Turk dunyosi uchun yashil ufqlar ko‘rib chiqildi va bu borada Bok-u deklaratsiyasi qabul qilindi

Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Bok-u shahrida Turkiy davlatlar Parlament Assambleyasining (TurkPA) 13-yalpi majlisida ishtirok etdi.

«Turk dunyosi uchun yashil ufqlar: yashil kun tartibini amalga oshirishda parlamentlarning roli» mavzusiga bag‘ishlangan tadbirda TurkPAga a’zo mamlakatlar parlamentlari rahbarlari, shuningdek, kuzatuvchi davlatlar delegatlari va xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashdi.  

Ishtirokchilar «yashil» iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, yashil energiyani joriy qilish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va bu borada parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Nufuzli anjumanda so‘zga chiqqan Senati Raisi T.Norboyeva «yashil kun tartibi» bo‘yicha parlamentlar darajasida hamkorlik keng istiqbollarga ega ekanligini alohida qayd etdi. Yig‘ilish mavzusining dolzarbligini ta’kidlab, ilmiy-tadqiqot institutlari, markazlar, tegishli qo‘mitalarning muntazam hamkorligini ta’minlash zarurligiga ishtirokchilar e’tiborini qaratdi. Birgalikda tadqiqotlar o‘tkazish, ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqish va hukumatlarga taqdim etish amaliyotini keng joriy etish maqsadga muvofiq.  

Yalpi majlisda qayta tiklanadigan energetika sohasidagi imkoniyatlar va ekologik toza energiya resurslaridan samarali foydalanishning ahamiyati ko‘rib chiqildi. Bu an’anaviy energiya resurslariga qaramlikni kamaytirish va ekologik nuqtayi nazardan ijobiy natijalarga erishishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

«Yashil energiya»dan foydalanish, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalarni qo‘llashni rag‘batlantirish bo‘yicha ilg‘or tajribalar muhokama qilindi. Bu borada hamkorlikni kuchaytirish, birgalikda amalga oshiriladigan choralar bo‘yicha fikr almashildi.

Yalpi majlis yakunlari bo‘yicha Bok-u deklaratsiyasi qabul qilindi.

***

Bokuga amaliy tashrif doirasida Senat Raisi Tanzila Norboyeva Vengriya Milliy Assambleyasi vitse-spikeri Marta Matray bilan uchrashuv o‘tkazdi.

O‘zbekiston va Vengriya hamkorligining muhim yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi. Siyosiy muloqotni faollashtirish, parlamentlararo munosabatlarni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni, ijtimoiy sohadagi almashinuvni yanada kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Tomonlar iqtisodiyotning turli yo‘nalishlari, jumladan, avtomobilsozlik, farmatsevtika, qurilish, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirish muhimligini qayd etdi.

Shuningdek, ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, ikki mamlakat yetakchi oliy o‘quv yurtlari ishtirokida qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish masalalariga e’tibor qaratildi.

Qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish masalalari tomonlarning diqqat markazida bo‘ldi. Munosabatlarni mustahkamlashning amaliy mexanizmi sifatida parlamentlararo do‘stlik guruhlari ishini faollashtirishga kelishib olindi.

***

Senat Raisi Tanzila Norboyeva Bok-u shahrida Malayziya parlamenti Senati Raisi o‘rinbosari Nur Jazlan Mohamad boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Tomonlar O‘zbekiston – Malayziya o‘rtasidagi do‘stlik va ko‘p qirrali sheriklik munosabatlari faol kengayishidan, xususan, siyosiy, savdo-iqtisodiy va investitsiya, madaniy-gumanitar, turizm sohalarini rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Aynan bu boradagi hamkorlik aloqalarining rivojida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Malayziya Bosh vazirining o‘zaro ishonch va konstruktiv ruhdagi munosabatlari muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi.

Uchrashuvda ta’lim yo‘nalishida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish, mashinasozlik va murakkab texnologiyalar sohalarida kadrlar malakasini oshirish, ziyorat turizmi bo‘yicha loyihalarni ishga tushirish yuzasidan fikr almashildi.

Parlamentlararo hamkorlik masalasida muntazam muloqotlar va o‘zaro tashriflar faollashib borayotgani, ularni yanada kengaytirish uchun «do‘stlik guruhlari» ishini faollashtirish lozimligi qayd etildi.

Parlament nazorati doirasida oliy darajada erishilgan kelishuvlarning ijrosini ta’minlashga ko‘maklashish zarurligi ta’kidlandi. Suhbat yakunida O‘zbekiston va Malayziya Senatlari hamkorligiga oid tegishli hujjat loyihasini ishlab chiqish, unda amaliy harakatlar, ya’ni, qonun ijodkorligi, parlament nazorati, qo‘mitalar hamkorligi va hududlarni rivojlantirish kabi masalalarni aks ettirishga kelishib olindi.

 

N.Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech