Davlat va fuqarolik sektori o‘rtasidagi sheriklikni yanada kuchaytiruvchi maydon

Poytaxtimizda davom etayotgan “Fuqarolik jamiyati haftaligi” doirasida “Fuqarolik jamiyatining holati va rivojlanish tendensiyalari” to‘g‘risidagi Milliy ma’ruza taqdimotiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.

Davra suhbatida bir qator mutaxassis va ekspertlar o‘z fikr va mulohazalarini bildirdi:

Nodir Tilavoldiyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari:

– “Fuqarolik jamiyati haftaligi” so‘nggi yillarda mamlakatimizda izchil an’anaga aylandi. Uni aynan Konstitutsiya kuni arafasida o‘tkazishimiz ham bejiz emas — bu fuqarolarimizning huquqiy madaniyatini oshirish, jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish va demokratik jarayonlarga keng yo‘l ochishga qaratilgan muhim ramziy qadamdir.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida biz fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish va ularning davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qiladigan huquqiy-me’yoriy asoslarni yanada mustahkamlash ustida izchil ish olib bormoqdamiz. Parlamentda jamoaviy tashabbuslar bo‘yicha komissiya tashkil etilgani, shuningdek, barcha qo‘mitalar huzurida Jamoatchilik kengashlarining faoliyat yuritayotgani — fuqarolar fikri va NNTlar tashabbuslari qonun ijodkorligi jarayonida to‘laqonli inobatga olinishi uchun yaratilgan samarali maydondir.

Ayniqsa, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarining ushbu kengashlardagi ishtiroki ortib borayotgani quvonarli hol. Bu nafaqat parlament faoliyatining ochiqligini ta’minlaydi, balki jamiyatdagi dolzarb muammolarni hal etishda davlat va fuqarolik sektori o‘rtasidagi sheriklikni yanada kuchaytiradi.

Azamat Pardayev, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi direktori:

– Bugun biz Yangi O‘zbekiston tarixida ilk bor “Yangi O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatining holati va rivojlanish tendensiyalari” mavzusidagi milliy ma’ruzani taqdimot qilyapmiz. 

Ma’ruzada mamlakatimizda 2016 yildan boshlangan keng ko‘lamli demokratik islohotlar natijasida shakllangan fuqarolik jamiyatining bugungi qiyofasi xolis baholandi, erishilgan yutuqlar tahlil qilindi va istiqboldagi strategik yo‘nalishlar belgilandi.

Shuningdek, fuqarolik jamiyatining huquqiy asoslari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlardagi hamkorligi, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini shakllantirishdagi ishtiroki hamda sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

Bobur Bekmurodov, "Yuksalish" harakati raisi:

– Jamoatchilik kengashlari davlat va jamiyat o‘rtasidagi muhim ijtimoiy ko‘prik bo‘lib, ularning samarali faoliyati “xalqchil davlat” tamoyilini amalga oshirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Hozirgi holat tahlili kengashlarda rasmiyatchilikka moyillik, mustaqillik va tashabbuskorlik yetishmasligi, moddiy va tashkiliy qaramlik saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda. 

Muammolarni bartaraf etish uchun kengashlarni shakllantirish jarayonlarini to‘liq shaffof va jamoatchilik ishtirokida tashkil etish, moliyaviy mustaqillikni kuchaytirish, grant va ijtimoiy buyurtmalar orqali faoliyatni qo‘llab-quvvatlash hamda barcha qaror va bayonnomalarni yagona ochiq platformada e’lon qilish zarur. 

Ana shunda Jamoatchilik kengashlari faqat nomiga emas, balki haqiqiy nazorat va jamoatchilik fikrini ifoda etuvchi institutga aylanishi, davlat va jamiyat o‘rtasidagi ishonch ko‘prigiga, muloqotning ta’sirchan mexanizmiga aylanishi mumkin.

