1 dekabr – Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni

Bugun butun dunyoda OIV infeksiyasiga chalingan qariyb 40 million bemor qayd etilmoqda. Yiliga esa 1,5 millionga yaqin yangi holatlar kuzatilmoqda.

Eng achinarlisi, ushbu infeksiya har yili qariyb 600 ming insonning hayotiga zomin bo‘lmoqda. Bu raqamlar global miqyosda kasallik ustidan nazoratni kuchaytirish, erta tashxis va davolash tizimlarini takomillashtirish zarurligidan darak beradi.

1988 yilda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1 dekabr sanasi Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni sifatida e’lon qilinganidan beri ushbu sana butun dunyo bo‘ylab jamiyatning e’tiborini OITS muammosiga qaratishda muhim rol o‘ynab kelmoqda. Bu sana nafaqat xastalik haqida ogohlikni oshiradi, balki OIV bilan yashayotgan insonlarga nisbatan kamsitish va stigma kabi ijtimoiy muammolarga qarshi kurashish zarurligini ham eslatib turadi.

Mutaxassislar infeksiyaning insonlar orasida ortib borayotganini erta tashxis qo‘yish pastligi bilan bog‘laydi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosiga qarashli 53 mamlakatda, jumladan Markaziy Osiyo davlatlarida OIV bilan yashayotgan bemorlarning chorak qismi o‘z xastaligidan mutlaqo bexabar. Ba’zilari kasallikning kech bosqichida tashxis qo‘yilganidan so‘nggina tibbiy yordamga murojaat qiladi.

Kasallikni kech aniqlash uning boshqalarga yuqish ehtimolini kuchaytiradi. Qolaversa, davolash va muolajalar samaradorligini ham kamaytiradi. Shu sababli, dunyo miqyosida OIVni erta aniqlash bo‘yicha tekshiruv dasturlarini kengaytirish har qachongidan ko‘ra muhim sanaladi.  

So‘nggi yillarda O‘zbekiston OITSga qarshi kurashda sezilarli yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda. Bu yutuqlar BMTning OIV bo‘yicha qabul qilgan “95-95-95” strategiyasiga mos ravishda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlardan dalolat beradi.

Yurtimizda 2024 yilning uchinchi choragi yakunlariga ko‘ra, OIV tashxisi qo‘yilgan bemorlarning 84 foizi davolashning dunyoda tan olingan usuli - antiretrovirus muolajalari bilan qamrab olingan.  

Bu Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib, zarur preparatlarning 80 foizi davlat byudjeti hisobidan moliyalashtirilayotgani sog‘liqni saqlash tizimida ijtimoiy adolat tamoyilining muhim ko‘rinishi deyish mumkin.

Dunyo bo‘yicha kuzatilayotgan eng xavfli holatlardan biri OITSning jinsiy yo‘l bilan yuqish ko‘rsatkichlarining o‘sib borayotgani.

2024 yilda O‘zbekistonga qaytgan 158 mingdan ortiq mehnat muhojirlarining deyarli 80 foizi OIV bo‘yicha tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.  

Bu migratsiya jarayonlari tufayli infeksiya tarqalishi xavfini kamaytirishning muhim omillaridan biridir. Aniqlangan holatlar esa dispanser nazoratiga olinib, davolanishga yo‘naltirilmoqda.

Mamlakatimizda homilador ayollar orasida OIV aniqlash bo‘yicha keng ko‘lamli skrining dasturi olib borilmoqda. Har yili o‘rtacha 600 ming ayol ushbu tekshiruvdan o‘tadi. OIV infeksiyasi aniqlangan ayollardan tug‘ilgan chaqaloqlar uchun maxsus profilaktika protokollari joriy etilgan bo‘lib, ular o‘z vaqtida retrovirusga qarshi dorilar bilan ta’minlanadi. Dastur samaradorligi yuqori bo‘lib, onadan bolaga infeksiya yuqishining oldini olish ko‘rsatkichlari 95 foizdan ortiqni tashkil etmoqda.  

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan bemorlarni virusga qarshi davolash kasallikning bosqichidan qat’iy nazar, u aniqlangan kundan boshlanishi zarurligi tavsiya etiladi.  

Ushbu kasalliklarga qarshi kurashish kompleks yondashuvni talab etadi.  

Bunda raqamli texnologiyalarni joriy etish ham katta ahamiyatga ega. Sababi, ular ma’muriy jarayonlarni optimallashtirish, ma’lumotlarni boshqarishni takomillashtirish, bemorlarning holatini doimiy monitoring qilib borish imkonini beradi.

Shundan kelib chiqib, Respublika OITSga qarshi kurashish markazida takomillashtirilgan yagona elektron tizim ishga tushirildi va Ijtimoiy himoya milliy agentligining elektron bazasi bilan integratsiya qilindi. Bu esa, bemorlar holatini kuzatish, profilaktika va davolash jarayonlarida aniqlikni ta’minlash va statistik ma’lumotlarni tez va aniq tahlil qilish imkonini beradi. Ushbu tizim OIVga qarshi kurash jarayoni sifat jihatdan yangi bosqichga o‘tganini anglatadi.

Xalqaro ekspertlarning fikricha, 2030 yilgacha OIVning aholi salomatligiga tahdid sifatidagi global xavfini kamaytirishga doir ustuvor maqsadlarga erishish mumkin. Buning uchun hukumatlar xastalikning oldini olish, unga qarshi kurashish, infeksiyani erta bosqichda aniqlash va samarali davolash uchun zarur resurslar ajratishi kerak.

1 dekabr – Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni bizni yana bir bor ushbu kasallikning global miqyosdagi xavfi, uning ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlari, shuningdek, unga qarshi kurashda xalqaro birdamlikning naqadar muhimligini eslatadi.  

Bugun dunyo bo‘ylab millionlab bemorlar bu kasallik bilan yashayotgan bir paytda, erta tashxis, zamonaviy davolash, raqamli monitoring tizimlari va profilaktika dasturlari OIV tarqalishini nazorat qilishda hal qiluvchi rol o‘ynamoqda.

Bizning asosiy vazifamiz OIV bilan yashayotgan bemorlarga ko‘mak berish, jamiyatda sog‘lom xulq-atvor madaniyatini shakllantirish hamda har bir insonning tibbiy xizmatdan teng foydalanishini ta’minlashdir. Ana shunday yondashuvlargina OITSni sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi. 

Dildora DO‘SMATOVA

O‘zA

Powered by GSpeech