Yangi O‘zbekistonda ekologiya sohasi bo‘yicha 5-yilga mo‘ljallangan umummilliy loyihalar ma’qullandi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan ustuvor umummilliy loyihalar yuzasidan taqdimot bilan tanishuvi aynan 23-mart – Butunjahon meteorologiya kuni bo‘lib o‘tganida o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Odatda, ushbu xalqaro sanada milliy meteorologiya va gidrologiya sohasining dunyo aholisi xavfsizligi va farovonligiga qo‘shayotgan muhim hissasi e’tirof etiladi.

Ma’lumki, 1961-yildan buyon har yili 23-mart – Xalqaro meteorologiya kuni sifatida nishonlab kelinadi. Shuni ham qayd etish joizki, 1950-yilning xuddi shu sanasida Jahon meteorologiya tashkilotiga asos solingan.

Kuni kecha Jahon meteorologiya tashkilotining mazkur xalqaro sana munosabati bilan yangi hisoboti e’lon qilindi. Unda sayyoramizdagi global iqlim misli ko‘rilmagan beqarorlik davriga kirgani haqida so‘z boradi. Jumladan, issiqxona gazlari konsentratsiyasi rekord darajaga yetgani, okeanlar jadal isishda davom etayotgani, muz qoplamalari esa tez sur’atlar bilan qisqarayotgani tashvish bilan qayd etilgan.

Hisobotga ko‘ra, 2015–2025-yillar kuzatuvlar tarixidagi eng issiq 11-yil bo‘ldi, 2025-yil esa havo harorati bo‘yicha, katta ehtimol bilan, ikkinchi yoki uchinchi o‘rinni egallaydi. O‘tgan yili harorat 1850–1900-yillardagi sanoatlashuvgacha bo‘lgan davrdagi darajadan Selsiy bo‘yicha taxminan 1,43 daraja yuqori bo‘lgan.

Jahon meteorologiya tashkiloti Bosh kotibi Seleste Sauloning fikricha, “Inson faoliyati tabiiy muvozanatni tobora ko‘proq buzmoqda va biz yuzlab, minglab yillar davomida bu hodisa oqibatlari bilan yashashimizga to‘g‘ri keladi”.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning so‘zlariga qaraganda, hozirgi urushlar davrida iqlimdagi beqarorlik yana bir haqiqatni ochib bermoqda: bizning qazilma yonilg‘i-yoqilg‘ilarga qaramligimiz ham iqlimga, ham global xavfsizlikka putur yetkazadi.

Haqiqatan ham, bugungi kunda sayyoraviy ko‘lamdagi uchta tahdid – iqlim o‘zgarishi, atrof-muhitning ifloslanishi va tabiatning buzilishi butun xalqaro hamjamiyatni tashvishga solmoqda. Ekologik tahdidlar, bir tomondan, hozirgi davrga xos global xatarlar hisoblansa, ikkinchi tomondan, inson huquqlari sohasidagi jiddiy muammolar qatoriga kiradi.

Shuning uchun ham BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi o‘z tarixida ilk bor 2021-yilda musaffo, sog‘lom va barqaror atrof-muhit – inson huquqlarining uzviy qismidir, deb e’tirof etdi. Bu sohada BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Maxsus ma’ruzachisi maqomi ta’sis qilingani ham xuddi shu omillar bilan chambarchas bog‘liq.

Ona zaminimizning suv zaxiralarini o‘ylovsizlik va isrofgarchilik bilan sarflash, tabiat va bioxilma-xillikka muntazam ziyon-zahmat yetkazish, Yer va koinotni chiqindixonaga aylantirish,  ana shu salbiy jarayonlar asnosida kutilajak turli ofatlarga qarshi kurash imkoniyatlarining cheklanishiga bevosita sababchi bo‘lish – bularning barchasi insoniyat boshiga yangidan yangi balolar yog‘dirmoqda. Boz ustiga ekologik ofatlar mavjud tahdidu xatarlarning yanada kuchayishiga turtki bo‘lmoqda.

Markaziy Osiyo mintaqasi ham iqlim o‘zgarishlari va ekstremal ob-havo hodisalari oldida zaif ekani sezildi. Hozirgi vaqtda mintaqa mamlakatlarida kuzatilayotgan suv taqchilligi ekinlarni sug‘orish imkoniyatlarini cheklamoqda.

Binobarin, O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish, atrof-muhitni muhofaza qilish va bioxilma-xillikni asrab-avaylash ishlariga muntazam e’tibor qaratilayotgani juda muhim. Mamlakatimiz 2017-yil 19-aprelda BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida Parij bitimini imzolagan.

Iqlim bo‘yicha ilk global bitim hisoblanuvchi 2015-yil 12-dekabrda qabul qilingan Parij bitimi O‘zbekiston uchun qator imkoniyatlarni taqdim etadi. Xususan, energiya samaradorligi va energiya tejash bo‘yicha davlat dasturlarini amalga oshirishda iqlimiy moliyalashtirish resurslarini jalb qilish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish, yer-suv resurslarini boshqarishni yaxshilash, salbiy ekologik oqibatlarga qarshi kurashish shular jumlasidandir.

Mazkur hujjat global isishning oldini olish uchun global harakat rejasini belgilab beradi. Bitim tabiiy yoqilg‘ilardan butunlay voz kechishni nazarda tutmaydi, albatta. Biroq barcha mamlakatlardan havoni ifloslantirishni kamaytirishi, texnologik qayta qurollanish va iqlim o‘zgarishiga moslashish kerakligi so‘raladi. Bundan tashqari, energiya quvvatlarini yetkazib berish ham asta-sekin qayta tiklanuvchi energiyaga o‘tilishi lozim.

Shuningdek, O‘zbekiston Bolalar, yoshlar hamda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish harakatlari to‘g‘risidagi deklaratsiyaga qo‘shilgan. Ushbu muhim qadam mamlakatimiz bolalarning tom ma’noda hayoti uchun, yorqin kelajagi uchun kurashishga sodiqligining belgisidir.

Bu haqda so‘z borganda, O‘zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasidagi nutqida global ekologik siyosatning ustuvor yo‘nalishlariga daxldor bir qancha yangi tashabbuslarni ilgari surganligini alohida ta’kidlash lozim. Ayni vaqtda xalqaro, mintaqaviy va milliy darajalardagi ushbu tashabbuslar izchillik bilan ro‘yobga chiqarilmoqda.

Mamlakatimizda BMT Bosh Assambleyasining Orolbo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi sifatida e’lon qilish bo‘yicha rezolyutsiyasini hayotga tatbiq etishga doir tizimli va kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz va jamiyatimiz ekologik muammolarni hal etishda dunyo hamjamiyatining kuch va imkoniyatlarini birlashtirish, sa’y-harakatlarini uyg‘unlashtirish, global muammolarning milliy va mintaqaviy darajadagi yechimlarini topish zarur deb hisoblaydi. Shu bois Prezidentimizning bu boradagi izchil siyosati asosida:

birinchidan, jamiyatimizda, ayniqsa, mahallalarda tabiatimizni asrab-avaylash, suv, havo va atrof-muhitni toza tutish madaniyatini shakllantirishni umummilliy amaliy harakatga aylantirish;

ikkinchidan, ekologiya va atrof-muhitni asrash bo‘yicha sa’y-harakatlarni, xususan, «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasidagi ishlarni kuchaytirish;

uchinchidan, suv solig‘i bo‘yicha tushumlarning bir qismini tumanlarda sug‘orish xizmatlarini rivojlantirish, ariq, zovur va kanallarni betonlashga yo‘naltirish;

to‘rtinchidan, qishloq xo‘jaligidagi islohotlarni qat’iy davom ettirish, sohaga yangi innovatsion agrotexnologiyalarni keng joriy etish, yaratilayotgan yangi dehqon xo‘jaliklarini haqiqiy yer egasiga aylantirish borasida jadal ishlar olib borilmoqda.

Yanada muhimi, ekologiya sohasining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda tabiiy resurslar, jumladan, suv havzalari va yer osti zaxiralarini muhofaza qilish bo‘yicha talablar mustahkamlandi.

Asosiy qonunimiz Muqaddimasida e’tirof etilganidek, biz «mamlakatimizning bebaho tabiiy boyliklarini  ko‘paytirishga hamda hozirgi va kelajak avlodlar uchun asrab-avaylashga  hamda atrof-muhit musaffoligini saqlashga astoydil ahd qilib», ushbu Konstitutsiyani qabul qilganmiz.

Bosh qomusimizning 49-moddasi to‘laligicha ekologiya va atrof-muhit himoyasiga oid normalardan iborat. Xususan, ushbu moddaning birinchi bandida: «Har kim qulay atrof-muhitga, uning holati  to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqiga ega», deb qayd etilgan.

So‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonning uchta strategik dasturi –  2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi ishlab chiqildi. Birinchisi to‘la bajarilgan va qolgan ikkitasi hayotga teran tatbiq etilayotgan ushbu dasturilamal strategiyalarda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalasiga har doimgidan ko‘ra yuz karra ko‘proq e’tibor berilgan.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi ijrosi doirasida ham bu borada muayyan amaliy ishlar qilindi. Xususan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadigan faollar safi 2021-yildan boshlab “Ekologiya huquqi himoyachisi” nominatsiyasi g‘oliblari hisobiga kengayib bormoqda.

O‘z navbatida, davlatimiz rahbari tomonidan kuni kecha ekologiya sohasida umummilliy loyihalarni amalga oshirish chora-tadbirlari ko‘rib chiqilgani katta ahamiyatga ega. Bu o‘rinda atmosfera havosining sifatini yaxshilash, shahar va hududlarda yashil maydonlarni kengaytirish, ekologik ta’lim va madaniyatni yuksaltirish, shuningdek, cho‘llanishga qarshi kurashishning ilmiy va amaliy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslar haqida so‘z bormoqda.

O‘zbekiston Prezidenti mazkur tashabbuslarni ma’qulladi va bu bejiz emas. Chunki, tadbir yakunida ta’kidlanganidek, taqdimot qilingan loyihalar ekologik barqarorlikni ta’minlash, aholi salomatligini muhofaza qilish, shahar va qishloq muhitini yanada qulaylashtirish, shuningdek, ushbu sohada ilm-fan va zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech