Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Bolalarni tazyiq va zo‘ravonlikdan muhofaza qilish – davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri

2-– 3-oktyabr kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirmanchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Yalpi majlisda, jumladan, «Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun muhokama qilindi hamda ma’qullandi.

Mamlakatimizda bolalarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, ularni tazyiq va zo‘ravonlikdan muhofaza qilish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ammo amaliyot tahlili voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilayotgan jinsiy va jismoniy zo‘ravonlik holatlariga qarshi jazo muqarrarligini ta’minlash hamda protsessual himoya mexanizmlarini yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda.

Qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Jinoyat-ijroiya va Mehnat kodeksiga hamda bir qator qonunlarga prinsipial va qat’iy o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Xususan, 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar uchun uzoq muddatga – 25-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi joriy etilmoqda.

Ushbu toifadagi jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortish va hukmni ijro etish muddati o‘tib ketganligi qo‘llanilmaydi, shuningdek, bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan shartli hukm qilish va muddatidan ilgari shartli ozod qilish taqiqlanadi.

Sud va tergov jarayonlarida bolalarni qayta ruhiy jarohatlanishdan himoya qilish maqsadida zo‘ravonlikdan jabrlangan voyaga yetmaganlarni so‘roq qilish jarayonini videoyozuv orqali qayd etish, jabrlanuvchi bola va ayblanuvchi o‘rtasidagi yuzlashtirishni faqat surishtiruvchi, tergovchi yoki prokurorning qarori yoxud sudning ajrimi bilan o‘tkazish hamda bolaga protsessual jarayon boshidanoq davlat hisobidan bepul advokat ajratish tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda.

Shuningdek, ta’lim va tarbiya muassasalari xodimlari tomonidan bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilganda, ular bilan mehnat shartnomasini bekor qilish asosi kiritilmoqda.

Ota-onalarning bolalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatmasligi, shahvoniy shilqimlik, nikoh yoshini buzish hamda bolalarni sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilmaganlik uchun ma’muriy jazolar keskin kuchaytirilmoqda.

Senatorlar ushbu qonun jamiyatda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga chek qo‘yishga, sodir etilgan qilmish uchun jazoning muqarrarligini ta’minlashga hamda har bir bolaning xavfsiz va adolatli muhitda kamol topishiga xizmat qilishini alohida qayd etdi.

Oliy Majlis Senatining Axborot xizmati ma’lum qilganidek, Senatning yigirmanchi yalpi majlisida jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 16 ta masala, shu jumladan 15 ta qonun ko‘rib chiqildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Nashr sanasi 05.10.2026 Ko'rishlar 122
Ulashish