Konstitutsiyada nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari kafolatlangan

3 dekabr – shunchaki Xalqaro nogironlar kuni emas, balki jamiyat uchun o‘ziga xos hisobot kuni. Bu sana bizni Konstitutsiya va qonunlar bilan kafolatlangan, xalqaro Konvensiyada mustahkamlangan hamda Prezidentimiz farmon va qarorlarida belgilab qo‘yilgan huquqlarning amaldagi ijrosi ustida yana bir bor fikrlashga chorlaydi.

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson huquqi oliy qadriyat sifatida mustahkamlangan. Qomusimiz nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqi ta’minlanishini davlat siyosatining ajralmas qismiga aylantirgan holda, bu borada xalqaro standartga mos poydevor yaratdi. Xususan, Konstitutsiyaning 57-moddasiga ko‘ra, “Mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalari huquqi davlat himoyasida”.

Davlat nogironlar ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy soha ob’ektlari va xizmatlaridan to‘laqonli foydalanishi uchun shart-sharoit yaratadi, ishga joylashishi, ta’lim olishiga ko‘maklashadi, zarur axborotni to‘siqsiz olishini ta’minlaydi. Bu modda nogironlikka faqat tibbiy holat emas, balki jamiyat va muhit bilan bog‘liq ijtimoiy-ma’naviy masala sifatida qarashga xalqaro yondashuvni milliy qonunchiligimizda oliy darajada mustahkamlagan.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarning hayotiy muhim huquqlarini ham aniq belgilab berdi. Jumladan, ular adolatli sharoitda mehnat qilishi, sog‘lig‘ini saqlashi, ta’lim olishi va boshqa huquqlardan hech qanday to‘siq va kamsitishsiz boshqalar bilan teng ravishda foydalanishi kafolatlandi.

Konstitutsiyaviy kafolat, xalqaro majburiyat bilan uyg‘unlashgan holda, inklyuziv rivojlanish yo‘lidagi qat’iy pozitsiyamizni ko‘rsatadi.

O‘zbekiston 2021 yil Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyani ratifikatsiya qildi. Shu tariqa mamlakatimiz nogironlikka inson huquqi nuqtai nazaridan yondashib, to‘siqsiz muhit va jamiyatda to‘liq ishtirok etish uchun xalqaro standart asosida muayyan majburiyatlarni zimmasiga oldi.

Yurtimizda 2020 yil 15 oktyabr kuni “Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqi to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilingan. Ushbu hujjat nogironlarni ijtimoiy himoya va reabilitatsiya qilish, ular uchun to‘siqsiz muhit yaratish va inklyuzivlikni amalga oshirish bilan bog‘liq asosiy tamoyillarni belgiladi.

Konvensiya talabini amalga oshirish maqsadida 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasi qabul qilinib, asosiy yo‘nalishlar sifatida jamoat binolari, transport va shahar infratuzilmasini moslashtirish, nogiron bolalar va yoshlar uchun ta’lim, ishga joylashish va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, tibbiy-ijtimoiy va davlat xizmati imkoniyatini kengaytirish nazarda tutildi.

So‘nggi yillardagi Prezident farmon va qarorlari nogironlar hayotini yaxshilashga qaratilgan aniq, manzilli mexanizm yaratdi. Xususan, 2025 yil 8 maydagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini ta’minlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon bilan nogironlar bandligini ta’minlashga ko‘maklashgan tadbirkorlik sub’ektlari uchun moliyaviy rag‘batlantirish yo‘lga qo‘yildi. Ularning elektron reyestri va ish o‘rinlarini zaxiralash elektron tizimi joriy etildi, nogironlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni bozorga chiqarish va realizatsiya qilishga ko‘maklashish tizimi yaratildi.

2024 yil 18 iyuldagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulay va to‘siqsiz muhit yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror esa barcha shaharsozlik loyihalarini majburiy ekspertizadan o‘tkazish, 2024-2025 yillardan boshlab ko‘cha, chorraha, jamoat transporti va binolar nogironlar ehtiyojiga mos ravishda qayta jihozlashni nazarda tutadi. Ijtimoiy inspeksiya vakolatli nazorat idorasi sifatida belgilanib, to‘siqsiz standart ustidan doimiy davlat nazorati amalga oshirilishi joriy qilingan.

Prezidentning 2023 yildagi qarori bilan nogironlarni zamonaviy protez-ortopediya vositalari bilan ta’minlash, davlat xizmatida navbatsiz qabul qilish va bepul yuridik yordam ko‘rsatish kabi imtiyozlar belgilandi.

O‘zbekistonda inson huquqi bo‘yicha xalqaro majburiyat bajarilishida milliy institutlar, jumladan Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda nodavlat notijorat tashkilotlari, jumladan O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi va Nogironlar jamiyati hamkorligi muhim o‘rin tutmoqda.

Joriy yil 19 noyabr kuni “Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan to‘siqsiz muhit holati”ni o‘rganishga qaratilgan monitoring amalga oshirildi. Tadbir orqali Toshkent xalqaro aeroporti va Toshkent temir yo‘l vokzalida to‘siqsiz muhit yaratish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar holati, jumladan taktil yo‘laklar, maxsus yordam nuqtalari, xodimlar tayyorgarligi va transport vositalariga moslashtirilgan shart-sharoit o‘rganildi. Bunday muntazam va ochiq monitoring to‘siqsiz muhitni yanada takomillashtirish, amaldagi infratuzilmani xalqaro standartga moslashtirishga qaratilgan amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqishga xizmat qilmoqda.

Yangi O‘zbekistonning “Inson qadri uchun” tamoyiliga asoslangan siyosati nogironlar uchun to‘laqonli hayot sharoitini ta’minlashga qaratilgan. Qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlar tuman, shahar va mahallalar darajasida so‘zsiz, ochiq va to‘liq amalga oshirilishi, nogiron shaxslar uchun barcha shart-sharoit ta’minlanishining muhim shartidir. Zero, har bir inson o‘z huquqidan to‘laqonli foydalana olishi uchun jamiyat ongi va infratuzilmani to‘liq inklyuziv qilish muhim vazifamizdir.

O‘tkir Ochilov,

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi

bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, professor

O‘zA

Powered by GSpeech