Olmaliq kombinati mis ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi uchta eng yirik kompleksdan biriga aylanadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-mart kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrif buyurib, 3-mis boyitish fabrikasini ishga tushirish marosimida ishtirok etdi. Shuningdek, davlatimiz rahbari mis konsentratini ishlab chiqarish jarayoni va kombinatda tashkil etilgan Raqamlashtirilgan boshqaruv markazi faoliyati bilan tanishdi, tog‘-kon sanoatidagi yirik investitsiya loyihalarini jadallashtirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Davlatimiz rahbari dastlab 3-mis boyitish fabrikasini ishga tushirish marosimida qatnashdi.

Yurtimizda sanoat, energetika, infratuzilma, servis sohalarida ko‘plab yirik loyihalar ishga tushirilmoqda. Har bir hududda yangi uy-joy massivlari, ta’lim va tibbiyot muassasalari, turizm va madaniyat maskanlari bunyod etilmoqda.

Mamlakatimiz sanoati rivoji uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan 3-mis boyitish fabrikasi ham ana shunday keng ko‘lamli ishlar va bunyodkor xalqimizning fidokorona mehnati mahsulidir.

“Yoshlik-1” konini o‘zlashtirish dasturi doirasida 196 gektar maydonda amalga oshirilayotgan qiymati 2 milliard 700 million dollarlik ushbu loyiha shunchaki korxona emas, balki mamlakatimiz sanoat qudratini yanada mustahkamlaydigan, tabiiy boyliklarimizni chuqur qayta ishlashga xizmat qiladigan zamonaviy industrial majmua hisoblanadi.

Fabrika yiliga 60 million tonna ma’danni qayta ishlab, 900 ming tonnaga yaqin mis konsentrati ishlab chiqarish quvvati bilan nafaqat Markaziy Osiyodagi eng yirik mis ishlab chiqaruvchi majmualardan biri, balki dunyodagi yirik boyitish fabrikalari sirasiga kiradi.

Loyihani jahon standartlari darajasida amalga oshirish maqsadida Italiyaning “Wood”, Buyuk Britaniyaning “Worley Parsons” kabi kompaniyalari jalb etildi. Fabrikada jahonning yetakchi kompaniyalari – “Metso”, “FLSmidth”, “Weir Minerals” va “Siemens” texnologiyalari joriy etilgan.

Mazkur loyiha hududdagi turdosh sanoat tarmoqlari rivojiga ham kuchli turtki berdi. Qurilishda ishlatilgan metall konstruksiyalar hajmiga teng materialdan 10 ta Eyfel minorasi, temir-beton sarfiga esa qariyb 2,5 ta Burj Xalifa minorasini barpo etish mumkin. Bu fabrikaning megaloyiha ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.

“Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida fabrika hududida keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Tomchilatib sug‘orish tizimlari va ekodizayn yechimlari sanoat hamda tabiat muvozanatini ta’minlashga xizmat qiladi.

Prezidentimiz o‘z nutqida so‘nggi yillarda tog‘-kon sanoatida amalga oshirilgan islohotlar natijalari va kelgusi rejalar haqida so‘z yuritdi.

Konlarni investorlarga berish bo‘yicha shaffof tizim yaratilganining hisobiga to‘qqiz yilda 10 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritildi. Bugun sohada 65 ta xususiy korxona faoliyat yuritmoqda.

Natijada tarmoqda ishlab chiqarish 1,7 barobar o‘sib, o‘tgan yilda 270 trillion so‘mga yetdi. Sanoat hajmi va byudjetga tushumning to‘rtdan biri ushbu tarmoq hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Muhimi, yuqori daromadli eng ko‘p ish o‘rinlari ham aynan shu sohadagi korxonalarda.

Xorijiy hamkorlar bilan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash yo‘lga qo‘yilgani ham eng katta yutuqlardan biri bo‘lgani ta’kidlandi.

Xususan, Olmaliqda “Moskva po‘lat va qorishmalar instituti” universiteti filiali (“MISiS”), Olmaliq texnika instituti, Toshkent shahrida Geologiya fanlari universiteti (Uxan geologiya universiteti bilan hamkorlikda) hamda Italiyaning Piza universiteti filiali tashkil qilindi. Navoiy konchilik texnologiyalari universitetida ham Rossiya, Kanada, AQSH, Fransiya va Chilining ilg‘or oliygohlari bilan qo‘shma dasturlar yo‘lga qo‘yildi.

Buning samarasi o‘laroq, ilgari qimmatbaho va rangli metallar asosan xomashyo shaklida eksport qilingan bo‘lsa, bugun yiliga 100 ming tonna mis o‘zimizda qayta ishlanib, yuqori qiymatli mahsulot yaratilmoqda, qisqa muddatda zargarlik sanoatida ishlab chiqarish 3,3 karra o‘sib, 13 trillion so‘mdan oshdi.

Prezidentimiz joriy yilning o‘zida ishga tushadigan loyihalarni hisobga olib, misni chuqur qayta ishlash quvvatlari 240 ming tonnaga yetishini ta’kidladi. Yaqin ikki-uch yildagi yangi loyihalar natijasida bu ko‘rsatkichlar yanada oshadi.

Mis sanoat, energetika, elektrotexnika, raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt, “yashil” taraqqiyot uchun strategik xomashyoga aylangani ko‘rsatib o‘tildi.

– Kimki mis sanoatida yuqori qiymat zanjirini yaratsa, kelajak sanoatini barpo etgan bo‘ladi. Qaysi davlat bu xomashyoni chuqur qayta ishlash uchun kuchli infratuzilma yaratsa, u minglab oilalarga daromad, hududlarga taraqqiyot, mamlakatga qudrat olib keladi. Shu bois, biz islohotlarimizning ilk kunlaridan geologiya-qidiruv ishlariga alohida e’tibor qaratib, mavjud zaxiralar va ularni ishga solish bo‘yicha imkoniyatlarimizni belgilab oldik, – dedi davlatimiz rahbari.

Birgina “Yoshlik-1” konidan joriy yilning o‘zida 20 million tonna ruda qazib olinadi. Bu raqam kelgusi ikki yilda 60 million tonnaga yetadi.

Umuman, “Yoshlik-1” va “Qalmoqqir” konlarida 45 million tonna mis, 5 ming tonnadan ziyod oltin zaxirasining borligi, ushbu zaxira sanoatga kamida 100 yilga yetadigan kafolatli xomashyo bazasi bo‘lishi ta’kidlandi. Konlardagi molibden, selen, tellur, reniy kabi noyob metallar yangi innovatsion yo‘nalishlardagi loyihalar uchun mustahkam zamin yaratadi.

3-mis boyitish fabrikasi to‘liq ishga tushganidan keyin Olmaliq kombinatida mis konsentratining kunlik hajmi hozirgi 2 ming 400 tonnadan 5 ming tonnaga oshadi. Shu bilan birga, loyiha doirasida 6 mingdan ziyod yoshlar yuqori daromadli ish joyiga ega bo‘ladi. Fabrikada AQSH, Germaniya, Rossiya, Xitoy va Finlyandiyaning tog‘-kon sanoatidagi  eng ilg‘or texnologiyalari joriy qilinmoqda. Barcha texnologik jarayonlar raqamlashtirilib, sun’iy intellekt asosida yagona boshqaruv tizimiga ulanadi. Bularning hisobiga energiya sarfi 10 foizga, tannarx 15 foizga kamayadi, mehnat unumdorligi esa 10 foizga oshadi.

Bundan tashqari, qiymati 2,5 milliard dollarlik yangi mis eritish zavodini barpo etish bo‘yicha ishlar ham boshlangan.

