O'zbekistonning BMT Kengashidagi tashabbuslari va huquqshunoslik sohasi istiqbollari

4 mart kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan “O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi 46-sessiyasidagi nutqida yuridik fan va amaliyot uchun belgilangan vazifalar” mavzuida davra suhbati o'tazildi. Tadbir O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov va O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti direktori Murod Turg'unov tadbir ishtirokchilarini qutlar ekan, davlatimiz rahbari BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi 46-sessiyasida so'zlagan nutqining mohiyati va ahamiyatiga e'tibor qaratdilar.

Davra suhbatida ta'kidlanganidek, O'zbekiston ilk bor BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zosi sifatida 2021 yil 1 yanvardan o'z vazifalarini bajarishga kirishdi. An'anaga ko'ra, BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining bahorgi sessiyasi doirasida 22-24 fevral` kunlari Jeneva shahrida bo'lib o'tgan Yuqori darajadagi segment ishida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Kengashga a'zo davlat rahbari sifatida birinchi marta ishtirok etdi va so'zga chiqdi.

BMT Kengashi sessiyasida BMTning Bosh kotibi Antoniu Guterrish, BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Mishel Bachelet, qariyb 150 mamlakatdan davlat va hukumat rahbarlari, tashqi ishlar vazirlari va inson huquqlari bo'yicha milliy institutlar namoyandalari, bir qator xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

Bugungi kunda Prezidentimiz nutqi nafaqat keng jamoatchiligimiz, balki xalqaro hamjamiyat va xorijiy ekspertlar tomonidan ham qizg'in muhokama qilinmoqda.

O'zbekiston Prezidenti o'z chiqishida mamlakatimizda demokratik o'zgarishlarni yanada chuqurlashtirish va BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi doirasidagi faoliyatimizning ustuvor yo'nalishlari haqida atroflicha to'xtaldi. Nutqda parlament, huqumat, sud hokimiyati, fuqarolik jamiyati institutlari bilan bir qatorda mamlakatimiz yuridik soha vakillari oldida turgan inson huquqlari sohasidagi muhim vazifalar, jumladan ta'lim, odil sudlov, qiynoqlar bilan bog'liq masalalar yana bir bor aniqlashtirildi.

Yurtimizda har bir insonning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bunga BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi ekspertlari ishtirokida ishlab chiqilgan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan qamrovdor ishlar samaralari yaqqol misol bo'la oladi.

Milliy strategiya mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish mexanizmini takomillashtirish va inson huquqlari madaniyatini shakllantirishda katta ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu hujjatda inson huquqlari masalasiga tizimli yondashish va mavjud bo'shliqlarni, kamchiliklarni bartaraf etish ochiq-oydin ko'rsatilgan.

Prezidentimiz ta'kidlaganidek, «O'zbekiston Inson huquqlari bo'yicha kengash a'zosi sifatida xalqaro huquqning inson huquqlariga oid umum e'tirof etilgan printsip va normalarini qat'iy himoya qiladi va faol ilgari suradi”.

Davlatimiz rahbari o'z nutqida xalqaro, mintaqaviy va milliy doiralarda O'zbekistonning istiqboldagi majburiyatlari va rejalari haqida batafsil to'xtaldi. Ushbu majburiyatlarni 2030 yilgacha bo'lgan davrda BMT Global kun tartibi doirasida amalga
oshirishimiz hamda inson huquqlari borasida hali ulkan yo'lning boshida turganimiz alohida ta'kidlandi.

Joriy yilda BMT Inson huquqlari sohasida ta'lim va tarbiya to'g'risidagi deklaratsiyasi qabul qilinganligining 10 yilligi keng nishonlanadi. Bugungi kunda BMTga a'zo 20 dan ortiq davlatning inson huquqlari sohasida ta'lim bo'yicha milliy harakatlar dasturlari qabul qilingan bo'lib, davlatlar inson huquqlari sohasidagi ta'lim masalasiga e'tiborini kuchaytirmoqda.

O'zbekiston Respublikasining BMT Inson huquqlari sohasida ta'lim va tarbiya to'g'risidagi deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirish bo'yicha Milliy harakatlar dasturi parlament tomonidan tasdiqlangan. Ushbu Harakatlar dasturi bo'yicha “Yo'l xaritasi”da belgilangan tadbirlar izchil bajarilmoqda. 

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi doirasida ta'lim muassasalarida «Inson huquqlari», «Ayollar huquqlari» va «Bola huquqlari» bo'yicha o'quv kurslarini, shuningdek “Inson huquqlariga oid xalqaro huquq» mutaxassisligi bo'yicha qo'shma magistratura yo'nalishini (konsortsium) joriy qilish bo'yicha amaliy ishlar qilinmoqda.

Bundan tashqari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi huzurida «Inson huquqlari» ixtisosligi bo'yicha fan doktori (DSc) va falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini olish uchun ilmiy kengash ish boshladi. Markazda, shuningdek Inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilish sohasida kadrlar malakasini oshirish bo'yicha o'quv kurslari faoliyati yo'lga qo'yildi.

O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti huzurida O'zbekiston Respublikasida yuridik fanlarni rivojlantirish bo'yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etildi. Muvofiqlashtiruvchi kengash - doimiy ravishda faoliyat yuritadigan, muhokama qiluvchi, maslahat beruvchi va muvofiqlashtiruvchi organdir.

 Davlat va huquq instituti huzuridagi Muvofiqlashtiruvchi kengash ilmiy tadqiqotlarni o'tkazish, ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlashni takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarning asosiy yo'nalishlarini shakllantirish va amalga oshirishning dolzarb muammolari bo'yicha tavsiyalar berish hamda tadqiqot mavzularini ishlab chiqish bilan shug'ullanadi.

Tadbir ishtirokchilari tomonidan BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashiga bildirilgan bir qator takliflar, jumladan, sud`yalar kengashlari faoliyatinining universal printsiplarini ishlab chiqish, qiynoqlarning oldini olish bo'yicha milliy preventiv mexanizmni takomillashtirish, shuningdek  Osiyo qit'asining inson huquqlari bo'yicha mintaqaviy mexanizmini muntazam faoliyat ko'rsatadigan platforma – Samarqand forumi negizida yaratish yuzasidan ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish zarurligi ta'kidlandi.

Oflayn va onlayn shaklda o'tkazilgan davra suhbatida Toshkent shahrida joylashgan yuridik sohadagi ilmiy va ta'lim muassasalari, shuningdek Qoraqalpog'iston Respublikasi hamda viloyatlardagi yuridik fakul`tetlar professor-o'qituvchilari, ekspertlar va amaliyotchilar ishtirok etdi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech