YANGI O‘ZBEKISTON: INSON HUQUQLARI – 2025 YIL YAKUNLARI VA ISTIQBOLLAR
Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili, deb e’lon qilingan 2025-yil yakuniga yetib bormoqda. 2025-yil davomida hayotimizda yuz bergan olamshumul yangilanishlar-u eng muhim voqealarning tub mazmun-mohiyatiga nazar solar ekanmiz, turli sohalarda erishilgan yutuqlar hamda zabt etilgan marralar shukuhidan ruhimiz taskin topib, dilimiz ravshanlashadi, tilimizda shukronalik kalimasi aylanadi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, xalqimiz uchun munosib turmush darajasini ta’minlash, mustahkam huquqiy tizim va ochiq jamiyat barpo etish yo‘lidagi keng ko‘lamli islohotlarimiz dunyo jamoatchiligi tomonidan e’tirof etilmoqda. Masalan, 2025-yilda Barqaror rivojlanish maqsadlari indeksida O‘zbekiston 19 pog‘ona yuqori ko‘tarilib, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida eng jadal rivojlanayotgan mamlakat sifatida qayd etildi”[1].
Inson huquqlari – zamonaviy sivilizatsiyaning
ustuvor mezoni
O‘zbekiston Prezidenti 2025-yil sentyabrida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida ishtirok etdi va nutq so‘zladi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Yangi O‘zbekiston barcha davlatlar bilan o‘zaro hamjihatlik, ochiq muloqot va yaqin sheriklik tarafdoridir. Biz xalqlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, umumbashariy maqsadlarni ro‘yobga chiqarish yo‘lida o‘z hissamizni qo‘shishga doim tayyormiz”[2].
2025-yilda jahon hamjamiyati BMTning 80-yilligi tantanalari bilan bir qatorda inson huquqlari bo‘yicha birinchi majburiy yuridik shartnoma – Irqiy kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyaning 60-yilligini, shuningdek, zamonaviy ijtimoiy va siyosiy hayotning gender mezonini boshlab bergan Ayollarga nisbatan Pekin platformasi va Harakatlar dasturining 30-yilligini nishonladi. Mamlakatimizda ushbu sanalarni nishonlash bo‘yicha fuqarolik jamiyati institutlari va ta’lim muassasalarini keng jalb etgan holda keng qamrovli tadbirlar dasturlari amalga oshirildi.
Shuningdek, bu yil inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi ko‘plab mintaqaviy vositalarning yubiley sanalari, xususan, Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasining 75-yilligi, EXHT Xelsinki bitimining 50-yilligi, MDH Insonning asosiy huquqlari va erkinliklari to‘g‘risidagi konvensiyasining 30-yilligi nishonlandi. Ushbu hujjatlar ham inson huquqlarini himoya qilishning zamonaviy xalqaro tizimi uchun tayanch ustunlar hisoblanadi.
Qolaversa, zamonaviy xalqaro huquq asosini yaratgan Nyurnberg tribunali o‘z ishini boshlagan sanaga 80-yil to‘lgani ham e’tibordan chetda qolmadi. Hozirgi zamon inson huquqlari davri, shubhasiz, Nyurnberg jarayonidan boshlangan. Garchi, XX asrda ko‘plab xalqaro hujjatlar qabul qilingan bo‘lsa-da, Nyurnbergdagi Harbiy tribunal inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi muhim voqea hisoblanadi.
Yangi O‘zbekiston inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha mintaqaviy tuzilmalarda faol ishtirok etmoqda. 2025-yilda yangi tashkil etilgan MDHning Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi raisi O‘zbekistonga tashrif buyurdi. O‘zbekiston vakili Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 51-sessiyasida IHTning Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi tarkibiga 2025-2028-yillarga mo‘ljallangan davr uchun saylandi.
Bryusselda iyun oyida Adliya, ichki ishlar, inson huquqlari va ular bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha "O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi" kichik qo‘mitasining 21-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, sud-huquq tizimini isloh qilish, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, gender tenglik masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Inson huquqlari – zamonaviy sivilizatsiya taraqqiyoti darajasini ko‘rsatib turuvchi mezondir. Afsuski, dunyoda sodir bo‘layotgan ijtimoiy-iqtisodiy inqirozlar, geosiyosiy o‘zgarishlar va qurolli mojarolar inson huquqlari masalalariga o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Ma’lumki, Vena deklaratsiyasi va Inson huquqlari bo‘yicha harakatlar dasturi har bir davlatga inson huquqlari bo‘yicha milliy harakatlar rejalarini qabul qilishni tavsiya etgan.
Bugungi kunda dunyoning 80 ta mamlakatida inson huquqlari sohasida 150 dan ortiq milliy reja (strategiya) qabul qilingan. Ular turli darajalarda: prezidentlar, parlamentlar, hukumatlar tomonidan tasdiqlangan bo‘lib, amal qilish muddati ham qisqa, o‘rta yoki uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan.
Markaziy Osiyo mamlakatlarining bu boradagi tajribasi juda e’tiborga loyiq. Markaziy Osiyo mamlakatlari Konstitutsiyalarida "Davlat inson huquqlarini hurmat qiladi va ta’minlaydi" tamoyili aniq belgilab qo‘yilgan. Qozog‘istonda 2023-yilda Prezident tomonidan tasdiqlangan Inson huquqlari va qonun ustuvorligi sohasidagi uchinchi harakatlar rejasi amalga oshirilmoqda. Qirg‘iziston hukumati 2022-2024-yillar uchun Inson huquqlari bo‘yicha harakatlar rejasini qabul qildi va amalga oshirdi. Tojikiston hukumati 2023-yilda Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiyani qabul qildi. Turkmaniston Prezidenti tomonidan 2021-2025-yillarga mo‘ljallangan Inson huquqlari bo‘yicha milliy harakatlar rejasi tasdiqlandi.
Mamlakatimizda 2025 yilgi Davlat dasturi doirasida 2030-yilgacha mo‘ljallangan Inson huquqlari bo‘yicha yangi Milliy strategiya loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu ikkinchi Milliy strategiya loyihasini tayyorlashda ilg‘or xalqaro tajriba, O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari, shuningdek, o‘tgan davr mobaynida shakllangan milliy amaliyot inobatga olindi. Hujjatda O‘zbekistonning milliy ma’ruzalarini ko‘rib chiqish doirasida taqdim etilgan BMTning inson huquqlari bo‘yicha organlari tavsiyalari ham o‘z aksini topdi.
Inson huquqlari ta’limi – konstitutsiyaviy vatanparvarlikni shakllantirish omili
Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturi va Milliy ta’lim dasturini amalga oshirish doirasida inson huquqlari madaniyatini shakllantirish, ta’lim jarayonining barcha bosqichlarida inson huquqlari bo‘yicha o‘quv kurslarini joriy etish bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Davlat organlari xodimlarining inson huquqlari, gender tenglik va qiynoqqa qarshi kurashish sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari 2025 yil davomida muntazam tashkil etildi. Jumladan, Milliy markaz, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlangan reja asosida:
· Jizzax (24–25-fevral);
· Sirdaryo (26–27-fevral);
· Navoiy (22–23-may);
· Toshkent (3-4-iyul);
· Farg‘ona, Andijon (15-16-sentyabr) viloyatlarida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida onlayn va oflayn formatda o‘quv kurslari tashkil etildi.
Ushbu o‘quv kurslarida har bir hududdan sudyalar, ichki ishlar, prokuratura tizimidagi tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalarining jami 444 nafar xodimi ishtirok etdi. Mashg‘ulotlarga milliy va xalqaro ekspertlar jalb qilindi.
Oliy sudda 28-fevralda uy-joyga bo‘lgan huquqni ta’minlash sohasida sud amaliyotini takomillashtirish, shu jumladan majburiy ko‘chirish bilan bog‘liq jihatlarga bag‘ishlangan davra suhbati gibrid formatda bo‘lib o‘tdi.
Milliy markaz tomonidan Oliy sud bilan hamkorlikda BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘linmasi ko‘magida tashkil etilgan tadbirda
50 nafardan ortiq sudya, jumladan, Oliy sud, tuman va viloyat sudlari vakillari ishtirok etdi.
Termiz shahrida 21-22-aprel kunlari va Farg‘ona shahrida 24-25-aprel kunlari Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti tibbiyot xodimlari va Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi sud-tibbiy ekspertlari uchun “Istanbul protokoliga muvofiq qiynoqlar va shafqatsiz muomalalarni sud-tibbiy hujjatlashtirish” mavzusida ikki kunlik trening o‘tkazildi. Mazkur o‘quv mashg‘ulotlari Milliy markaz bilan EXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisining “O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish milliy tizimining barqaror rivojlanishiga ko‘maklashish” qo‘shma loyihasi doirasida tashkil etildi.
Toshkent shahrida 2025-yil 29-apreldan – 2-maygacha “Inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilishning xalqaro standartlari: amaliyot va hisobot” mavzusida to‘rt kunlik o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi. Bu o‘quv kursi Milliy markaz tomonidan inson huquqlarini ta’minlash sohasida faoliyat yuritayotgan davlat organlari va idoralari mutaxassislari uchun o‘tkazildi.
Mashg‘ulotlarda asosiy e’tibor inson huquqlari sohasidagi xalqaro va milliy normalar, BMT mexanizmlari, hisobot berish jarayonlari, ta’lim va amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlashga qaratildi. Unda O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini amalga oshirishda bevosita ishtirok etayotgan vazirlik va idoralar vakillari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar mutaxassislaridan iborat 27 nafar tinglovchi ishtirok etdi.
Xususan, Milliy markaz tomonidan mamlakatimiz bo‘ylab, jumladan, barcha viloyatlar, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasida inson huquqlari bo‘yicha o‘quv seminarlari o‘tkazildi. Ushbu mashg‘ulotlarda 3 mingga yaqin huquq-tartibot idoralari xodimi – tergovchilar, prokurorlar, sudyalar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari ishtirok etdi.
Inson huquqlari masalalari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish va o‘quv salohiyatini oshirish maqsadida Milliy markaz Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi, Huquqni muhofaza qilish organlari akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti hamda O‘zbekiston Notarial palatasi bilan hamkorlik memorandumlarini imzoladi. 2025-yilda ayni memorandumlar doirasida faol hamkorlikda ish olib borildi.
Bu haqda fikr yuritganda, 15–19-dekabr kunlari Toshkent shahrida Xalqaro yuristlar komissiyasi (International Commission of Jurists — ICJ) tomonidan xalqaro inson huquqlari huquqiga bag‘ishlangan “Qishki maktab” tadbiri o‘tkazilganini alohida ta’kidlash o‘rinlidir. Tadbir Taraqqiyot strategiyasi markazi, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining Markaziy Osiyo bo‘yicha Mintaqaviy ofisi hamkorlikda tashkil etildi.
Mazkur o‘quv dasturida sud hokimiyati mustaqilligi, adolatli sudlov huquqi, kamsitilmaslik, qiynoqlar va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalani taqiqlash kabi fuqarolik va siyosiy huquqlar, shuningdek ta’lim, sog‘liqni saqlash va munosib uy-joyga bo‘lgan huquqlar kabi iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar ham batafsil ko‘rib chiqildi. Ayollar, bolalar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarining mohiyati va ahamiyati chuqur tahlil etildi.
“Qishki maktab” dasturi 19-dekabr kuni milliy sud jarayonlarini modellashtirish bo‘yicha “moot court”, ya’ni sahnalashtirilgan yuridik mashg‘ulot bilan yakunlandi. Ishtirokchilar fikricha, ushbu mashg‘ulot ishtirokchilarning xalqaro standartlarni aniqlash va ularni milliy darajadagi sud amaliyotida qo‘llash ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Inson huquqlari madaniyatini oshirish yo‘lida
Mamlakatimizda inson huquqlari sohasida ta’lim, axborot tarqatish, huquqiy madaniyatni oshirishda va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda Milliy markazning Inson huquqlari bo‘yicha axborot-kutubxona markazi — Inson huquqlari uyi muhim platforma vazifasini bajarmoqda. Xususan, Inson huquqlari uyida turli mavzularda 30 tadan ortiq tadbir o‘tkazildi.
2025-yilda Inson huquqlari uyi tomonidan jami 2 ming 968 nusxa inson huquqlariga oid adabiyot kutubxonalar, turli idora va tashkilotlarga beg‘araz taqdim etildi. Milliy markaz nashr ettirgan inson huquqlariga oid ushbu adabiyotlar, jumladan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar axborot-kutubxona markazlariga, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti, Toshkent davlat yuridik universiteti, G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent filiali, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti, Namangan davlat universitetiga yetkazib berildi.
Shuningdek, Milliy markaz tomonidan 2025-yilda 10 dan ziyod kitob chop etildi. Yil davomida Milliy markaz faoliyatini targ‘ib etishga qaratilgan 6 mingta axborot rasmiy saytga joylashtirildi.
Milliy markaz matbuot xizmatining axborotlari, shuningdek, O‘zbekiston tele-radio kanallari, gazetalar, ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar va veb-saytlarda e’lon qilindi. Ingliz va rus tillariga tarjima qilingan 163 ta axborot ommaviy axborot vositalarida tarqatildi.
Milliy markaz xodimlari tomonidan 2025-yilda 246 ta maqola, intervyu va ko‘rsatuvlar tayyorlanib, OAVda e’lon qilindi. Bundan tashqari, Milliy markazda 30 dan ortiq xalqaro tashkilot va xorijiy davlatlar delegatsiyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Ushbu jarayonlarning barchasi haqida jamoatchilikka o‘z vaqtida axborot yetkazib turildi.
Inson huquqlari sohasidagi xalqaro hamkorlik
samaralari
2025-yilda mamlakatimiz BMTning fuqarosizlikni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalarini bajarish borasida tarixiy yutuqqa erishdi. Gap shundaki, 1991-yildan 2016-yilgacha bor-yo‘g‘i 482 kishi O‘zbekiston fuqaroligini olgan bo‘lsa, 2017-yildan 2025-yilgacha 85 mingdan ortiq kishi O‘zbekiston fuqaroligiga ega bo‘ldi. Bu mamlakatimizdagi insonparvar siyosat jamiyatning hamma qatlamlarini qamrab olishga va inson qadr-qimmatini tom ma’noda hurmat qilishga qaratilganini baralla namoyon etadi.
Inson huquqlari bo‘yicha kengash va uning maxsus tartib-taomillari bilan faol hamkorlik davom etmoqda. O‘zbekiston BMTning turli organlari tavsiyalari asosida yettita milliy harakat rejasini ishlab chiqdi va amalga oshirmoqda. Bular, jumladan, BMT Xavfsizlik Kengashining Ayollar, tinchlik va xavfsizlik to‘g‘risidagi 1325-sonli rezolyutsiyasini amalga oshirish; ayollarga nisbatan kamsitishlarga qarshi kurashish; iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar; nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari; Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissar tavsiyalarini amalga oshirish; terrorizmga qarshi kurashish va bola huquqlari bo‘yicha rejalardir.
Bundan tashqari, BMTning Munosib uy-joy masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi B.Radjagopalning O‘zbekistonga tashrifi yakunlari bo‘yicha tavsiyalarini amalga oshirish uchun "Yo‘l xaritasi" loyihasi tayyorlandi.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi, BMT tizimidagi dasturlar, fondlar va ixtisoslashtirilgan muassasalari bilan hamkorlikni mustahkamlash maqsadida jami 5 ta tadbir tashkil etildi. Tadbirlarda 100 dan ortiq O‘zbekiston Respublikasi vazirlik va idoralari vakillari, BMT tizimiga kiruvchi turli dasturlar, fondlar va ixtisoslashtirilgan muassasalar, xalqaro nodavlat tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etdi.
Shuningdek, O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy davlatlarning elchixonalari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning vakolatxonalari, shuningdek, inson huquqlari sohasida faoliyat yuritayotgan 50 dan ortiq xorijiy ekspert ushbu tadbirlarning faol ishtirokchisiga aylandi.
Yil davomida Milliy markazda bir qator xorijiy va xalqaro delegatsiyalar bilan samarali uchrashuvlar o‘tkazildi. Jumladan, 19-avgustda Milliy markaz direktori 14-chaqiriq Umumxitoy qo‘mitasi Xalq siyosiy maslahatlashuv kengashining doimiy a’zosi, Milliy va diniy ishlar bo‘yicha komissiya boshlig‘ining o‘rinbosari, Xitoy inson huquqlarini o‘rganish bo‘yicha jamiyatining ijrochi vitse-prezidenti Szyan Szyango bilan uchrashdi. Uchrashuv XXR delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Szyan Szyango O‘zbekistonning inson huquqlari sohasida erishgan taraqqiyotini yuqori baholar ekan, bu boradagi shiddatli va qamrovdor islohotlarni – beqiyos yangilanishlar, deb ta’rifladi. O‘zbekiston Respublikasining xalqaro tashabbuslari asosida, xususan, BMT Bosh Assambleyasining 15 ta rezolyutsiyasi qabul qilingani e’tirof etildi.
Bu boradagi natijador qadamlar, o‘z navbatida, mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘si tobora oshib borayotganini yaqqol ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, Xitoy Xalq Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi hamkorlikda ishlab chiqqan "Sivilizatsiyalararo muloqot xalqaro kuni" nomli rezolyutsiyaning BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilinganiga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston bilan Xitoyning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalar izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Hamkorlikni yanada chuqurlashtirish maqsadida bir qator aniq rejalar kelishib olindi.
Xuddi shu sanada Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning o‘zbek tilida ilk bor nashr etilgan «Inson huquqlarini hurmat qilish va kafolatlash to‘g‘risida» nomli kitobi taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Tadbir Milliy markaz tomonidan Xitoy Inson huquqlarini o‘rganish bo‘yicha jamiyati, XXR Adabiyotlarni xorijiy tillarda nashr etish va tarqatish ishlari bo‘yicha boshqarmasi, Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi hamkorligida tashkil etildi. Taqdimotda kitob Xitoyning inson huquqlarini himoya qilish masalalariga oid konseptual yondashuvlarini ochib beruvchi manba sifatida muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. Ushbu kitobning o‘zbek tilida nashr etilishi ilmiy ma’rifat almashish, davlatlararo muloqotni chuqurlashtirish va gumanitar hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishi e’tirof etildi.
Shuningdek, 30-iyulda Milliy markazda “Zamonaviy dunyoda inson huquqlarini himoya qilish: O‘zbekiston va Rossiya tajribasi” mavzusida huquqiy kollokvium bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir Rossiya Federatsiyasi Inson huquqlari bo‘yicha vakili, MDH Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi raisi Tatyana Moskalkovaning mamlakatimizga tashrifi doirasida tashkil etildi.
Tadbir davomida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi ijrosi doirasida erishilgan yutuqlar haqida so‘z yuritildi. Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi milliy tajriba, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyatini yanada rivojlantirish istiqbollari, sohaga oid qonunchilikdagi yangiliklar va O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, 12-sentyabrda Milliy markazda Markaziy Osiyo mamlakatlari – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston bola huquqlari bo‘yicha vakillari – bolalar ombudsmanlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Suhbat davomida bolalar huquqlarini ta’minlashda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilishda va ularning tavsiyalari asosida amaliy ishlarni joriy etishda parlament hamda barcha davlat va nodavlat tashkilotlarning faol ishtiroki muhim ekanligi ta’kidlandi.
Milliy markaz vakillari 2025-yilda ko‘plab mamlakatlarda xizmat safarida bo‘lib, muhim tadbirlarda ishtirok etdilar. Xususan, 21-22-iyun kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida “Islom hamkorlik tashkiloti dunyo o‘zgarishi sharoitida” shiori ostida o‘tkazilgan Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Tashqi ishlar vazirlari kengashining 51-sessiyasi shular sirasiga kiradi.
Tadbirda IHTga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari, IHT rahbariyati va tuzilmalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot markazlari, diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi. Sammit davomida IHT kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi, Istanbul deklaratsiyasi qabul qilindi.
Sessiyaning asosiy natijalaridan biri 2025-2028-yillarga mo‘ljallangan muddatga IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasining to‘qqiz nafar yangi a’zosi saylovi o‘tkazilganidir. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston vakili – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari, professor Mirzatillo Tillaboyev uch yil muddatga IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasiga a’zo etib saylandi.
Ushbu voqea O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro diplomatiyada egallagan mavqei tobora o‘sib borayotganini yana bir bor tasdiqlaydi va mamlakatimizning ko‘p tomonlama hamkorlik, islomiy birdamlik va asosiy erkinliklarni himoya qilish prinsiplariga sodiqligini namoyish etadi. Bundan tashqari, bu natija O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha xalqaro institutlar bilan o‘zaro hamkorligidagi muhim bosqich bo‘lib, IHTga a’zo davlatlarning mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga bo‘lgan ishonchidan dalolat beradi.
Milliy markaz 2025-yilda xalqaro va xorijiy manbalarda inson huquqlari sohasida O‘zbekistonga doir e’lon qilingan ma’lumot va hisobotlarga munosabat bildirish amaliyotini davom ettirdi. Jumladan, 3 ta manba — AQSHning Xalqaro diniy erkinliklar bo‘yicha komissiyasi (USCIRF), “Human Rights Watch” xalqaro nohukumat tashkiloti va Yevropa Ittifoqi Komissiyasi hisobotlarida bayon etilgan masalalar yuzasidan tegishli idoralar bilan hamkorlikda asoslantirilgan sharhlar va ma’lumotlar tayyorlandi.
Milliy markazga 2025-yilda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi maxsus ma’ruzachilarning hamda yakka tartibdagi murojaatlar bo‘yicha jami 74 ta hujjat kelib tushdi. Shulardan 50 ta hujjat bo‘yicha Maxsus ma’ruzachilar hamda yakka tartibdagi murojaatlarda keltirilgan masalalar yuzasidan vazirlik va idoralar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida javob xati tayyorlanib, tegishli tartibda taqdim etildi.
Markaz tomonidan xorijiy hamkorlar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish, eng yaxshi amaliyot va axborotlar, shu jumladan, inson huquqlari sohasida qabul qilingan qonun hujjatlari to‘g‘risida ma’lumotlar almashish maqsadida memorandum imzolash masalasi ham e’tibor markazida bo‘ldi. Xususan, 2025-yil 27-fevralda Milliy markaz va Vengriyaning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik uchun mustahkam huquqiy poydevor yaratib, shu sohada qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirishni ko‘zda tutadi.
Bundan tashqari, Milliy markaz bilan Taraqqiyot va odil sudlov xalqaro markazi (CDJI) o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Hujjatni imzolash marosimi O‘zbekiston delegatsiyasining Ispaniyaga tashrifi davomida mamlakatimiz delegatsiyasining Ispaniya Adliya vazirligiga tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv so‘nggida bo‘lib o‘tdi.
Ushbu Memorandum inson huquqlari sohasida ixtisoslashayotgan magistratura va doktorantura talabalari orasida tadqiqot hamda tahlil qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish, adolat va inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirish, inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumini qo‘llab-quvvatlash, inson huquqlarining dolzarb masalalari yuzasidan tahliliy va uslubiy materiallar tayyorlashda hamkorlik qilish,jazoni ijro etishi tizimini rivojlantirishda xalqaro standartlarni targ‘ib qilishga qaratilgan.
Inson huquqlarini ta’minlash: monitoring va jamoatchilik nazorati
Milliy markaz huzurida Jamoatchilik kengashi ish olib bormoqda. Bu boradagi faoliyatni ta’minlashda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 26-avgustda qabul qilingan “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni katta ahamiyat kasb etdi.
Yangi O‘zbekistonda inson huquqlari holati, shu jumladan inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hujjatlar bajarilishini monitoring qilishda jamoatchilik nazorati rolini oshirish maqsadida davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari hamkorligi muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada ham BMTning inson huquqlari bo‘yicha ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari qarorlarining ijrosini ta’minlash yuzasidan doimiy monitoring va maslahatlashuvlar amalga oshirib kelinmoqda. Ayrim misollarga to‘xtalamiz.
Birinchi misol. 12-13-may kunlari “2022-2026-yillarda O‘zbekiston Respublikasida Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha milliy harakatlar rejasi”da belgilangan vazifaga muvofiq, Buxoro viloyatidagi hududlarda yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamiyat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartibiga rioya qilish hamda aholining yetarli uy-joyga ega bo‘lish huquqi masalalari bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan jamoatchilik monitoringi o‘tkazildi. Tadbir Milliy markaz tashabbusi bilan tashkil etildi.
Tuzilgan ishchi guruh tomonidan “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonun ijrosi va fuqarolarga to‘lab berilgan kompensatsiyalarga oid tegishli hujjatlar o‘rganildi. Shuningdek, fuqarolarni majburiy ko‘chirishdan himoyalash va ularning munosib uy-joyga ega bo‘lish huquqini ta’minlash holatini o‘rganish maqsadida hududlarda monitoring ishlari olib borildi.
Ikkinchi misol. 23-mayda Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarining bajarilishi yuzasidan Milliy markaz Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bilan hamkorlikda Navoiy shahridagi “O‘zbekiston” va “Bunyodkor” mahallalarida aholi o‘rtasida oilada maishiy zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha xabardorlik darajasini o‘rganish maqsadida jamoatchilik monitoringini o‘tkazdi.
Bundan maqsad O‘zbekistonda xotin-qizlar huquqlarining amalga oshirilishidagi muammolarni aniqlash, ularning odil sudlovdan foydalanishi hamda xotin-qizlar huquqlarni himoya qilishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatining samaradorligi darajasini o‘rganishdir. So‘rovnomada qariyb 30 ga yaqin respondent ishtirok etib, turli masalalarga bag‘ishlangan 17 ta savoldan iborat anketalarni to‘ldirdi. Shuningdek, fuqarolarning ayni masalaga yondashuvi tahlil etildi hamda bu boradagi muammolarni bartaraf etish yuzasidan taklif va mulohazalari o‘rganildi.
Uchinchi misol. 17–18-sentyabr kunlari xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy hayotda to‘laqonli ishtirokini ta’minlash va oiladagi maishiy zo‘ravonlikka qarshi kurashish holati o‘rganish maqsadida Farg‘ona shahridagi “Iltifot” va “Shodiyona” hamda Andijon viloyati Qo‘g‘ontepa shahridagi “Yuksalish” va Abdurahmon Jomiy nomidagi mahalla fuqarolar yig‘inlarida keng qamrovli monitoring tadbirlari amalga oshirildi.
Tadbir Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi qabul qilinganining 30-yilligi doirasida amalga oshirildi. Unda mamlakatimizda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, maishiy zo‘ravonlikka qarshi huquqiy himoya va yordam mexanizmlarini baholash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Monitoringning asosiy maqsadi – jamiyat va oilada xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga qarshi kurashishda xalqaro me’yorlarga asoslangan Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya (CEDAW) talablari bajarilishi ustidan nazoratni mustahkamlashdir. Shuningdek, xotin-qizlarga nisbatan maishiy zo‘ravonlik, gender tenglik va ijtimoiy-iqtisodiy huquqlar bilan bog‘liq muammolarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
To‘rtinchi misol. 18-sentyabr kuni Andijon viloyatidagi davlat oliy ta’lim muassasalarida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari” va “Bola huquqlari” fanlarini o‘qitish holati bo‘yicha monitoring o‘tkazildi. Unda Milliy markaz va vazirlik mutaxassislari ishtirok etdi.
Ishchi guruh a’zolari Andijon davlat universiteti, Andijon davlat pedagogika instituti va Andijon davlat tibbiyot universitetida dars jarayonlarini kuzatib, talabalar va o‘qituvchilar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi. Monitoring natijalari asosida ta’lim sifati yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi va tegishli oliy o‘quv yurtlari ma’muriyatlariga taqdim etildi.
Tadbir doirasida talabalarning inson huquqlari bo‘yicha bilimlarini oshirish, huquqiy savodxonlikni kuchaytirish va ta’lim jarayonini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Milliy va xalqaro maslahatlashuvlar
Milliy markaz faoliyatida milliy va xalqaro hamkorlar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish tajribasi alohida o‘rin tutadi. Bunga yaqqol misol sifatida 2025-yil 6-oktyabrda Nukus shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Xavfsizlik Kengashining “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” to‘g‘risidagi 1325-sonli rezolyutsiyasi qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasi loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan milliy maslahatlashuvlarni keltirish mumkin.
Mazkur tadbir Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi Loyihalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi, shuningdek, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida tashkil etildi. Muhokamalarda 2022–2025-yillarda amalga oshirilgan Milliy harakatlar rejasi doirasida erishilgan yutuqlar sarhisob qilinib, yangi davr uchun ustuvor vazifalar belgilandi. Yangi hujjat ayollarning tinchlik jarayonlarida faol ishtirokini ta’minlash, ularning xavfsizligi va huquqlarini himoya qilish, shuningdek, gender tenglikni chuqurlashtirishga qaratilgan.
Shuningdek, 2025-yil 3-iyulda Milliy markaz tomonidan “BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirish bo‘yicha 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasi” loyihasini ishlab chiqishga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi. Tadbir YUNISEFning mamlakatimizdagi vakolatxonasi va O‘zbekiston Nogironlar assotsiasiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Seminarda davlat organlari xodimlari, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari xamda xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Bundan tashqari, inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni amalga oshirish doirasida 2025-yil 4-5-sentyabr kunlari BMT shartnomaviy organlari va alohida holatlar bo‘yicha maxsus tartib-qoidalari tavsiyalarini joriy etish masalalariga bag‘ishlangan ikki kunlik seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbir Milliy markaz tomonidan BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo mintaqaviy bo‘linmasi va Xalqaro huquqshunoslar komissiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Seminar Konstitutsiyaviy sud va Oliy sud sudyalari, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, Ombudsman instituti, Advokatlar palatasi, "Taraqqiyot strategiyasi" markazi, ilmiy doiralar, nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida o‘tkazildi.
Tadbir doirasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Jenevada bo‘lib o‘tgan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 46-sessiyasidagi nutqida bayon etilgan pozitsiyasiga alohida urg‘u berildi. Davlatimiz rahbari O‘zbekistondagi islohotlar jarayonida insonning asosiy huquq va erkinliklarini ta’minlash markaziy o‘rin tutishini ta’kidlaganiga e’tibor qaratildi.
Seminarda BMT shartnomaviy organlari mulohazalarining yuridik maqomi va huquqiy tabiati, ularni milliy huquqiy tizimga implementatsiya qilish yo‘llari, shuningdek, tegishli xalqaro majburiyatlarni bajarishda O‘zbekiston oldidagi amaliy masalalar va imkoniyatlar batafsil ko‘rib chiqildi. BMTning Maxsus tartib-taomillari mexanizmlari, shu jumladan maxsus ma’ruzachilarning tavsiyalari va ularni boshqa mamlakatlarda muvaffaqiyatli joriy etishga oid misollar keltirildi.
Muhokamalar yakunida bir qator amaliy tavsiyalar, jumladan, qisqa va o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlarni belgilash bo‘yicha takliflar tayyorlandi. Bu o‘rinda, jumladan, huquqiy xabardorlikni oshirish, inson huquqlari bo‘yicha milliy mexanizmlarni institutsional mustahkamlash, jamoatchilik nazorati mexanizmlarini kengaytirish va xalqaro majburiyatlarning lozim darajada bajarilishini ta’minlash bo‘yicha tadbirlar haqida so‘z bormoqda.
Xulosa qilib aytganda, 2025-yilda mamlakatimiz, mintaqamiz, butun sayyoramiz miqyosida tinchlikni saqlash, o‘zaro ishonchni mustahkamlash, ma’naviyat va ma’rifatni rivojlantirish, ekologiyani muhofaza qilish, shuningdek, ilg‘or innovatsiyalar, zamonaviy texnologiyalar va “yashil iqtisodiyot”ni chuqur tatbiq etish orqali barqaror taraqqiyotni ta’minlash yo‘lida tom ma’noda bemisl samaralarga erishildi. Ushbu natijalarning barchasi mukarram zot – inson qadrini ulug‘lashga qaratilgani bilan nihoyatda ahamiyatlidir.
Akmal SAIDOV,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik
«Yangi O‘zbekiston» gazetasining 2026-yil 17-yanvar kungi 11 (1610)-soni
Ўзбекча
English
Русский