Umuman, ushbu 2 ta yirik quvvat hisobiga mis katodi ishlab chiqarish yillik hajmi 148,5 ming tonnadan 300 ming tonnaga, oltin 20 tonnadan 33 tonnaga, kumush 161 tonnadan 203 tonnaga, molibden 850 tonnadan 1,7 ming tonnaga yetishi ta’kidlandi. Shu bilan birga, uran qazib olish va kimyo sanoati uchun zarur xomashyo bo‘lgan sulfat kislotasini ishlab chiqarish 3 karra oshadi.

Prezidentimiz bu ko‘rsatkichlarni yana 1,5 karra oshirishga xizmat qiladigan 4-misni boyitish fabrikasi bo‘yicha loyihaoldi ishlar jadal ketayotganini ta’kidladi.

O‘zbekiston 2030-yilga qadar ishlab chiqarishni oltinda 175 tonnaga, kumushda 500 tonnaga, uranda 15 ming tonnaga, misda 500 ming tonnaga yetkazishni maqsad qilgan. Bu borada amalga oshirilayotgan 22 milliard dollarlik loyihalar doirasida yaratiladigan 40 mingga yaqin yuqori daromadli ish o‘rinlari yoshlarimiz uchun katta imkoniyat bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari fabrikani qurishda faol ishtirok etayotgan barcha ishchi-xodimlar, quruvchi va mashinistlar, muhandis va texnologlar, geolog va konchilar, o‘zining tajribasi va kasbiy salohiyati bilan yoshlarga ustozlik qilayotgan faxriylar, loyihaga o‘z hissasini qo‘shayotgan xorijiy hamkorlarga chuqur minnatdorchilik bildirdi. Fabrikaning yangi mehnat jamoasiga esa kelgusi ishlarida ulkan zafarlar tiladi.

Kombinat ishchilari, mehnat faxriylari, professor-o‘qituvchilar bilan muloqot bo‘ldi.

Marosim yakunida davlatimiz rahbari ramziy tugmani bosib, fabrika faoliyatiga start berdi.

Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida barpo etilgan mis konsentratini filtrlash korpusida bo‘ldi.

3-mis boyitish fabrikasi tarkibidagi korpus yiliga 917 ming tonnaga yaqin mis konsentrati ishlab chiqarish quvvatiga ega. Zamonaviy sanoat press-filtrlari, nasos agregatlari, shlam va suv aylanma tizimlari o‘rnatilgan. Uskunalar xalqaro standartlar asosida ishlab chiqarilgan bo‘lib, yuqori samaradorlik va energiya tejamkorligi bilan ajralib turadi.

Ayni vaqtda qurilish ishlari to‘liq yakunlanib, korpusda umumiy 5 ta press-filtrdan 3 tasi to‘liq ishga tushirilgan, yana 2 tasi ishga tushirishga hozirlanmoqda.

Filtrlash korpusida flotatsiya jarayonidan kelgan mis konsentratini qabul qilish, konsentratni quyultirish va filtrlash, tindirilgan suvni ajratish va qayta ishlab chiqarishga qaytarish, tayyor mis konsentratini saqlash yoki keyingi qayta ishlash bosqichiga uzatish kabi texnologik jarayonlar amalga oshiriladi.

Bugungi kunda bu yerda 130 nafarga yaqin ishchi mehnat qilmoqda.

Davlatimiz rahbari ish jarayoni va tayyor mahsulotni ko‘zdan kechirdi, xodimlar bilan suhbatlashdi. 

Prezidentimiz ishtirokida shu yerning o‘zida mis konsentratidan namunalar olish marosimi o‘tkazildi. Namunalar 2 ta alohida idishga solinib, Olmaliq kombinati muzeyi va Toshkentdagi Davlat geologiya muzeyiga yuborildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida tashkil etilgan Raqamlashtirilgan boshqaruv markazi faoliyati bilan tanishdi.

Mazkur markaz kombinatning 1-, 2- va 3-mis boyitish fabrikalaridagi ishlab chiqarish jarayonlarini muvofiqlashtirish, samaradorlikni oshirish va uzluksiz monitoringni ta’minlashda muhim o‘rin tutmoqda.

Zamonaviy raqamli boshqaruv tizimlari, katta ekranli monitoring panellari, videokuzatuv vositalari, shuningdek, “Siemens PCS 7” va “AVEVA PI Vision” platformalari orqali maydalash, flotatsiya, quyultirish, filtrlash, reagentlar bilan ta’minlash, texnologik suv ta’minoti, sexlar va transport tizimi faoliyati real vaqt rejimida nazorat qilinmoqda.

Boshqacha aytganda, ushbu markaz fabrikaning o‘ziga xos “miyasi” bo‘lib, yigirma mingdan ziyod uskuna yagona axborot tizimiga ulangan.

“Aqlli” kameralar orqali dastlabki monitoring amalga oshiriladi, sun’iy intellekt yordamida esa anomal holatlar avtomatik tarzda aniqlanadi. Bu ma’lumotlarni yagona axborot tizimi orqali tahlil qilish va tezkor qarorlar qabul qilish imkonini beradi.

Prezidentimiz markaz faoliyati bilan tanishar ekan, sun’iy intellekt orqali, ayniqsa, tog‘-kon va metallurgiya tarmoqlarida samaradorlikni oshirish bo‘yicha katta imkoniyatlar borligini ta’kidladi. Shu bilan birga, suv resurslaridan oqilona foydalanish maqsadida zamonaviy resurs tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

Shu yerning o‘zida davlatimiz rahbariga kombinatning ishlab chiqarish va texnologik jarayonlarini yanada raqamlashtirish bo‘yicha rejalar taqdimot qilindi.

Qayd etilganidek, kondan ma’dan qazib olishdan boshlab tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar bosqichma-bosqich raqamlashtirilmoqda. Kelgusi besh yilda har bir bosqichga sun’iy intellekt yechimlarini keng joriy etish ko‘zda tutilgan.

Sakson yil davomida to‘plangan geologik va marksheyderlik ma’lumotlari asosida konlarni raqamlashtirish ishlarining borishi haqida ham axborot berildi. Jumladan, “Raqamli kon” tizimi kunlik, haftalik va oylik qazish ishlarining aniq yo‘nalishlarini belgilash imkonini bermoqda.

Sun’iy intellekt asosida karer yo‘llari holati nazorat qilinmoqda, samosval shinalarining bosimi va harorati datchiklar orqali kuzatib borilmoqda. Ana shunday doimiy monitoring natijasida shinalarning xizmat muddati 14 foizga oshirilgan.

Sohada zamonaviy texnologiyalarni chuqur o‘zlashtirgan mutaxassislar tayyorlash, kadrlarni yangi ish usullari va raqamli yechimlar asosida o‘qitish ustuvor vazifalardan biri ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Patent ishlari ko‘lamini kengaytirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Fabrikadagi har bir bosqichda qo‘llanilayotgan ilmiy-texnologik yechimlarni patentlash, bu borada vakolatli tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, istiqbolli innovatsion yo‘nalishlarni belgilab olish zarurligi ta’kidlandi.

Qayd etilganidek, yangi patent bu – yangi texnologiya, yangi ishlab chiqarish yo‘nalishi va yangi bozorlar, demak. Mamlakatimizdagi boy xomashyo bazasi jahon bozorlariga chiqish uchun keng imkoniyatlar yaratayotgani inobatga olinib, 2026-yilda qaysi istiqbolli yo‘nalishlarda yana qancha patent olish mumkinligi yuzasidan aniq yondashuvlarni ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrif doirasida tog‘-kon sanoatida amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalarini jadallashtirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, robototexnika, energetika, elektrotexnika, kimyo va mudofaa sanoati kabi strategik tarmoqlarni jadal rivojlantirish ko‘p jihatdan mis, uran, litiy, volfram va boshqa muhim metallar bazasiga tayanadi. Dunyo bozorlarida mazkur resurslarga talab oshib borayotgani, jumladan, mis konsentrati bozorida taqchillik kuchayib, narxlar o‘sishi kutilayotgani tog‘-kon va metallurgiya sohasidagi loyihalarni tezlashtirishni yanada dolzarb qilib qo‘ymoqda.

Shu munosabat bilan 2030-yilga qadar O‘zbekistonda oltin ishlab chiqarishni 175 tonnaga, kumushni 500 tonnaga, uranni 15 ming tonnaga, misni 500 ming tonnaga yetkazish bo‘yicha belgilangan marralarga erishish uchun barcha imkoniyatlarni to‘liq safarbar etish zarurligi qayd etildi.

Bu borada har bir yirik loyihani aniq grafik asosida amalga oshirish, moliyalashtirish, qurilish, logistika, texnologik jihozlash va kadrlar bilan ta’minlash masalalarini o‘zaro uyg‘unlikda hal qilish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda, avvalo, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida amalga oshirilayotgan strategik loyihalarning borishi tanqidiy ko‘rib chiqildi. Xususan, 3-mis boyitish fabrikasining keyingi navbatlarini jadallashtirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.

Shuningdek, mazkur loyihaning texnologik davomi hisoblangan yangi mis eritish zavodini barpo etish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Unda texnik-iqtisodiy asosni yakunlash, xorijiy ekspertlarni jalb qilish, qisqa muddatlarda qurilish ishlarini boshlash yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.

Olmaliq kombinatining istiqboldagi ehtiyojlaridan kelib chiqib, 4-mis boyitish fabrikasi bo‘yicha texnik-iqtisodiy asosni ishlab chiqish uchun nufuzli xalqaro kompaniyalarni jalb etish vazifasi alohida ko‘rsatib o‘tildi. Ushbu hujjatda suv ta’minoti, temir yo‘l, energetika infratuzilmasi, ekologik talablar va yuqori samarali texnologiyalarni kompleks qamrab olish lozimligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda joriy yil uchun tarmoqda 90 ta loyiha doirasida 2 milliard 200 million dollar investitsiya jalb qilish, 172,5 ming tonna mis, 120 tonna oltin, 210,5 tonna kumush va 8 ming tonna uran ishlab chiqarish vazifalari belgilangani qayd etildi.

Shu bilan birga, bir qator istiqbolli konlar va ob’ektlar bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslarni tez fursatda yakunlash, ekspertiza jarayonlarini soddalashtirish bo‘yicha qabul qilingan yangi qaror imkoniyatlaridan samarali foydalanish zarurligi ta’kidlandi. Hukumatga ushbu loyihalar doirasidagi tashkiliy va huquqiy masalalarni qisqa muddatda hal qilish topshirildi.

Energetika resurslariga bo‘lgan talab ortib borayotgan sharoitda ko‘mir qazib chiqarish va uni qayta ishlash loyihalarini jadallashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Aholi va sanoat korxonalariga ko‘mir yetkazib berish hajmini oshirish yuzasidan vazifalar belgilandi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati faoliyati doirasida “Muruntov” konini kengaytirishning navbatdagi bosqichi, yangi konlarni o‘zlashtirish, murakkab rudalardan oltin ajratib olish texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, ayrim yirik loyihalar bo‘yicha investorlar bilan hamkorlik mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Metallurgiya yo‘nalishida “O‘zmetkombinat”da ishlab chiqarish hajmini oshirish, ichki xomashyo bazasidan samarali foydalanish, raqobatbardosh mahsulot turlarini ko‘paytirish, bozor talabiga mos metall listlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi. Bu borada xomashyo ta’minoti, mahsulot turlarini diversifikatsiya qilish va yangi bozorlarni o‘zlashtirish bo‘yicha aniq choralar belgilandi.

Yig‘ilishda Texnologik metallar kombinati faoliyatiga ham to‘xtalinib, sanoat uchun muhim metallar va murakkab qotishmalar ishlab chiqarishni kengaytirish, selen, tellur, kukun metallurgiyasi detallari va boshqa yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni jadallashtirish vazifasi qo‘yildi.

Tarmoq korxonalarida tannarxni pasaytirish va xarajatlarni qisqartirish masalalari ham diqqat markazida bo‘ldi. Mutasaddilarga bir birlik mahsulot tannarxini qisqartirish, energiya sarfini kamaytirish, resurslardan tejamkor foydalanish va oyma-oy aniq natijalarga erishish bo‘yicha manzilli dasturlar ishlab chiqish topshirildi.

Davlat xaridlari va kooperatsiya sohasida mahalliy komponentni kengaytirishga alohida urg‘u berildi. Shu bois, mutasaddilarga loyihalar va xaridlarda mahalliy komponent ulushini joriy yilda 2 milliard dollardan oshirish bo‘yicha aniq ko‘rsatkichlar belgilab berildi.

Shuningdek, geologiya-qidiruv ishlarini kuchaytirish, qo‘shimcha zaxiralarni aniqlash, yangi kon va investitsiya bloklarini investorlarga taklif qilish, uglevodorodga istiqbolli maydonlarni iqtisodiyotga jalb etish bo‘yicha rejalar muhokama qilindi. Bu yo‘nalishda joriy yilda oltin, kumush, mis, uran va rux zaxiralarini sezilarli oshirish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda sohada amalga oshirilayotgan 22 milliard dollarlik loyihalar doirasida 38 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi, jumladan, 7,5 ming muhandis va 14 ming o‘rta bo‘g‘in mutaxassislariga ehtiyoj paydo bo‘lishi qayd etildi. Shu munosabat bilan sohadagi oliy ta’lim muassasalari va texnikumlar faoliyatini yangi talablar asosida tashkil etish, ta’lim dasturlarini zamonaviy texnologiyalarga moslashtirish, dual ta’limni keng joriy etish, diplom ishlarini bevosita ishlab chiqarish vazifalari bilan bog‘lash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Bundan tashqari, oliygohlardagi ilmiy tadqiqotlarni kombinatlardagi amaliy texnologik yechimlarga yo‘naltirish, ilmiy ishlar natijalarini ishlab chiqarishga tatbiq etish, talabalar uchun o‘quv-mashg‘ulot poligonlarini tashkil qilish, sanoat korxonalarida sexlarni amaliyot va tadqiqotlar uchun moslashtirish vazifalari belgilandi.

Yangi loyihalar doirasidagi dolzarb ilmiy mavzular ro‘yxatini ochiq e’lon qilish tizimini yo‘lga qo‘yish topshirildi. Bu tadqiqotlarda sohadagi 5 ta oliygoh bilan bir qatorda texnika yo‘nalishidagi barcha davlat, xususiy oliygoh va ilmiy tashkilotlar ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.

Yig‘ilish yakunida tog‘-kon, metallurgiya, kimyo va neft-gaz kabi bazaviy tarmoqlarda yirik loyihalar ijrosini tizimli nazorat qilish maqsadida Prezident rahbarligida Sanoat kengashi tuzilishi ma’lum qilindi. Ushbu kengash doirasida yirik korxonalarni xalqaro standartlar asosida transformatsiya qilish, tannarx va energiya sarfini kamaytirish, xomashyoni chuqur qayta ishlash, mahalliy kontentni oshirish, barcha jarayonlarni raqamlashtirish, sun’iy intellektni joriy etish, investitsiya va eksportni ko‘paytirish bo‘yicha oylik ish rejalari tasdiqlanadi.

Mutasaddi rahbarlarga ushbu rejalar ijrosini har oy joylarga chiqqan holda korxonabay tanqidiy muhokama qilish, mavjud masalalarni tezkor hal etish va har chorak yakunlari bo‘yicha hisobot kiritib borish topshirildi.

 Ziyodulla JONIBEKOV,

Ikrom AVVALBOEV,

Abdulaziz RUSTAMOV,

Behruz XUDOYBERDIEV,

O‘zA muxbirlari

Powered by GSpeech