Ekologik choralar davomida tadbirkorlar mulkiy huquqlarini ta’minlash zarurligi eslatildi
So‘nggi kunlarda Toshkent shahrida havo sifatining pasayishi va ekologik vaziyatning keskinlashuvi jamoatchilik o‘rtasida jiddiy tashvish uyg‘otmoqda. Ushbu muammo davlat miqyosidagi eng ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.
O‘zbekiston prezidenti tomonidan poytaxtdagi ekologik holatni yaxshilashga qaratilgan farmon imzolangani, shuningdek, butun respublika bo‘ylab ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha maxsus komissiya tuzilib, tezkor va keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani aholi salomatligi va farovonligini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamlar sifatida qayd etilmoqda. Jumladan, maxsus komissiya tomonidan har kecha o‘tkazilayotgan reydlar doirasida ekologik qonunbuzarliklar aniqlanmoqda, havo ifloslanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillar bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.
Shu bilan birga, biznes-ombudsman ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar ijrosi jarayonida ayrim hududlarda tadbirkorlarning qonuniy mulkiga zarar yetkazilayotgani haqida murojaatlar ham kelib tushayotganini ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, «Tadbirkorlik faoliyatining erkinliklari kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz bo‘lib, davlat himoyasida hisoblanadi. Tadbirkorlik sub’yektini tugatish yoki uning mol-mulkiga nisbatan boshqa cheklov choralarini qo‘llash faqat vakolatli organ yoki sud qaroriga binoan amalga oshirilishi mumkin.
Shu munosabat bilan vakolatli davlat organlari ekologik tartibga solish choralarini amalga oshirish jarayonida tadbirkorlik sub’yektlarining qonuniy manfaatlari va mulkiy huquqlarini to‘laqonli ta’minlashga, xususiy mulkka nisbatan qonun buzilishiga yo‘l qo‘ymaslikka hamda barcha harakatlarni amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy muvofiq holda amalga oshirishga chaqirilmoqda.
Kun.uz
Ўзбекча
English
Русский