Jahonga ochiq Yangi O‘zbekiston: dunyo mamlakatlariga intellektual sayohat

Mutolaa va kitobxonlik – insoniyat sivilizatsiyasi va milliy o‘zlikni anglashning fundamental asosidir. Bu borada xalqaro tajribani o‘rganish, dunyo xalqlarining ilg‘or tajribasini tadqiq etish xalqlarimizni bir-biriga yaqinlashtirishda muhim rol o‘ynaydi.

Bugungi globallashuv davrida, bir tomondan jahonda an’anaviy kitoblarga e’tibor bir qadar susaygani, ikkinchi tomondan  raqamli texnologiyalar asrida kitoblarning axborot makonidagi o‘rni o‘zgarayotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ammo, shunga qaramay, insoniyat uchun bosma kitobning intellektual salohiyatni oshirishdagi o‘rnini hech qaysi raqamli vositalar bosa olmasligi aniq.

Ayniqsa, qomusiy kitoblarni nashr etish va ularni o‘qish olam sirlarini bilish, g‘oyibona kashf etish uchun juda muhim.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, ciyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori va taniqli jurnalist Laziz Rahmatovning 1 ming 168 betlik “Dunyo mamlakatlari” nomli asari ana shunday maqbul va va foydali qomusiy manbalar qatoridan joy oldi.

Ushbu kitob ilk bor 2019 yilda nashr etilgan bo‘lib, Yangi O‘zbekistonning jahonga ochiqlik siyosatiga oid  qo‘shimcha ma’lumotlar bilan, rangli rasmlar va har bir davlat bilan bog‘liq faktlar yanada boyitilgan holda, 2026 yil may oyida yangidan nashr etilgani diqqatga sazovor.

Bugungi kunda mamlakatimiz 170ga yaqin davlat bilan diplomatik munosabatlarni yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ochiqlik siyosati, pragmatik va keng qamrovli tashqi siyosati orqali har bir davlat chuqurlashib borayotgan bilan ikki va ko‘p tomonlama munosabatlar mualliflik prizmasida kitobda o‘zining mufassal ifodasini topadi.

Ta’kidlash o‘rinliki, so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekiston jahon siyosatining oddiy obyekti emas, balki tom ma’noda faol va tashabbuskor subyektiga aylandi.

Zero, XX asr boshidan toki yaqin-yaqin davrlargacha O‘zbekiston jahon siyosati obyekti bo‘lgan va unga nisbatan goh goh “yaqin xorij”, goh “xomashyo bazasi”, goh esa “postsovet hududi” kabi bepisand “yorliq”lar qo‘llanib kelingani sir emas.

Keyingi o‘n yilda Davlat rahbarining qat’iyati va siyosiy irodasi natijasida nafaqat keng mintaqamizda, balki jahon siyosatida baland ovozi va hayotbaxsh tashabbuslari bilan katta obro‘-e’tiborga ega bo‘lib bormoqda.

Yangi O‘zbekiston xalqaro hamjamiyatga iqlimni muhofaza qilish, “yashil” iqtisodiyotni joriy etish, fuqarosizlikka barham berish, inson huquqlarini ta’minlash kabi turli sohalarda yangi g‘oya hamda loyihalarni taqdim etayotgan jahon siyosatining faol aktori hisoblanadi.

Mamlakatimiz 2025 yilda Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi, YuNESKO Bosh konferensiyasining sessiyasi, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammiti, xalqaro Iqlim forumiga mezbonlik qildi. Joriy yilda Yangi O‘zbekiston tashqi siyosat va xalqaro hamkorlik munosabatlari tarixi yangidan-yangi yorqin sahifalar hisobiga boyib bormoqda.

O‘z navbatida, Laziz Rahmatovning “Dunyo mamlakatlari” kitobida Yangi O‘zbekiston jahonda murakkab geosiyosiy va iqtisodiy muammolar tobora avj olib borayotgan bugungi murakkab vaziyatda barcha davlatlar bilan teng huquqli va konstruktiv munosabatlarni yanada mustahkamlash, vazmin va oqilona ochiq tashqi siyosat olib borishga qaratilgan faoliyatini yanada yuksak bosqichlarda izchil davom ettirayotganiga oid muhim ma’lumotlar ham kiritilgan.

Ushbu salmoqli kitobda jahondagi 236 ta mamlakat va o‘zini o‘zi boshqaruvchi hududlar haqidagi asosiy ma’lumotlardan tortib, boshqaruv shakli, ma’muriy bo‘linishi, joylashuvi, tabiati, tarixi hamda iqtisodiyotiga oid batafsil ma’lumotlar jamlangan.

Global dunyoda tobora avj olayotgan beqarorliklar tufayli har bir mamlakat o‘z boshidan kechirayotgan turli sinovlar, boshqaruvga kelgan hukumatlarning yangicha siyosatlari, tashqi siyosati, O‘zbekiston bilan o‘zaro munosabatlari, e’tiborga molik qiziqarli ma’lumotlar ham nashrga kiritilgani uning dolzarbligini yanada oshirgan. 

Shuni alohida qayd etish joizki, ensiklopediya va qomusiy lug‘atlar yaratishning o‘ziga xos tamoyillari va tartib-qoidalari bor. Xususan, xolislik va ilmiylik tamoyili ma’lumotlar muallifning ijodiy fikrlashidan xoli, isbotlangan faktlarga asoslangan bo‘lishi shartligini taqozo etadi.

Lo‘ndalik va aniqlik tamoyiliga ko‘ra, matn ortiqcha badiiy bo‘yoqlarsiz, qisqa, tushunarli va faktlarga boy bo‘lishi lozim. Umumiylik va qamrov tamoyiliga asosan tanlangan mavzu doirasidagi barcha muhim jihatlar to‘liq qamrab olinishi kerak. Qolaversa, qomusiy asar tarkibidagi har bir maqola mustaqil ma’no anglatishi va boshqalariga bog‘lanib qolmasligi zarur.

Shu nuqtai nazardan, ko‘pincha muayyan ilmiy institutlar yoki tegishli tahririyatlar jamoasi keng safarbar etiladigan bunday murakkab va mas’uliyatli ilmiy-ijodiy jarayonlarni birgina ijodkor o‘z zimmasiga olganiyoq ulkan ma’rifiy zafardir. Bunda muallifni ko‘p sonli mashhur olimlardan iborat nufuzli tahrir hay’ati rag‘batlantirib turgani, ilmiy hamjamiyat bilan tizimli ishlagani diqqatga sazovor.

Albatta, bu o‘rinda muallifning turli yillarda “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyotida ilmiy muharrir bo‘lib ishlagani qo‘l keladi, albatta.

Shunday qilib, mazkur ensiklopediyani chop etishda zamonaviy matbaa-noshirlik salohiyatidan samarali foydalanilganini ham aytish o‘rinlidir. Sahifalardagi mingga yaqin rangli rasmlar, relf xaritalar, turfa bayroqlar kitobning ko‘rkam va rang-barang bo‘lishini ta’minlagan. O‘quvchilarga foydalanish qulay bo‘lishi uchun kitob ilk bor elektron formatda ham taqdim etilayotgani, qo‘shimchasiga tanlov tarzida yetkazilgani juda ma’qul.

Ushbu bebaho xazina har bir xonadon, har bir mehnat jamoasining javonini bezaydigan asardir. Shu ma’noda xulosa o‘rnida 2 ta amaliy taklif bildirish bilan kifoyalanamiz.

Birinchi taklif: muallifning ushbu enitsiklopediyani har yili yangilab borish niyatini ma’qullagan holda, kelgusida nashrni mufassal “Kirish so‘zi” bilan to‘ldirish muhim, deb o‘ylaymiz.

Ikkinchi taklif: yangi ensiklopediyani keng tarqatishga qaratilgan sa’y-harakatlar, jumladan, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tizimiga kiruvchi 208 ta axborot-kutubxona markaziga taqdim etilgani tahsinga loyiq. Lekin bu yetarli emas, deb hisoblayman.

Shuningdek, qomusiy kitobni “Milliy kitobxonlik harakati” doirasida Oliy ta’lim vazirligi, Maktabgacha ta’lim vazirligi, Yoshlar agentligi, Ma’naviyat va ma’rifat markaz bilan barcha oliygohlar, maktablar va mahallalar kutubxonalariga ham yetkazib berilishi katta ma’rifiy ahamiyat kasb etadi, degan fikrdamiz.

Akmal Saidov, akademik

Xabar.uz

Powered by GSpeech