Janubiy Koreya: 34 million aholi shaxsiy ma’lumotlari “o‘g‘irlandi”

Janubiy Koreyaning eng yirik onlayn savdo platformasi - “Coupang” deyarli 34 million foydalanuvchining shaxsiy ma’lumotlari sizib chiqqani uchun uzr so‘radi.

Dastlab, 4 ming 500 akkauntga platformaga ruxsatsiz kirish aniqlangan bo‘lsa, keyingi tekshiruvlar 33,7 million foydalanuvchi ma’lumotlari – telefon raqami, elektron pochtasi, manzili va ayrim buyurtma tarixlari yozib olinganini ko‘rsatdi

Ta’kidlanishicha, shaxsiy ma’lumotlar xorijdagi server orqali iyun oyidan beri sizib chiqqan bo‘lishi mumkin. Xayriyatki, kredit karta ma’lumotlari va o‘ronlar xavfsiz saqlangan.

Hodisa mamlakat aholisi sonining yarmidan ko‘pini qamrab olgani bois hukumat keskin choralar ko‘rishni va xavfsizlik talablarining buzilishi aniqlansa, kompaniyaga qat’iy sanksiyalar qo‘llashini ma’lum qildi. 

Ayrim mahalliy nashrlar buni “o‘lka tarixidagi eng yirik shaxsiy ma’lumotlar sizib chiqishi” deb atadi.

“Coupang” avval ham bir necha bor kiberhujumlarga uchragan edi. Bu holat mamlakatda umumiy kiberxavfsizlik standartlari qay darajada kuchli ekani borasida jiddiy savollarni tug‘dirmoqda.

Musulmon Ziyo, O‘zA

Powered by GSpeech