2022 yilda O‘zbekistonning inson huquqlariga oid 3 ta milliy ma’ruzasi BMT qo‘mitalarida eshitildi

Oliy Majlisning Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha Parlament komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili»da Parlament komissiyasining oldida turgan muhim vazifalar muhokama qilindi.

Yig‘ilishni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Parlament komissiyasi raisi Akmal Saidov kirish so‘zi bilan ochdi:  

— Inson huquqlari har narsadan ustun. «Avval inson, keyin jamiyat va davlat»degan g‘oyani Konstitutsiyamiz va qonunlarimizga, kundalik hayotimizga chuqur singdirish, bu borada qilinayotgan ishlar ko‘lamini kengaytirish va natijadorligini oshirish muhim masalalardan biridir. Bu borada komissiya bir necha maqsadlarni o‘z oldiga vazifa qilib belgilab olishi lozim. Shuningdek, barqaror rivojlanish sohasidagi maqsadlarga erishishni jadallashtirishda parlamentning rolini oshirish zarur. Jumladan, parlament faoliyatida, rahbarlik lavozimlariga tayinlashda, barcha darajadagi muhim qarorlarni qabul qilishda ayollarning teng huquqlilik asosida ishtirokini ta’minlash, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi kun tartibini to‘liq amalga oshirishni tezlashtirish uchun barqaror va keng qamrovli tiklanish strategiyalarini ishlab chiqish, barqaror rivojlanish sohasidagi maqsadlarga erishish bo‘yicha sa’y-harakatlar samaradorligini oshirish kabi yo‘nalishlar komissiya faoliyatida muhim hisoblanadi.  

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, 2022 yil 5-6 dekabrda Samarqand shahrida o‘tkazilgan «Inson huquqlari sohasida ta’lim» Global forumida inson huquqlari sohasida Yangi O‘zbekiston siyosatini keng yoritish masalalariga alohida e’tibor berildi. Global forum so‘ngida qabul qilingan Samarqand harakatlar rejasining mohiyatida sifatli va rivojlangan ta’lim orqali hayotni, dunyoni o‘zgartirish mumkinligi aks etdi.    

Shuningdek, yig‘ilishda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining 2022 yilda O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga rioya qilinishining holati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.  

Axborotda qayd etilganidek, 2022 yilda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarning bajarilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining 3 ta milliy ma’ruzasi BMT shartnomaviy qo‘mitalarida eshitildi. 95 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi inson huquqlari bo‘yicha normalarga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan o‘tkazildi.  

Bundan tashqari, yig‘ilishda Parlament komissiyasining 2022 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi axborot ham ko‘rib chiqilib, 2023 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalari belgilab olindi.  

 

M.Komilova,

O‘zA

Powered by GSpeech