Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz va Pekin universiteti qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazishni rejalashtirmoqda

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida Markaz direktori birinchi o‘rinbosari Mirzatilla Tillaboyevning Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi direktori, Mamlakatlar va mintaqalar bo‘yicha tadqiqotlar instituti dekani o‘rinbosari, Xorijiy tillar maktabi dotsenti Shi Yue boshchiligidagi Pekin universiteti delegatsiyasi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

12-iyun kuni o‘tkazilgan ushbu uchrashuv Pekin universiteti Mamlakatlar va mintaqalar bo‘yicha tadqiqotlar institutining rasmiy murojaatiga binoan tashkil etildi. Pekin universitetining 7 nafar vakilidan iborat delegatsiya tashrifi 2026-yil 10–22-iyun kunlari Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarida amalga oshirilayotgan “Ipak yo‘li: o‘tmish va bugun” nomli dala tadqiqoti loyihasi doirasida bo‘lib o‘tdi. Loyiha “Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik va sivilizatsiyalarning o‘zaro boyishi” mavzusiga bag‘ishlangan.

Suhbat davomida Xitoy tomoniga Yangi O‘zbekiston islohotlar strategiyasining asosiy yo‘nalishlari, jumladan, huquqiy modernizatsiya, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, kambag‘allikni qisqartirish hamda barqaror rivojlanish borasidagi tajriba haqida ma’lumot taqdim etildi.

Xitoy tomoni O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiyalarni ishlab chiqish, kambag‘allikni qisqartirish, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarini rivojlantirish sohasidagi tajribasiga alohida qiziqish bildirdi.

Pekin universiteti vakillari kambag‘allikni qisqartirish sohasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni alohida qayd etdilar. Bu o‘rinda, jumladan, ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning manzilli tizimini joriy etish, mahallalarda bandlikni oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish, aholining ta’lim, sog‘liqni saqlash va bazaviy infratuzilmadan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, jamiyatda konfessiyalararo tinchlik va totuvlikni ta’minlash masalalari haqida so‘z bormoqda.

Xitoy tomonining fikricha, O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish masalalari “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan va insonning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini ta’minlash bilan uzviy bog‘liqlikda ko‘rib chiqiladi. Xitoylik tadqiqotchilar bu tajriba Xitoyning kambag‘allikni maqsadli bartaraf etish amaliyotiga hamohang ekanini ta’kidlab, ikki mamlakatning kambag‘allikka qarshi kurash modellarini qiyosiy tahlil qilishga bag‘ishlangan qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

O‘zbekistonning ochiq va konstruktiv tashqi siyosati tufayli mintaqa yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va sheriklik makoniga aylangani, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahatlashuv uchrashuvlarining muntazam mexanizmi yo‘lga qo‘yilgani, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar aloqalar izchil mustahkamlanib borayotgani alohida ta’kidlandi.

Xitoy tomoni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Xitoy – Markaziy Osiyo” inson huquqlarini rivojlantirish bo‘yicha to‘rtinchi Forumga yuqori baho berdi. Joriy yil 13–14-may kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan Forumning inson huquqlari, taraqqiyot va sivilizatsiyalarning o‘zaro boyishi masalalari bo‘yicha teng huquqli muloqot maydoni sifatida tutgan alohida ahamiyati qayd etildi.

Shi Yuening fikricha, Forum O‘zbekiston-Xitoy akademik hamjamiyatining inson huquqlarini himoya qilish kun tartibi mohiyatini anglashdagi yetukligi va mustaqilligini yaqqol namoyon etdi. Tadbirning O‘zbekiston zaminida o‘tkazilishiga esa xitoylik olimlar tomonidan mamlakatning inson huquqlari bo‘yicha mintaqaviy yondashuvini shakllantirishdagi yetakchi rolining isboti sifatida qaralmoqda.

Pekinda bo‘lib o‘tayotgan Inson huquqlari sohasidagi global boshqaruv forumi doirasida Xitoyning 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Milliy harakatlar rejasi taqdim etilgani ta’kidlandi. Ushbu reja barcha toifadagi huquqlarni: iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, fuqarolik va siyosiy huquqlarni har tomonlama rivojlantirishni qamrab oladi. Rivojlanish huquqi asosiy ustuvor yo‘nalish deb tan olingan. Mazkur strategiya umumiy farovonlikka erishish uchun imkoniyatlardan teng foydalanish va ne’matlarni adolatli taqsimlashni ta’minlash maqsadida taraqqiyot orqali huquqlarni ilgari surishga asoslanadi. Hujjatda ta’lim, tadqiqotlar, global boshqaruv, ekologik huquqlar va himoyaning yangi sohalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Delegatsiya rahbari Milliy markazning inson huquqlarini ilmiy o‘rganish va amaliy himoya qilish sohasida to‘plagan tajribasini yuqori baholab, O‘zbekistonning huquqiy modernizatsiyaga tizimli yondashuvi inson qadri va manfaatlariga yo‘naltirilgan islohotlarning o‘ziga xos va samarali modeli sifatida Xitoy akademik hamjamiyatida chinakam qiziqish uyg‘otayotganini qayd etdi. Shi Yue Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz tomonidan tayyorlangan “Zamonaviy Xitoy va Yangi O‘zbekiston: inson huquqlari, taraqqiyot va strategik sheriklik” nashri qiyosiy huquqshunoslikka qo‘shilgan yana bir hissa bo‘lib, kelgusidagi qo‘shma tadqiqotlarga zamin yaratishini alohida ta’kidladi.

Pekin universiteti delegatsiyasi Milliy markaz bilan bir qator ustuvor yo‘nalishlarda, xususan, “Inson huquqlari uyi” axborot-resurs markazi uchun Pekin universitetining ilmiy materiallarini taqdim etish, Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumi ishida ishtirok etish bo‘yicha uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz vakillari joriy yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Pekin forumi doirasida Pekin universitetiga tashrif buyurishga taklif qilindi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech