Huquqiy himoya tizimini yanada takomillashtirish zarur

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda inson huquqlarini, ayniqsa, aholining zaif qatlamlari – xotin-qizlar va bolalarning huquqlari hamda erkinliklarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. "Inson qadrini yuksaltirish" tamoyiliga asoslangan holda amalga oshirilgan islohotlar keng qamrovli huquqiy va institutsional o‘zgarishlarni o‘z ichiga olib, xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilmoqda. Bunda 2023 yilda qabul qilingan Konstitutsiyaning yangi tahriri inson huquqlarini ta’minlashda huquqiy kafolatlarni eng yuqori darajaga ko‘tardi.

Institutsional poydevorni mustahkamlash maqsadida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) vakolatlari kengaytirildi, jazoni ijro etish muassasalarida qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizm joriy etildi. Shu bilan birga, Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar Ombudsmani) lavozimining alohida ajratilishi va Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining tashkil etilishi sohaviy muammolarni manzilli hal qilish uchun mustahkam asos yaratdi.

Xotin-qizlarning haq-huquqlarini amaliy himoya qilishdagi muhim qadamlardan biri – "Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida" gi qonun qabul qilinishi bo‘ldi. Ushbu qonun asosida zo‘ravonlik qurbonlariga "Himoya orderi" berish amaliyoti joriy etildi. Order zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga nisbatan jabrlanuvchiga yaqinlashish, aloqa o‘rnatish kabi aniq cheklovlar o‘rnatib, jabrlanuvchining xavfsizligini kafolatlovchi tezkor preventiv chora hisoblanadi. Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida maxsus shelterlar (himoya maskanlari) tarmog‘i kengaytirildi. Bu maskanlar jabrlangan ayollarga psixologik, huquqiy, tibbiy va ijtimoiy yordamni kompleks ko‘rsatishga xizmat qiladi. Qo‘shimcha ravishda, "Ayollar daftari" tizimi joriy etilib, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan og‘ir ahvoldagi ayollarni kasbga o‘qitish, tadbirkorlik uchun subsidiyalar va ishga joylashtirish orqali ularning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlashga qaratildi. Bu, ayollarning ijtimoiy mavqeini ko‘tarish orqali ularning huquqiy himoyasini yanada mustahkamlaydi.

Bolalar huquqlarini himoya qilish sohasidagi asosiy yondashuv "Bolaning eng ustun manfaatlarini ta’minlash" tamoyiliga asoslanadi. Bu, ayniqsa, voyaga yetmaganlar adolati tizimida yaqqol namoyon bo‘lib, voyaga yetmaganlarga oid ishlarni ko‘rib chiqishda maxsus sudyalarning ishtiroki ta’minlandi, jazo choralarida tarbiyalash va reabilitatsiyaga ustuvorlik berildi. Mamlakatimizning majburiy va bolalar mehnatiga qarshi kurashdagi xalqaro e’tirof etilgan muvaffaqiyatlari Bola huquqlarini ta’minlashdagi qat’iy siyosatning natijasidir. Bolaning ustun manfaatlarini ta’minlash doirasida bolalarni oilada qoldirish va ularni internat muassasalariga joylashtirishga imkon qadar yo‘l qo‘ymaslik siyosati kuchaytirildi.

Shuningdek, huquqlarni himoya qilish tizimining muhim komponenti sifatida fuqarolik jamiyati institutlari (NNT) bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. NNTlar jabrlanuvchilarni reabilitatsiya qilish, huquqiy maslahat berish, shuningdek, davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda. Bundan tashqari, Konstitutsiyaning yangi tahririda shaxsiy daxlsizlik, so‘z erkinligi, shuningdek, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquqlilikning bevosita konstitutsiyaviy kafolatlari mustahkamlandi.

O‘zbekistondagi inson huquqlarini himoya qilish borasidagi islohotlar siyosiy iroda, tizimli institutsional o‘zgarishlar, NNTlar bilan hamkorlik va konstitutsiyaviy kafolatlar uyg‘unligida olib borilmoqda. Himoya orderi va shelterlar orqali zo‘ravonlikka qarshi kurashish, "Ayollar daftari" orqali ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash hamda barcha qarorlarda bolaning eng ustun manfaatini ta’minlash siyosati – bular O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi o‘z majburiyatlarini izchil bajarish va tizimni yanada takomillashtirish yo‘lidagi qat’iy qadamlaridir. Bu islohotlarning to‘liq samaradorligini ta’minlash uchun huquqiy ongni oshirish va amaliyotda qonunlarning so‘zsiz ijrosini ta’minlash borasidagi ishlar davom ettirilishi lozim.

A.G‘afforov,

O‘zA

Powered by GSpeech