IIB xodimi fuqaroga murojaat qilganda o‘zini tanishtirishga majburmi?

Huquqiy munosabat

"Ichki ishlar organlari to‘g‘risidagi qonun"ning 8-moddasiga asosan ichki ishlar organlari o‘z faoliyatini fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ushbu huquqlar, erkinliklar va qonuniy manfaatlarni hurmat qilish asosida amalga oshiradi.

IIB xodimining fuqaro oldidagi vazifasi xususida Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Aygerim Aripbayeva quyidagilarni ma’lum qildi:

–IIB xodimlari fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishlari shart. Shuningdek, "Ichki ishlar organlari to‘g‘risida"gi qonunning yettinchi qismiga binoan ichki ishlar organi xodimi fuqaroga murojaat etganida o‘z lavozimini, unvonini, familiyasini, ismini, otasining ismini aytishi lozim.

Shu bilan birga, fuqaroning talabiga ko‘ra, xizmat guvohnomasini ko‘rsatishi, shundan so‘ng murojaat qilishi sababi va maqsadini ma’lum qilishi shart.  

Demak, IIB xodimlari fuqaroga murojaat qilganlarida avval o‘zlarini tanishtirishlari, so‘ng esa murojaat sababini ma’lum qilishi kerakligi haqida yuqorida keltirilgan qonunning 8-moddasida belgilab qoyilgan.

Gulnoza Boboyeva,

O‘zA

Powered by GSpeech