Sun’iy intellekt: kelajakda ishsizlik soni ortib boradi (mi?)
So‘nggi yillarda sun’iy intellekt texnologiyasi turli sohalarga jadal kirib bormoqda. Inson mehnatiga asoslangan jarayon avtomatlashtirilib, ayrim tarmoqlarda ish o‘rni qisqarayotgani haqidagi fikrlar jahon miqyosida jiddiy muhokamalar keltirib chiqarmoqda. “Kelajakda ishsizlik kuchayib boradimi?” degan savol bugun nafaqat iqtisodchilar, balki siyosatchilar, ijtimoiy soha mutaxassislari uchun ham dolzarb tus oldi.
Hozirgi vaziyatni tahlil qilsak, sun’iy intellekt avvalo takroriy, standart va ulkan hajmli ma’lumotga tayanadigan vazifalarni tez va oson bajarish imkonini berishiga guvoh bo‘lamiz. Bu esa ishlab chiqarish, logistika, bank sektori, xizmat ko‘rsatish kabi sohalarda raqamli qarorlarni faol joriy etishga turtki beradi. Ba’zi mamlakatlarda buxgalteriya, dispetcherlik, qo‘lbola ma’lumot kiritish kabi texnik vazifalar qisqartirilib, avtomat tizim joriy etilmoqda. Shu bilan birga, korxonalar raqobatbardoshlikni oshirish va xarajatni qisqartirish uchun intellektual texnologiyani tobora keng qo‘llamoqda.
Mutaxassislar fikricha, bu jarayonni ishsizlik majburiy o‘sishi, deya baholash bir yoqlama yondashuv hisoblanadi, chunki tarixiy tajriba ko‘rsatadiki, har bir texnologiya inqilobi yangi turdagi ish o‘rinlari yaratib, yangi kasblar paydo bo‘lishiga olib keladi. Ayniqsa sun’iy intellekt sohasida ma’lumot tahlili, algoritmni loyihalash, model yaratish, IT-xavfsizlik, robototexnika, intellektual servisni monitoring qilish kabi o‘nlab yangi yo‘nalishlar shakllanmoqda. Bu sohalar mehnat bozorida yuqori talabga ega bo‘lib, kelgusida yanada kengayishi kutilyapti.
Qolaversa, raqamli xizmat ko‘rsatish, inson va sun’iy idrok hamkorligi, intellektual tahlil va raqamli logistika kabi yangi vazifalarni bajaradigan mutaxassislarga ehtiyoj ortmoqda. Hozir yirik hajmli ma’lumot bilan ishlash, biznes jarayonini soddalashtirish, avtomat tizimni nazorat qilish bo‘yicha mutaxassislar eng maqbul va yuqori maoshli kadrlar qatoridan o‘rin egallamoqda.
Shu nuqtai nazardan ekspertlar sun’iy intellekt rivojlanishi ish o‘rnini kamaytirishi barobarida yangi sohalarga ehtiyoj orqali mehnat bozorini qayta shakllantirishi ham mumkinligi ta’kidlanadi. Boshqacha aytganda, masala ishsizlik keskin oshishi emas, balki kadrlarning yangi sharoitga moslashuv darajasiga bog‘liq bo‘ladi. Agar jamiyatda qayta tayyorlash, malaka oshirish va raqamli ko‘nikma hosil qilish tizimi samarali tashkil etilsa, sun’iy intellekt ishsizlikni ko‘paytirmasdan, aksincha, yangi innovatsion xizmatlar, zamonaviy mutaxassisliklar shakllanishiga ko‘maklashadi.
Bu borada davlatning roli ham muhim. Rivojlangan mamlakatlar intellektual texnologiyadan kelib chiqadigan ijtimoiy xavfni kamaytirish uchun maxsus dasturlar ishlab chiqmoqda. Masalan, raqamli savodxonlikni oshirish, yangi kasblar bo‘yicha qisqa kurslar joriy etish, ish o‘rni o‘zgarishiga moslashish mexanizmini shakllantirish bo‘yicha. Ayni yondashuv raqamli transformatsiyasi davomida aholi bandligini ta’minlashga yordam beradi.
Shunga ko‘ra sun’iy intellekt inson mehnatini to‘liq almashtiradi, degan qarash hali yetarli asosga ega emas. Mutaxassislar fikricha, iqtisodiy jarayon tahlili, ta’lim sohasida kechayotgan raqamlashuv tendensiyasi va texnologik o‘zgarishlar tajribasi mehnat bozorida tubdan yangilanish yuz berishi, shu bilan birga yangi imkoniyatlar ham shakllanishini ko‘rsatmoqda. Demak, kelajakda ishsizlik darajasi sun’iy intellekt imkoniyatiga emas, balki jamiyatning raqamli muhitga qay darajada tayyorligiga bog‘liq. Raqamli ko‘nikmani rivojlantirish, zamonaviy kasblarga o‘tish va yangi texnologiyalar bilan ishlash madaniyatini shakllantirish esa bu jarayonda barqaror rivojlanishni ta’minlaydigan asosiy omillardir.
D.Hakimov, O‘zA
Ўзбекча
English
Русский