Inson-jamiyat-davlat

Konstitutsiya davlatni davlat, millatni millat sifatida dunyoga tanitadigan huquqiy hujjatdir. Yaratilayotgan boshqa qonunlar konstitutsiyaviy me’yorlarga asoslanadi, me’yoriy hujjatlar ham shu asosda ishlab chiqiladi. Bosh qomusimizda jamiyat va davlat, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari tuzilishi hamda faoliyatining asosiy prinsiplari, ularning vakolatlari, fuqarolarning asosiy huquq va burchlari, jamiyat va shaxs o‘rtasidagi munosabatlar berilganligi bilan ham yanada ahamiyatlidir.

Konstitutsiyamiz mustaqilligimizni mustahkamlash, xalqimizning tinch-osuda, farovon hayotini ta’minlashning muhim asosidir. Uning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini keng targ‘ib etish, aholi, ayniqsa, yoshlar ongu shuurida Vatanga sadoqat, qonunlarimizga hurmat tuyg‘usini mustahkamlash maqsadida o‘tkazilayotgan uchrashuv, davra suhbati, ochiq muloqot va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar yuksak samaralar bermoqda. Konstitutsiyamiz millatidan qat’i nazar barcha o‘zbek xalqi, fuqarosining butun bir imkoniyati va majburiyatlarini o‘zida aks ettirgan bo‘lib, hali uzoq yillar davomida yangi O‘zbekistonning baxtli va kelajagi buyuk avlodlari uchun ham munosib xizmat qiladi.

O‘zbekistonda o‘tkazilgan so‘nggi konstitutsiyaviy o‘zgarishlar mazmun-mohiyatini muxtasar tahlil etadigan bo‘lsak, mazkur jarayonda xalqning kyeng ishtiroki - konstitutsiyaviy islohotlarning birinchi o‘ziga xos xususiyati hisoblanadi.

 Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Yangi O‘zbekistonni qurish, mamlakatimizda inson qadrini yanada yuksaltirishda muhim ahamiyatga ega.

Ta’kidlash lozim, Konstitutsiyamizdagi moddalar 128 tadan 155 taga ko‘paydi va unga turli yo‘nalishlarda o‘zgartirishlar kiritilib, inson erki, qadr-qimmati asos qilib olindi. Chunki, inson erkin bo‘lib, bu dunyoga kelar ekan, demak erkin yashashi lozim. Har bir insonning qadr-qimmati bo‘lishi, davlat va jamiyat esa bunga sharoit yaratib berishi kerak.

Yangilangan Konstitutsiyada aybsizlik prezumsiyasi, uy-joy daxlsizligi, qonunda cheklanmagan har qanday faoliyat turi bilan shug‘ullanish erkinligi, ishsizlikdan himoyalanish kabi normalar kiritildi.

Yangilangan Konstitutsiyamizda xalqimizning 60%dan ortig‘ini tashkil qiluvchi yoshlarga berilayotgan e’tiborni alohida ta’kidlashimiz zarur. Yoshlarning ta’lim olishi, uy-joyli bo‘lishi, tibbiy va ijtimoiy himoyasi, bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish davlatning konstitutsiyaviy majburiyati ekani belgilangan. Quvonarlisi, Bosh qomusimizda yoshlar uchun alohida bob ajratilgan.

Mazkur bobda davlatning majburiyati sifatida yoshlarni himoya qilish, ularning huquqlarini amalga oshirish uchun sharoitlar yaratish bo‘lsa, ota-onalarning majburiyati sifatida esa farzandlari voyaga yetguniga qadar nafaqat boqish,  tarbiyalash, balki ularning ta’lim olishi, sog‘lom va har tomonlama kamol topishi uchun g‘amxo‘rlik qilishi belgilandi. Bu esa o‘z navbatida yosh avlod hayotini yaxshilash, ularning orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarish, hayotda o‘z o‘rinlarini topishlari uchun imkoniyat  yaratildi.

Bundan tashqari, mazkur konstitutsiyaviy qonun inson huquq, erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy majburiyati etib belgilangan. Inson hamda davlat organlari o‘rtasida yuzaga keladigan noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi, huquqiy ta’sir choralari qonuniy maqsadga erishish uchun munosib, yetarli bo‘lishi kerakliligi qayd etilgan. Albatta, ushbu qoidalar inson huquqlari ustuvorligini ta’minlash bilan bir qatorda, davlat idoralarining o‘z vazifalarini inson huquqlariga rioya qilgan holda amalga oshirilishida mas’uliyatini shakllantiradi.

Inson huquqlari va erkinliklari, bolalar, yoshlar huquqlariga oid masalalarga bag‘ishlangan kafolatlarning kuchaytirilganligi ham davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini oshirishda zamin yaratadi.

Davlat hokimiyatini tashkil etish asoslari, qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat tarmoqlarining maqomi, o‘zaro munosabatlari tubdan takomillashdi. Davlat hokimiyatining oliy organlari o‘rtasidagi balans, muvozanat kuchaytirildi.

Xalqimizning, ekspert va mutaxassislarning takliflari, xalqaro, xorijiy davlatlarning tajribasini inobatga olgan holda tayyorlangan Konstitutsiyamiz xalqimizning farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilishi tabiiy.

 

Sevara Ishmuratova

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi

Umumiy bo‘lim boshlig‘i

«JAMIYAT» gazetasining 2025-yil 4-dekabr kungi 49 (967)-soni

Powered by GSpeech