Jamiyat hayotida sun’iy intellekt muhim drayverga aylanmoqda
Bugungi kunda jamiyat hayotining turli jabhalariga sun’iy intellekt, ilg‘or texnologiyalarning joriy etilishini zamonning o‘zi talab etmoqda. Oliy ta’lim, ilm-fan sohasiga sun’iy intellektning tatbiq etilishi qanday ahamiyatga ega?
O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov bu haqda quyidagicha fikr bildirdi:
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning keyingi bosqichida sun’iy intellekt texnologiyalari strategik ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab olinmoqda. Chunki raqamli iqtisodiyot, ilm-fan taraqqiyoti va inson kapitali rivojida sun’iy intellekt muhim drayverga aylanmoqda.
Jahon tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, sun’iy intellekt bozori hozirning o‘zida yarim trillion AQSH dollariga yaqin, ayrim baholashlarga ko‘ra undan ham yuqori hajmga ega bo‘lib, yillik o‘sish sur’ati o‘nlab foizlar bilan tenglashishi taxmin qilinmoqda. AQSH, Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Janubiy Koreya kabi mamlakatlar ushbu bozorning asosiy ulushiga ega bo‘lib, bir vaqtning o‘zida katta investitsiyalar, ilmiy tadqiqotlar va kadrlar tayyorlashda o‘zaro raqobat muhitini rivojlantirmoqda.
Sun’iy intellekt nafaqat sanoat va moliyada, balki sog‘liqni saqlash, transport, davlat boshqaruvi va albatta, ta’lim sohasida ham keng qo‘llanilmoqda. Turli xalqaro tashkilotlar – Jahon banki, UNESCO taxminlariga ko‘ra, agar mamlakatlar sun’iy intellektni oqilona va mas’uliyat bilan joriy etsa, kelasi o‘n yillikda jahon yalpi ichki mahsulotiga yana bir necha trillion dollar qo‘shimcha qiymat qo‘shilishi mumkin. Bu raqamlar raqamli texnologiyalar, jumladan sun’iy intellektni joriy etishda peshqadamlik qilish qay darajada muhim ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Ayni vaqtda dunyoning yetakchi universitetlari sun’iy intellektdan “amaliyotchi” sifatida foydalana boshladilar. Masalan, AQSHning qator universitetlarida talabalarga maslahat beruvchi virtual yordamchilar, qabul va o‘qish jarayonlarini tahlil qilib boruvchi analitik platformalar qo‘llanilmoqda. Bu esa talabani chuqurroq tushunish va uni tizimli qo‘llab-quvvatlash imkonini bermoqda.
Britaniya, Yevropa va Osiyoning yetakchi universitetlarida esa masofaviy va gibrid ta’lim uchun sun’iy intellekt asosidagi personallashtirilgan o‘qitish tizimlari sinab ko‘rilmoqda. Bunday yechimlar har bir talabaning bilim darajasi, qiziqishlari va o‘qish sur’atiga moslashgan holda kontent, topshiriq va tavsiyalar taklif etadi.
Shu bilan birga, akademik halollikni ta’minlash uchun plagiatni tekshirish, onlayn imtihonlarda akademik qoidabuzarliklarni aniqlash, ilmiy ishlarda sun’iy intellektdan noto‘g‘ri foydalanish holatlarini ilk bosqichda nazorat qilib borish amaliyoti kengayib bormoqda.
Dunyo tajribasida yana bir muhim yo‘nalish – professor-o‘qituvchilar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hisoblanadi. Ayrim universitetlarda sun’iy intellekt yordamida o‘quv rejalarini bozor ehtiyojlariga tez moslashtirish, yangi fanlar va modullarni taklif etish, talabalarning ta’lim natijalariga tayangan holda dars metodikasini yangilab borish yo‘lga qo‘yilmoqda. Bularning aksariyatini bosqichma-bosqich O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish imkoniyati mavjud.
Endilikda bu tendensiyalardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi uchun aniq ustuvor yo‘nalishlarni belgilashimiz zarur. Birinchidan, oldimizda inson kapitalini rivojlantirish masalasi turibdi. Professor-o‘qituvchilarimiz va ilmiy xodimlarimiz uchun sun’iy intellekt, ma’lumotlar tahlili, raqamli pedagogika kabi yo‘nalishlar bo‘yicha tizimli qayta tayyorlash va malaka oshirish dasturlarini kengaytirishimiz kerak.
Har bir talaba – qaysi yo‘nalishda o‘qishidan qat’i nazar, sun’iy intellekt asoslari va raqamli gigiyena bo‘yicha bazaviy savodxonlikka ega bo‘lishi lozim. Shu bilan birga, kompyuter fanlari, injeneriya, iqtisodiyot, tibbiyot, agrar sohalarni qamrab olgan fanlararo dasturlar orqali yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashimiz kerak.
Ikkinchidan, sun’iy intellektni joriy etish albatta, etik va huquqiy me’yorlar asosida amalga oshirilishi zarur. Ma’lumotlar himoyasi, shaxsiy ma’lumotlar maxfiyligi, akademik halollik va shaffoflik hamda javobgarlik masalalari bo‘yicha aniq qoidalar, yo‘riqnomalar va tartiblar ishlab chiqilishi kerak. Universitetlar o‘zlarining ichki hujjatlari bilan sun’iy intellektdan foydalanishning tartib-qoidalarini belgilashi, talabalar va o‘qituvchilar uchun aniq “o‘yin qoidalari”ni shakllantirishi lozim.
Uchinchidan, raqamli infratuzilma va mahalliy ma’lumotlar bazasini rivojlantirish masalasi turibdi. Oliy ta’limda mavjud axborot tizimlarini modernizatsiya qilish, turli platformalar o‘rtasida integratsiyani kuchaytirish, sun’iy intellekt yechimlarini joriy etishga tayyor “iqtisodiy va texnik muhit”ni yaxshilashimiz kerak.
Bu yo‘lda mahalliy startaplar, xususiy sektor va xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikni kuchaytirish, universitetlar qoshida inkubatsiya va akseleratsiya muhitlarini yaratish muhim. Eng asosiysi, o‘zbek tilidagi va mamlakatimiz sharoitiga mos raqamli kontent va ma’lumotlar to‘plamlarini shakllantirmasak, sun’iy intellekt yechimlaridan to‘liq foydalana olmaymiz.
To‘rtinchidan, mamlakatimiz universitetlari sun’iy intellekt bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar markaziga aylanishi kerak. Buning uchun, ilmiy laboratoriyalar, ixtisoslashgan markazlar, xalqaro tadqiqot loyihalari, qo‘shma dastur va grantlar doirasini kengaytirishimiz zarur.
Yosh olimlar, talantli talabalar va doktorantlarimizga mahalliy muammolarni – ta’lim sifatini baholash, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, ekologiya kabi yo‘nalishlarda sun’iy intellektga asoslangan yechimlar ishlab chiqish uchun zarur shart-sharoit yaratishimiz lozim.
Yaqindagina “Ta’limda sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash va ulardan samarali foydalanish bo‘yicha rektorlar forumi”da bu boradagi muhim vazifalar batafsil belgilab olindi. Har bir oliy ta’lim muassasasi o‘zining sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqishi, alohida pilot loyihalarni boshlashi, professor-o‘qituvchilar va texnik mutaxassislar salohiyatini oshirishga sarmoya kiritishi zarur. Eng muhimi, biz bu yo‘lda hamkorlikda harakat qilishimiz, tajriba va natijalarni o‘zaro bo‘lishishimiz kerak.
O‘zA muxbiri N.Usmonova yozib oldi.
Ўзбекча
English
Русский