BMTning O‘zbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi Sabina Maxl o‘z nutqida xalqaro majburiyatlardan ularni amalda bajarishga — qonunchilik, samarali institutlar, byudjet mexanizmlari, davlat xizmatlari hamda aholi hayotidagi aniq o‘zgarishlar orqali tatbiq etishga o‘tish zarurligini ta’kidladi.
Erishilgan yutuqlarni e’tirof etar ekan, u 2025-yilda BMT ko‘magida 12,8 million kishi yaxshilangan davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lganini ta’kidladi. Shuningdek, ijtimoiy himoyaning rivojlanishi, bolalar himoyasi kuchaytirilgani hamda BMTning 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish sohasidagi hamkorlik bo‘yicha doiraviy dasturi doirasida yangi yo‘nalishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi.
Nutqda fuqarolik maydonini kengaytirish, jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish hamda qarorlar qabul qilish jarayonida fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalarining rolini oshirish zarurligiga alohida urg‘u berildi. Sabina Maxlning so‘zlariga ko‘ra, inson huquqlari xalqaro standartlar tuman shifoxonasi, maktab, sud, ijtimoiy xizmatlar markazi va mahalla faoliyatida o‘z aksini topgan taqdirdagina, pirovardida, quyi bo‘g‘inda — mahalliy darajada ro‘yobga chiqadi.
«Biz uchun majburiyatlardan ularni amalda tatbiq etishga o‘tishning tub mohiyati aynan shunda: xalqaro standartlardan — milliy qonunlarga; milliy qonunlardan — samarali faoliyat ko‘rsatuvchi institutlarga; institutlardan — yanada sifatli xizmatlarga; yanada sifatli xizmatlardan esa — odamlar hayotidagi real o‘zgarishlarga erishish demakdir».
So‘zi yakunida Sabina Maxl Birlashgan Millatlar Tashkiloti amalga oshirilayotgan islohotlar shunchaki qonunchilik darajasida qabul qilinibgina qolmay, balki aholining bevosita va mazmunli ishtirokini ta’minlagan holda «har bir mintaqa, har bir tuman va har bir jamoada» izchil hayotga tatbiq etilishini ta’minlash yo‘lida O‘zbekiston bilan hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
