Komplayens madaniyati – institutsional taraqqiyotning asosi
Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, uning huquqiy asoslari, tashkiliy tuzilmasi va amalga oshirish strategiyasi belgilangan.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasining Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga qo‘shilishi islohotlarning dastlabki muhim qadami bo‘lib, uni amalga oshirishning milliy mexanizmi sifatida “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun, Prezidentning “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu qonun va qarorlar o‘z navbatida mazkur salbiy illatga qarshi kurashishning samarali omili bo‘lib, muhim ahamiyat kasb etadi.
Demokratik qadriyatlar qaror topib borayotgan bir vaqtda davlat xizmatchilari tomonidan poraxo‘rlik, mansab mavqeini suiiste’mol qilish bilan bog‘liq jinoyatlarning sodir etilishi hokimiyatning obro‘sizlanishiga, davlatning siyosiy, iqtisodiy, huquqiy tizimiga putur yetishiga, natijada amaldagi hokimiyatga nisbatan norozilikka sabab bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasining «Standartlashtirish to‘g‘risida»gi qonuni bilan, O‘zbekiston standartlar institutiga «Standartlashtirish bo‘yicha milliy organ» maqomi berilgan. Ushbu maqom Institut zimmasiga nafaqat standartlar ishlab chiqish, balki sohada ilg‘or boshqaruv tizimlari, jumladan komplayens madaniyatini institutsional darajada shakllantirish va rivojlantirish kabi muhim vazifalarni yuklaydi.
Bugungi global sharoitda korrupsiyaga qarshi kurashish, halollik muhitini mustahkamlash, davlat va jamoat tashkilotlarida shaffof boshqaruvni joriy etish barcha sohalardagi islohotlarning uzviy qismiga aylandi. Mukammal standartlashtirish tizimini barpo etish ham aynan komplayens madaniyati qanchalik mustahkam ekanligiga bevosita bog‘liq.

Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar Institut faoliyatida ham o‘z aksini topmoqda. Institutda komplayens tizimining institutsional roli qayta ko‘rib chiqilib, xavf-xatarlar xaritasi yangilandi, xodimlarni o‘qitish jarayonlari kengaytirildi va jamoada halollik madaniyatini kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Muhim jihati shundaki, korrupsiyaga qarshi 17 ta asosiy siyosat va yo‘riqnomalar to‘liq yangilanib, amaliyotga joriy etildi. Bu esa komplayens tizimini yangi bosqichga olib chiqdi va har bir jarayonni xavflarni baholashga asoslangan holda tashkil etish imkonini berdi.
Komplayens madaniyatining institutsional darajada mustahkamlanishi faqat qonun va qoidalar bilan emas, balki aniq natijalar bilan isbotlanadi. 2025 yilning yanvar-noyabr oylarida O‘zbekiston standartlar instituti faoliyatida kuzatilgan raqamlar komplayens tizimi tashkilotning har bir yo‘nalishiga chuqur singganini ko‘rsatadi.
Komplayens madaniyati faqat ichki nazorat va qoidalar bilan emas, balki jamoaning ongidagi o‘zgarishlar bilan mustahkamlanadi. Mana shu maqsadda amalga oshirilayotgan ishlar muhim amaliy natijalar bermoqda.
Institutning xalqaro standartlashtirish jarayonlaridagi ishtiroki kengayib, bu orqali komplayens madaniyati xalqaro talablar bilan uyg‘unlashmoqda. Axborot texnologiyalari, raqamli transformatsiya, sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham muayyan darajada shaffoflik va hisobdorlik madaniyatini ta’minlamoqda.
Shuningdek: 4,5 mingga yaqin xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashgan standartlar qabul qilindi, 899 nafar a’zoga ega 34 ta texnik qo‘mita faoliyati yo‘lga qo‘yildi, ISO va IEC texnik qo‘mitalarida to‘laqonli ishtirok kengaytirildi; Germaniya, Fransiya, Koreya, Xitoy bilan hamkorlikda kadrlar salohiyati oshirildi.

Bu hamkorliklar institutdagi komplayens madaniyatini xalqaro darajaga olib chiqishga xizmat qilmoqda.
Dunyodagi 185 ta davlatning mahsulot va xizmatlar sifati qanday ta’minlanishi, standartlar qay darajada joriy etilgani va metrologiya tizimi qanday ishlayotganini baholaydigan Global Quality Infrastructure Index (GQII) 2025 yil uchun yangilangan reytingini e’lon qildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida, ushbu xalqaro reytingda O‘zbekiston o‘z o‘rnini mustahkamlab, 52-o‘rin bilan yaxshi natijaga erishgan. Bunda standart yo‘nalishida 23 pog‘onaga ko‘tarilib, 57-o‘rinni egalladi.
O‘zbekistonning reytingda tez ko‘tarilishi – mahalliy mahsulotlar sifatining oshishi, eksportda raqobatbardoshlik kuchayishi, xalqaro talablarga mos sertifikatlash tizimi yaratilayotgani kabi muhim o‘zgarishlarni anglatadi. Bu, “sifatli mahsulot va xavfsiz xizmat” tomon qo‘yilayotgan amaldagi qadamlarning xalqaro tan olinishidan darak beradi. Chunki, sifat infratuzilmasi eksport, sanoat, oziq-ovqat xavfsizligi, inson salomatligi, tashqi bozorlarga chiqish imkoniyati kabi masalalarning tayanch poydevori.
Shu bilan birga, ISO 37001:2025 standarti asosida antikorrupsiya menejment tizimini joriy etish ishlari boshlab yuborilgan, xodimlar uchun muntazam onlayn darslar, treninglar, seminarlar tashkil etilmoqda. Bu jarayonlarda manfaatlar to‘qnashuvi, xizmat tekshiruvi, davlat xaridlari, kontragentlar bilan munosabatlar kabi muhim sohalar qamrab olinmoqda.
Ma’lumki, institutsional rivojlanishning muhim omili raqamlashtirish va ochiqlik bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 28 fevraldagi tegishli qaroriga muvofiq “Texnik tartibga solish” milliy axborot tizimi ishlab chiqilib, tris.uz elektron manzilida ishga tushirildi.
Ushbu milliy axborot tizimi jami 12 ta asosiy moduldan iborat bo‘lib, standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish, akkreditatsiyalash va davlat nazorati yo‘nalishlarida barcha jarayonlarni raqamlashtirish, qog‘oz shakldagi hujjatlardan voz kechib, barcha sertifikat, xulosa, bayonnoma, xabarnoma va shu kabi boshqa hujjatlarni QR-kod yordamida elektron rasmiylashtirishga xizmat qiladi.
Natijada, milliy axborot tizimining attestatsiya moduli to‘liq ishga tushirilgan bo‘lib, bugungi kunda Muvofiqlikni baholash va texnik nazorat sohalarida 3 536 mutaxassis attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tdi. Bu o‘z navbatida, kadrlar salohiyatining oshishi va mas’uliyatning kuchayishini anglatadi.
Bundan tashqari, standartlashtirish sohasida raqamli transformatsiyani jadallashtirish maqsadida 2025 yil avgust oyida Davlat xaridlari elektron tizimi orqali sun’iy intellekt asosida tarjima qilish dasturiy ta’minoti yaratildi va hozirda ai.tris.uz platformasida xalqaro standartlarni davlat tiliga avtomatik tarjima qilish jarayoni sinov rejimida amalga oshirilmoqda.
Mazkur axborot tizimini to‘liq joriy etish orqali standartlashtirish jarayonlarida shaffoflik, samaradorlik va inson omilini kamaytirishga qaratilgan raqamli yechimlar yanada mustahkamlanadi.
Bu jarayon va natijalar raqamlashtirishning samaradorligini ko‘rsatadi va komplayens nazoratidagi ishonchli mexanizm sifatida xizmat qiladi. Komlayens madaniyati, avvalo, odamlar ongida shakllanadi.
Shu bois, Institut xodimlarining o‘quvlari, xodimlar uchun sertifikat dasturlari va natijada 97 foiz o‘zlashtirish darajasiga erishilgan o‘quv kurslari amalga oshirildi.
Raqamlar bir haqiqatni ko‘rsatadiki, komplayens madaniyati normativ talab emas, balki Institutdagi boshqaruv tizimini sifat jihatdan o‘zgartirgan asosiy omilga aylandi. Shaffoflik oshdi, moliyaviy intizom kuchaydi, xodimlar salohiyati oshdi, xalqaro hamkorlik kengaydi, raqamlashtirish esa barcha jarayonlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, zamonaviy boshqaruvda komplayens madaniyati – bu faqat huquqiy talab emas, balki institutsional taraqqiyotning o‘zagidir. O‘zbekiston standartlar institutida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar – xavf-xatarlarni baholash, shaffoflikni ta’minlash, raqamlashtirish, kadrlar malakasini oshirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish – barchasi bir maqsadga qaratilgan:
Komplayens madaniyati barqaror institutsional rivojlanishning poydevoriga aylangan. Korrupsiyaga qarshi kurashishda eng kuchli mexanizm bu – muayyan qoidalar emas, balki barcha darajalarda shakllangan komplayens madaniyatiдир. Aynan shu madaniyat standartlarni yaratish, ularga amal qilish va sohada barqaror rivojlanishni ta’minlashda hal qiluvchi omil bo‘lib xizmat qiladi.
Abdurauf Abduqayumov,
O‘zbekiston standartlar instituti direktori
O‘zA
Ўзбекча
English
Русский