Kamoliddin Ishanxo‘jayev, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlar milliy assotsiatsiyasi raisi:

– Mamlakatimizda NNTlarning tashabbusli ijtimoiy loyihalarini moliyalashtirish mexanizmlari ko‘llab-quvvatlanmoqda. BHMning 1000 baravarigacha tanlovsiz moliyalashtirish imkoniyati tashkilotlarning institutsional salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, xorijiy grant va mablag‘larni jalb qilish tartibining soddalashtirilishi NNTlarning moliyaviy barqarorligini ta’minlashda muhim omilga aylandi. Murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatining qisqartirilishi va ruxsatsiz olinishi mumkin bo‘lgan mablag‘ miqdorining oshirilishi natijasida oxirgi uch yilda 120 million dollardan ortiq xalqaro mablag‘lar jalb qilindi.

Elektron hukumat imkoniyatlarining kengayishi NNTlar faoliyatida yangi bosqichni boshlab berdi. 2019 yilda ishga tushirilgan e-ngo.uz platformasi orqali 99 mingdan ziyod davlat xizmati ko‘rsatilgani byurokratiyani kamaytirdi, hisobdorlik va shaffoflikni oshirdi.

Hotamjon Ketmonov, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi boshqarma boshlig‘i:

– Bugungi kunda jahon hamjamiyati bir qator global muammolar – ijtimoiy tengsizlik, aholining zaif qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, hamjihatlikni saqlash va jamiyat barqarorligini ta’minlash kabi dolzarb masalalarga yechim izlamoqda.

Bu borada mahalliy darajadagi ta’sirchan va insonparvar institutlar – davlat va jamiyat o‘rtasidagi ishonchli ijtimoiy ko‘prik sifatida ulkan ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekistonda ana shunday institut — mahalla hisoblanadi. 

Mahalla — odamlarning ongli va hamjihat bo‘lib yashash joyi. Nodavlat tashkilot sifatida odamlar hayotidagi eng muhim muammolarni aniq maqsadli usulda yecha olishga qodir muassasa.

2024 yil 1 yanvardan boshlab respublikadagi 9 008 ta mahallada 57 ming nafarga yaqin “mahalla yettiligi” o‘z faoliyatini boshladi. Shu bilan birga, aholining muammolari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlaydigan va joyida xal qiladigan tizim yaratildi. Odamlarning har qanday masalasi, muammolari, ijtimoiy yordam va xizmatlar ko‘rsatish mahallaning o‘zida hal etilyapti.

Abduaziz Abutalipov, O‘zbekiston milliy media birlashmasi bosh direktori:

–Jurnalistika etikasi va professionalizm O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatining yetilishini belgilaydigan strategik omilga aylandi. Jurnalist – bu shunchaki axborot tarqatuvchi emas, balki jamoatchilik ishonchi, islohotlar mazmuni va milliy muloqot sifatini shakllantiruvchi yetakchi figuradir. 

Bugungi axborot tezligi sharoitida faktga tayanish, inson qadrini hurmat qilish, sensatsiyaga berilmaslik va manbalarni tekshirish jurnalistning asosiy etik majburiyatlaridir. Professional jurnalistika jamiyatda ishonchni mustahkamlaydi, davlat va fuqarolar o‘rtasida ochiq muloqotni kuchaytiradi. Shu bois faktcheking standartlarini rivojlantirish, mas’uliyat madaniyatini oshirish, o‘qitish va xalqaro tajribani joriy etish, media savodxonlik platformalarini kengaytirish zarur. 

Jurnalistning har bir so‘zi jamiyat kayfiyati va ishonch muhitini o‘zgartira oladi. Shuning uchun O‘zbekistonda kuchli, rostgo‘y va professional media madaniyatini shakllantirish nafaqat kasbiy vazifa, balki ijtimoiy missiyadir.

Nurillo Nasriyev tayyorladi.

O‘zA

Powered by GSpeech