HALOVATLI ELNING TAROVATLI SAYLI

21 mart – Navro‘z umumxalq bayrami kuni

 

Yurtimizga chappar urib gullagan bog‘larning xushbo‘y nafasini, chamanzorlarning kamalak ranglarini, musaffo ko‘kda charx urgan qaldirg‘ochlaru arg‘amchi tortib yurtga qaytgan turnalarning sehrli sas-sadolarini taratib fasllar kelinchagi – bahor kirib keldi. Ko‘klam ostonasida eng qadimiy, asl milliy, g‘oyat ardoqli bayramimiz, umumxalq sayli – Navro‘z eshik qoqib turibdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 1 martda qabul qilingan «2023 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarorida joriy yilgi Navro‘z umumxalq bayramini mamlakatimizda “Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!” degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida ko‘tarinki ruh va yuksak saviyada nishonlash belgilangan. Bu, albatta, el-yurtimizning ma’naviy quvvatlarini yanada oshirishga, yurtdoshlarimizning ezgu sa’y-harakatlarini buyuk maqsadlar yo‘lida birlashtirishga xizmat qiladi.

Qarorda ta’kidlanganidek, “Xalqimizning ko‘p asrlik ezgu qadriyatlarini, uning orzu-intilishlarini o‘zida mujassam etgan ushbu qutlug‘ ayyom mustaqillik yillarida mamlakatimizda yashayotgan turli millat va elatlarga mansub barcha vatandoshlarimiz uchun umumxalq bayramiga aylandi. Navro‘zi olamning ruhi va falsafasida mujassam bo‘lgan yaxshilik va bag‘rikenglik, ahillik va hamjihatlik, atrof-muhitni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash kabi olijanob g‘oyalar Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tarixiy o‘zgarishlarning maqsad va mazmuniga to‘la hamohangdir”.

Haqiqatan ham, Navro‘z – asrlar bo‘yi xalqimiz, har bir oila, har bir xonadon orziqib kutadigan xursandchilik, go‘zallik va nafosat ayyomidir. To‘g‘ri, shunday zamonlar ham bo‘ldiki, xalqdan bayramini olib qo‘ymoqchi, Navro‘z bilan bog‘liq milliy va umuminsoniy qadriyatlarga mos taomillarni millatimiz yodidan abadiyan o‘chirmoqchi bo‘ldilar.

Xayriyatki, Istiqlol nasimlari Navro‘z atrofidagi mafkuraviy taqiqlarni butkul tarqatib yubordi. Umummilliy bayramimizni nishonlashga qarshi qaratilgan barcha g‘ov va to‘siqlar barham topdi. O‘zbekiston mustaqilligi arafasida Birinchi Prezidentimizning sa’y-harakatlari tufayli yurtimizga Navro‘z qaytdi.

Navro‘zning tiklanishini respublikamizning butun aholisi mamnuniyat bilan ma’qullab, ko‘tarinki ruhda kutib oldi. Ushbu bayramning tub mohiyatida teran xalq an’analari, yerga va tabiatga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish, dehqon mehnatini hurmat qilish, odamlarning tinchlikka va yaxshi qo‘shnichilikka, mehr-muruvvatga va boshqalarning dardiga malham bo‘lishga intilishlari mujassam ekani uning tiklanishi uchun qudratli omil bo‘ldi.

Eng muhimi, 1990 yildan buyon mamlakatimiz hududida 21 mart – dam olish kuni va Navro‘z bayrami kuni hisoblanadi. Bu, o‘z navbatida, har yili Navro‘zni tom ma’noda umumxalq sayli sifatida bayram qilish uchun yurtdoshlarimizga keng imkoniyatlar yaratdi.

Navro‘z sayli – xalq mayli, deydilar. Navro‘z yurtimizda azaldan xalq xohish-irodasiga ko‘ra ommaviy sayil sifatida nishonlab kelingan. Ushbu ulug‘ ayyom munosabati bilan har gal sayhon bir go‘shada xalq sayilga chiqqan. Baxshilar aytishuvi, laparlar, hazil-mutoyiba, qo‘shiqlar, xalq termalari, askiyachilar payrovi yangragan. Dorbozlar, masxarabozlar, qo‘g‘irchoqbozlar o‘z san’atini namoyish etgan.

Katta sayillar – uloq chopish, ot poygasi, kurash, merganlik kabi tomoshalar o‘tkazilgan. Bunday sayillarda nonvoylar jizzali so‘lqildoq nonu kulchalari bilan, qandolatchilar holva, novvot, parvarda, popukqand kabi shirinliklari bilan xizmatda bo‘lgan. Yalpiz, ismaloq va boshqa ko‘katlar solingan ko‘klam taomlari pishirilgan va el-ulus bilan birga baham ko‘rilgan.

Navro‘z taomlari orasida sumalak alohida o‘rin tutadi. Sumalak sayli – Navro‘zning ana shu shohona taomini tayyorlash va sumalakxo‘rlikka bag‘ishlangan marosimdir. Bunda sumalak qozoni atrofida suhbat-gurunglar qizigan, qo‘ni-qo‘shni ertak va latifalar aytishgan, o‘yin-kulgi qilishgan. Sumalak tayyor bo‘lgach, uni pishirishda qatnashganlar va mahalla ahli sumalakxo‘rlikka taklif etilgan.

Bu sayillardan hech kim chetda qolmagan. Sayil hazil-mutoyiba, xursandchilik bilan o‘tgan. Ming yillar davomida nishonlab kelinayotgan sumalak sayli hozirgi kunda ham kishilarni o‘zaro hamjihatlik va birdamlikka chorlaydi.

Yana bir sayil – ekin sayli. Navro‘z dala ishlari mavsumining boshlanishiga bag‘ishlangan bayram bo‘lgani uchun, bayram kunlari dalaga qo‘sh chiqarish va yerga urug‘ qadash marosimi o‘tkazilgan. Shu kunlari yaxshi niyat bilan yerga urug‘ qadalgan, gullar, ko‘chatlar ekilgan, obodonchilik ishlari keng avj olgan. Yurt oqsoqollari yangi yilning barakali, yangi mehnat mavsumining serhosil kelishini tilab duoda bo‘lganlar.

Tinch-osoyishta yurtda xursandchilik, to‘y-tomosha ko‘payaveradi, halovatli elga bayramu sayillar yarashadi. Tabiiyki, Navro‘z zamirida odamlarning tinchlikka va yaxshi qo‘shnichilikka, mehr-muruvvatga va boshqalarning dardiga malham bo‘lishga intilishlari mujassam ekani mustaqillik yillarida yurtimizda bu ulug‘ ayyomning tiklanishi uchun qudratli omil bo‘ldi.

Navro‘z falsafasida yoshi ulug‘ insonlar, tabarruk otaxon va onaxonlarni har tomonlama e’zozlash, ko‘makka muhtoj insonlarga beg‘araz yordam berish bilan bog‘liq xayriya tadbirlari ham o‘z aksini topgan. Bu – xalqimizga mansub mehr-muruvvat, ahillik va totuvlikning hamisha bardavom ekanidan dalolatdir.

Aslida, yurtimizda Navro‘zni nishonlash zamirida uning avvalgi ko‘rku jamoli, mazmun-mohiyati, g‘oyasi va ruhini qayta tiklash, ushbu qadimiy bayram timsolida yurtimizda yashayotgan barcha millat va elatlarning eng yaxshi an’analari, san’ati, do‘stligi va birodarligi o‘z aksini topgan ommaviy shodiyona – xalq sayli namoyon bo‘lishiga erishishdek ezgu maqsad mujassam edi. Biz murakkab sinov davrlarida ham shunday noyob urf-odatlarimizni ko‘z qorachig‘idek asrab, e’zozlab kelgan ajdodlarimizning buyuk fazilatlariga hamisha sodiq ekanimizni munosib darajada namoyon eta oldik.

Mustaqillik yillarida Vatanimizda insoniy qadriyatlarni yanada kamol toptirish, yurtdoshlarimizda o‘z-o‘ziga ishonch ruhi va milliy g‘ururni mustahkamlash, do‘stlik, birodarlik, hamjihatlik, mehr-shafqatni ulug‘lash, madaniy va tarixiy an’analarni davom ettirish hamda rivojlantirish, asrlar davomida shakllangan urf-odatlar va udumlarni e’zozlash maqsadida Navro‘zni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlash ibratli an’anaga aylandi.

Davlatimiz rag‘bati va homiyligida Navro‘z yurtimizda nainki qayta qaror topdi, ayni chog‘da izchil rivojlandi, takomillashdi uning mazmun-mohiyati boyib bordi va ezgulik bilan yo‘g‘rilgan qirralari yanada sayqal topdi. Bugun Navro‘z ming yil oldingi ajdodlarimiz kabi xalqimiz emin-erkin, shod-xandon nishonlaydigan aziz ayyom, elimizning ommaviy sayili sifatida tamomila yangi ruh, o‘zgacha tarovat kasb etdi.

El-yurtimiz yasharish va yangilanish, mehr-oqibat fasli sifatida e’zozlaydigan Navro‘zning bashariyat ma’naviy hayotidagi ulkan o‘rni va ta’sirini inobatga olib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan xalqaro bayram deb e’tirof etilgani bejiz emas. Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, “Hozirgi kunda jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik, do‘stlik va birodarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, xalqimiz, avvalo, yosh avlodimiz qalbi va ongida Vatanimizning buguni va kelajagiga daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirishda Navro‘z bayramining ahamiyati tobora ortib bormoqda”.

Bu fikrlar zamirida Navro‘zning yana bir muhim fazilati – hayot gultoji bo‘lmish insonni qadrlash ekani bilan bog‘liq teran falsafa mujassamdir. Zero, Navro‘zning bayram qilinishi zamirida xalqimizning azaliy an’analari, yerga va tabiatga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish, dehqon mehnatini hurmat qilish bilan bir qatorda, odamlarning yaxshi qo‘shnichilikka, mehr-muruvvatga va boshqalarning dardiga malham bo‘lishga intilishlaridek ezgu amallar o‘z mujassamini topgan. Navro‘zning insoniy va baynalmilal mohiyati ham xuddi ana shundadir.

Ota-bobolarimiz qadimdan Navro‘z kunlarida yetim-yesirlarga, beva-bechoralarga, muhtojlarga mehribonlik, saxovat va muruvvat ko‘rsatishgan, gina-kuduratlar unutilgan. Keyingi yillarda bu insoniy fazilatlar el-yurtimizga nafaqat to‘la-to‘kis qaytdi, ayni chog‘da, yangi milliy va umuminsoniy qadriyatlar bilan yanada boyitilmoqda.

Boshqacha aytganda, ana shu dilbar faslda insonlarning bir-biriga mehribonlik ko‘rsatishi, bemorlarga, muhtoj bo‘lganlarga beminnat yordam berish, tabarruk keksalarimizning duosini olish kabi noyob fazilatlar albatta odamning ko‘nglini yumshatadi, doim yaxshilikka intilishga, o‘zaro mehr-oqibatli bo‘lishga chorlaydi.

Shuning uchun ushbu ayyomni milliy qadriyat va urf-odatlarimizga uyg‘un tarzda, har tomonlama munosib darajada nishonlash maqsadida o‘tgan davrda yurtimiz hududlarida Navro‘z sayillari o‘tkazib kelingan tarixiy joylar obodonlashtirilishi bilan birga, xalq sayillari o‘tkaziladigan yangi maskanlar ham barpo etildi. Navro‘zga taraddud ko‘rish jarayonida faqat tomoshalar dasturi, sayil va tantanalar o‘tkaziladigan, dam oladigan maskanlarni tayyorlash emas, balki obodonlashtirish-ko‘kalamzorlashtirish, ko‘chat o‘tqazish, bog‘-rog‘ yaratish ishlarini amalga oshirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda.

Bu haqda so‘z borganda, avvalambor, 18 mart kuni yurtimizning barcha hududlari, qishloqlar, mahallalar, tashkilot va muassasalarda umumxalq xayriya hashari o‘tkazilishini alohida qayd etish lozim. Binobarin, hashar o‘zaro yordam, insonparvarlik, olijanoblik, saxovatpeshalik kabi tuyg‘ularni yoshlar ongiga singdirishga xizmat qiluvchi tarbiyaviy ahamiyati bilan ham ardoqlidir. Butun el-yurtimiz Navro‘zi olamni obod va orasta manzillarda yorug‘ yuz, xush kayfiyatda kutib olishiga ne yetsin.

