London bolalar uchun ijtimoiy tarmoqni taqiqlamoqchi (+video)
Britaniya vazirlari Avstraliyaga borib, u yerda voyaga yetmaganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash tajribasi bilan tanishmoqchi. Londondagi maktablarda mobil telefonlardan foydalanish qoidalarini yanada qat’iylashtirish rejalashtirilmoqda, deb xabar berdi DW agentligi.
Bolalarni internetdan yaxshiroq himoya qilish maqsadida Buyuk Britaniya hukumati turli chora-tadbirlarni ko‘rib chiqmoqda. Ular orasida Avstraliya yaqinda joriy etganidek, voyaga yetmaganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash masalasi ham bor. Shuningdek, maktablarda mobil telefonlardan foydalanish bo‘yicha yanada qat’iy tavsiyalar joriy etish imkoniyatlari ham o‘rganilmoqda.
Fan, innovatsiyalar va texnologiyalar vaziri Liz Kendallning aytishicha, amaldagi qonunlar hech qachon bu sohani yanada tartibga solishga qarshilik qilmaydi.
Kanberra tajribasini o‘zlashtirish maqsadida Britaniya hukumati vazirlarni Avstraliyaga yuborishni rejalashtirmoqda. Avstraliya bir oy avval dunyoda birinchi bo‘lib 16 yoshga to‘lmagan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlagan davlatga aylangan edi.
Smartfonlar va ijtimoiy tarmoqlarga ortiqcha berilganlik bolalarning ruhiy salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi haqidagi xavotirlar boshqa davlatlarda ham mavjud. Masalan, o‘tgan hafta Daniya 15 yoshga to‘lmagan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash rejalarini e’lon qildi.
Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA
Ўзбекча
English
Русский