O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi (TQKB)ning a’zo davlatlar ishtirokida tashkilotning 2-chorakdagi faoliyati yakuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan brifingida ishtirok etdi.
Boshqarma direktori vazifasini bajaruvchi Mauro Miyediko rahbarligida gibrid formatda tashkil etilgan tadbirda BMT bo‘linmalari rahbarlari, xususan inson huquqi bo‘yicha oliy komissar idorasi, Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi, Ayollar tuzilmasi, shuningdek Interpol, XVJ va tashkilotga a’zo davlatlar vakillari ishtirok etdi.
Mauro Miyediko brifingni ochar ekan, xalqaro hamjamiyat sa’y-harakatiga qaramay, terror guruhlari tinchlik va barqarorlikka tahdid solayotgani, ularning faoliyati kengayishi xavfi saqlanib qolayotganini ta’kidladi. Shu nuqtai nazardan, ushbu tahdidlarga qarshi hamkorlik qilish juda muhimligi aytildi. Ta’kidlanishicha, ayni yo‘nalishda Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi davlatlarga har tomonlama yordam bermoqda.
Shu asnoda Mauro Miyediko joriy yil may oyida Toshkentda O‘zbekiston hukumati ko‘magida uyushtirilgan Qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalasi bo‘yicha Markaziy Osiyo Mintaqaviy ekspertlar kengashi birinchi yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tkazilganiga alohida urg‘u berdi.
– Tadbir Markaziy Osiyo davlatlari uchun fuqarolarni ziddiyatli hududlardan repatriatsiya qilish bo‘yicha tajriba va axborot almashishda o‘ziga xos platforma hisoblanadi, – dedi BMT vakili.
Tadbirda so‘zga chiqqan SMTI direktori Eldor Aripov O‘zbekiston Respublikasining BMT bilan hamkorligini faol rivojlantirish mamlakatimiz tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekaniga e’tibor qaratdi.
– Buni Bosh kotib Antoniu Guterrish kuni kecha Toshkentga amalga oshirgan tashrifi ham yaqqol namoyon etdi, dedi O‘zbekiston vakili. – Anjumanda ikki tomonlama hamkorlik kun tartibidagi keng ko‘lamli masalalar, jumladan terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish jarayoni muhokama qilindi.
Shu nuqtai nazardan SMTI direktori Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tuzilgan Mintaqaviy ekspertlar Kengashining aniq maqsadi va vazifasi haqida ma’lumot berdi. Tuzilma faoliyati mintaqaviy hamkorlikni institutsionallashtirish, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashdagi sa’y-harakatlarni birlashtirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
E.Aripov joriy yil aholi radikallashuviga qarshi kurashda mahalliy hamjamiyat ishtiroki bo‘yicha Konferensiya hamda Mintaqaviy ekspertlar Kengashi ikkinchi yig‘ilishi o‘tkazilishi rejalashtirilgani to‘g‘risida ma’lum qildi. Yig‘ilish doirasida kelgusi faoliyat rejasi tasdiqlanadi. Shu munosabat bilan SMTI direktori keng doiradagi ekspertlar va fuqarolik jamiyati vakillarini bo‘lajak tadbirga taklif qildi. Ma’ruzasi yakunida O‘zbekiston BMT TQKB bilan tomonlarni qiziqtirgan barcha sohalarda hamkorlikni yanada chuqurlashtirish tarafdori ekanini yana bir bor tasdiqladi.
O‘z navbatida, BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi direktori vazifasini bajaruvchi janob Miyediko davlatimiz rahbariyatiga Markaziy Osiyoda Mintaqaviy ekspertlar Kengashini tashkil etishdagi muhim roli uchun minnatdorlik bildirdi.
– Biz mintaqaviy ekspertlar Kengashiga mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, qurolli mojaro zonalaridan qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilishdek juda muhim masalalar bo‘yicha hamkorlik modeli sifatida qaraymiz, – dedi u. – Boshqarma Kengash faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashiga ishonch bildiraman.
TQKB tomonidan har chorakda o‘tkaziladigan brifing BMTning 2010 yil 3 sentyabrdagi rezolyutsiyasi bilan ta’sis etilgan. Ushbu tadbirlarni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad ayni yo‘nalishdagi zamonaviy tendensiya va strategik ustuvorlik, Boshqarma mandatini Global aksilterror strategiyasiga muvofiq amalga oshirish masalalarini muhokama qilishdan iborat.
G‘.Xonnazarov tayyorladi. O‘zA
- Qo'shildi: 04.07.2024
- Ko'rishlar: 1429
- Chop etish