Ha, yana chor-atrofda Navro‘z ruhi namoyon bo‘lmoqda. Qalblarimiz ana shu yorug‘ kunlarga, go‘zal va fusunkor hayotning bebaho ne’matlariga eson-omon yetganimiz uchun shukronalik tuyg‘ulariga to‘lib-toshayotir.

Navro‘z ayyomi insonning tabiat bilan hamohang yashashining yorqin ifodasi hisoblanadi. Bu kunlarda inson o‘zining tabiat bilan uzviy bog‘langanini, uning ajralmas bir qismi ekanini yanada teran his etadi. Atrof-muhitni, ona zaminni ardoqlab, uning ne’matlarini, bugungi tinch hayotni qadrlab, shukronalik tuyg‘usi bilan yashashga intiladi.

Xalq maqolida aytilganidek, “Navro‘zdan so‘ng qish bo‘lmas, mezondan so‘ng yoz bo‘lmas”.    Bu naqlning ma’no-mazmuni juda teran. Zero, u ajdodlarimizning necha ming yillar mobaynida o‘zlarini o‘rab turgan borliqni – Quyosh, Oy, osmon va yulduzlarni, atmosfera hodisalarini, o‘simliklar dunyosini, boringki, jami jonli va jonsiz tabiatni kuzatishlari natijasi sifatida shu taxlit qayroqi haqiqatga aylangan.

Qadimda kishilar oldida – chorvadorlar uchun mollarni qachon yaylovlarga haydab borish va qishlov joylarga qaytarib kelish, dehqonlar uchun u yoki bu ekinni ekish va o‘rib-yig‘ib olishning qulay muddatlarini bilishdek kundalik hayotiy talablar ko‘ndalang turgan. Ertangi kunda nimalar qilish mumkinligini rejalashtirish uchun kelajakni tasavvur etish, bashorat qilish zarurati ularni astronomik va meterologik kuzatishlar olib borishga majbur etgan.

Shu bois yil, oy, kun va vaqt hisobi yuritilgan, bu sohada to‘plangan tajribalar o‘rganib, tahlil qilib borilgan, shunga yarasha ish tutilgan, shunga moslashilgan, odatlanilgan. Dastlabki kuzatishlardan kelib chiqqan xulosalar asta-sekin ko‘payavergan, avloddan-avlodga o‘tib, zamonlar osha yuqoridagi kabi hikmat durdonalariga aylangan.

Sharqda Navro‘z – quyosh yili hisobida yangi yilning birinchi kuni sifatida belgilangani bejiz emas. Chunki Navro‘z kun bilan tun tenglashgan pallaga, ya’ni 21 martga to‘g‘ri keladi. Alisher Navoiy bu haqda shunday lutf etganlar:

“Yuz ochib bildirdi, qad birla sochi teng erkanin,

Zohir o‘lg‘ondek tunu kun tengligi Navro‘zdin”.

Ya’ni, ulug‘ shoir va mutafakkir bobomiz kun va tun tenglashadigan Navro‘zni bo‘yi bilan sochining uzunligi teng bo‘lgan suluv qizga qiyoslagan.

Bugun Navro‘z mo‘jizasi, Navro‘z saxovatidan har birimiz bahramand va oshuftamiz. Qalblarimiz ana shu yorug‘ kunlarga, go‘zal va fusunkor hayotning bebaho ne’matlariga eson-omon yetganimiz uchun shukronalik tuyg‘ulariga to‘lib-toshadi.

Navro‘z – bahor va uyg‘onish, mehnat va bunyodkorlik faslidir. Tabiat yasharar va yashnar ekan, inson ruhi ham yangilanadi. Navro‘z odamzod bilagiga kuch, yuragiga yangi intilish, hayotiga yangi umid va orzular baxsh etadi.

 Odam bolasi borki, bunday shukuhli damlarda tabiatdan bahra olishni, qalbidagi eng ezgu tuyg‘u va tilaklarini, orzu va umidlarini yuzaga chiqarishni istaydi, hayotga, ota-onasi, yaqinlari, do‘stu birodarlariga bo‘lgan mehru muhabbatini ochiq-oshkora izhor etgisi keladi.

Yurtimizga yana Navro‘z keldi. Ona diyorimiz fusunkor tarovat ila bezanmoqda. Xalqimiz katta sayil tadorigini ko‘rmoqda. Navro‘zingiz muborak bo‘lsin, qadrli yurtdoshlar!

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech