Ayni paytda raqamli iqtisodiyot va raqamli jamiyatga o‘tish jarayonida konstitutsiyaviy islohotlar doirasida mamlakat taraqqiyotida inson huquqlarini kafolatlashning tegishli tizimini joriy etish muhim ahamiyat kasb etadi, deb hisoblayman.

Adisak PANUPONG,

Tailand Adliya instituti rektorining maslahatchisi, elchi:

— O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi qabul qilingani va mamlakat Asosiy qonuniga o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritilishi munosabati bilan amalga oshirilayotgan amaliy ishlar haqidagi yangiliklarni alohida qiziqish bilan qabul qildim.

“Inson huquq va erkinliklarini ta’minlash — davlatning oliy majburiyatidir” tamoyili asosida Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartishlar O‘zbekistonning inson huquqlarini ta’minlashda yangi bosqichga o‘tayotganidan dalolatdir.

Bo‘lajak huquqshunos kadrlarni tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasasi vakili sifatida ta’kidlashni istardimki, ta’lim olish huquq va imkoniyatlarini kengaytirish hamda o‘qituvchilarning konstitutsiyaviy maqomiga oid o‘zgarishlar ham O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasiga mos keladi. O‘ylaymanki, bu tajriba bizga maxsus tadqiqotlar uchun asos bo‘lishi mumkin.

Jumladan, deputatlar o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishi, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy o‘sishi haqida g‘amxo‘rlik ko‘rsatishi kerakligi to‘g‘risidagi qoida — “O‘zbekiston tajribasi” sifatida kelajakda barcha rivoj lanayotgan mamlakatlar uchun pedagoglarning ijtimoiy mavqei va obro‘sini yanada yuksaltirishda namuna bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

“Dunyo” AA

Powered by GSpeech