MUALLIM VA TA’LIM, MA’RIFAT VA MA’NAVIYAT UCHUN G‘AMXO‘RLIK
«Konstitutsiya – inson qadri,
erkinlik, tenglik va adolat garovi!»
Bundan 2,5-yilcha oldin – 2023-yil 30-apreldagi umumxalq referendumida qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlatning o‘qituvchilar sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish majburiyati kuchaytirildi. Ushbu normalar mamlakatimiz o‘qituvchilarining professional o‘sishi hamda ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlanishiga, ularning jamiyatdagi ijtimoiy maqomi, obro‘sini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz, shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va Taraqqiyot strategiyasi doirasida yurtimiz hayotining ta’lim-tarbiya hamda ilm-fan sohalarida salmoqli va ko‘lamdor ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni chog‘da, masalaning g‘oyatda muhim yana bir jihati borligini unutmasligimiz darkor. Ya’ni, davlat:
bir tomondan, ta’lim sohasini rivojlantirish uchun zarur mablag‘larni ajratsa;
ikkinchi tomondan, zamonaviy jihozlangan yangi ta’lim maskanlari ochilsa;
uchinchi tomondan, ta’lim muassasalari ilg‘or darslik, qo‘llanma va o‘quv jihozlari bilan ta’minlansa;
to‘rtinchi tomondan, o‘qituvchilarning malaka oshirishi va oylik maoshlari ko‘paytirilishi tizimli yo‘lga qo‘yilsa – ushbu omillarning barchasi Yangi O‘zbekistonning yangicha ta’lim tizimiga asos solish uchun yetarlimi?
Yo‘q, albatta. Bu o‘rinda inson omili – o‘qituvchi va murabbiylarning tom ma’nodagi fidoyiligi ham talab etiladi. Aynan ular:
- mamlakatimizda ta’lim tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish;
- sohaga doir islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish;
- o‘quv-tarbiya jarayoniga milliy va ilg‘or xorijiy tajribalar, innovatsion pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish;
- o‘quvchi va talabalarga ilm-fan asoslari hamda zamonaviy kasb-hunarlarni o‘rgatish;
- yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish;
- sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish;
- farzandlarimizni ona Vatanga mehr va sadoqat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash;
- Yangi O‘zbekistonni bunyod etish;
- Uchinchi Renessans poydevorini yaratish ishlariga munosib hissa qo‘shishlari ham farz, ham qarzdir.
Binobarin, endilikda yosh toifalari bo‘yicha milliy tarbiya modelini yaratishga kirishilgani ham aynan shunday yondashuvni taqozo etadi. Bu orqali bolalar zamonaviy kompetensiyaga ega mutaxassis bo‘lish bilan birga milliy qadriyatlarga sodiq inson bo‘lib tarbiyalanadi. Buning ilk qadami sifatida yangi o‘quv yilidan barcha bog‘cha, maktab va oliy o‘quv yurtlarida har dushanba “Kelajak soati” darslari o‘tilmoqda.
An’anaga ko‘ra, O‘qituvchi va murabbiylar kuni bayrami arafasida, Prezidentimiz Farmoniga muvofiq, ana shunday yuksak talablarga javob beradigan ustozlarning katta bir guruhi ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgani uchun faxriy unvon, orden va medallar bilan taqdirlandi. Bularning barchasi mamlakatimizda ta’lim-tarbiya sohasi rivojiga eng ustuvor vazifa sifatida qaralayotganini yaqqol tasdiqlab turibdi.
Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “Taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham bu – ilm-fan, ta’lim va tarbiyadir. Ertangi kunimiz, Vatanimizning yorug‘ istiqboli, birinchi navbatda, ta’lim tizimi va farzandlarimizga berayotgan tarbiyamiz bilan chambarchas bog‘liq”.
Yaqinda tengqurlarimiz davrasida qiziq bahsning ustidan chiqib qoldim. Ustoz va muallimlar haqida so‘z borgan bahsda bir tomon bolalik yillarimizda ongu shuurimizga “Ustoz – otangdan ulug‘” degan tarzda o‘rnashib qolgan mashhur maqolni: “Ustoz – otangdek ulug‘”, degan shaklda qo‘llash go‘yoki mantiqan to‘g‘riligi haqida tinmay ikkinchi tomonga da’vo qilardi.
O‘yga toldim. Aslida ham, bu hayoti dunyoda ota o‘z farzandining unib-o‘sishi va kamol topishi uchun hamma narsaga tayyor. Chunki farzand – uning zurriyodi, ya’ni qondosh bolasi, avlodlarining davomchisi, betobligida labiga suv tomizguvchi, vafot etganida esa hamisha xotirlab va uyidagi chirog‘ini yoqib turguvchi eng yaqin jigargo‘shasidir.
Ustoz ham shogirdi o‘sib-ulg‘ayishi va ilm-fan, kasb-hunar, mansab-martaba pog‘onalaridan yuksalishi uchun o‘zi to‘plagan bilim va tajriba, ko‘nikma va mahorat, vaqt va sog‘lik – boringki, hech narsasini ayamaydi. Biroq, shogird – ustozning zurriyodi emas. Bu, birinchidan.
Ikkinchidan, ustozning saboq berishi zamirida, har holda, o‘z shogirdi unga bu hayotda farzandidek mehribonlik qilishidan bevosita umidvorlik yotmaydi. Qisqasi, o‘z shogirdlariga aynan otalardek mehribonlik va g‘amxo‘rlik ko‘rsatar ekan, bunda ustozlar asosan xolis, beg‘araz va beta’ma ish tutadi. Shuning uchun ham “Ustoz – otangdan ulug‘” deyilgani bejiz emas.
Maqolning keyingi shakli tarafdorlari, odatda, inson hayotida otaning maqomi ustozlar maqomiga nisbatan yuqoriligi uchun “Ustoz – otangdek ulug‘” tarzida qo‘llanishi maqsadga muvofiq, deb hisoblaydilar. Maqol aynan shunday tarzda qo‘llanganda ustozning maqomi yuksaladi, otaning maqomi esa pasaymaydi, degan qarash bor bu yerda.
Aslida, “Ustoz – otangdan ulug‘” degan ibora o‘z mazmuniga ko‘ra, bir tomondan, shunday begidr ustozlarni ulug‘lashga chorlasa, ikkinchi tomondan, otalarning ulug‘ligi har qanday shubhadan xoliligini ta’kidlaydi. Chunki, mohiyatan olib qaraganda, ushbu hikmatli so‘zlarda ustoz va otaning qadri birdek ulug‘lanmoqda. Shu mavzuga hamohang bir rivoyat beixtiyor yodimga tushdi:
“Mirzo Ulug‘bekdan so‘radilar:
– Siz nega siyosatni qo‘yib, ilm bilan mashg‘ul bo‘ldingiz?
Mirzo javob berdilarki:
– Men ilmning qudratini bobomdan bildim. Bir safar men bobomning tizzasida o‘tirar edim, shu payt huzuriga bir kishi kirdi, bobom shoshib uning istiqboliga o‘rnidan turdi – men tizzasidan tushib ketdim. Keyin bilsam, u zot olim ekan, bobomning piri komili ekan. Ilmning obro‘-nufuzini men ana o‘shanda ko‘rdim”.
Amir Temur hazratlari olimu fozil murabbiylarining hurmat-izzatini joyiga qo‘yganligiga oid ushbu ixchamgina tarixiy lavha ulug‘ Sohibqiron ajdodimiz ham o‘z ustozu muallimlaridan yaxshi ta’lim-tarbiya olganligini ko‘rsatadi. O‘z navbatida, ana shu buyuk bobokalonimiz asos solgan Temuriylar davri Renessansi butun dunyo ilm-fani va ma’rifati ravnaqiga nechog‘lik salmoqli hissa qo‘shganligini bir chamalab boqing!
Endi yaqin tarixdan ham muallim maqomini ulug‘laydigan shunga o‘xshash bir misol keltiramiz: ustoz akademik Akmal Saidov o‘zining “G‘alaba bog‘i falsafasi” nomli muhtasham kitobida Ikkinchi jahon urushi davrida fashistlar istilo qilgan Niderlandiyaga maxsus poyezdda olib kelingan 101 nafar o‘zbek askarining asirlikdagi achchiq qismati haqida niderlandiyalik mashhur jurnalist Remko Reyding tadqiqotlariga asoslangan qiziqarli tarixiy ma’lumotlarni qayd etgan. Ushbu harbiy asirlar Moskvaga boshlanadigan hujum oldidan fashist armiyasining ruhini ko‘tarishga qaratilgan "targ‘ibot filmi"da "jonli va ta’sirchan rol" o‘ynab berishlari kerak bo‘lgan.
Fashistlarning fikricha, "inson qatorida ko‘rilmaydigan", lagerdagi "sharoitlar" tufayli esa odamiylik qiyofasini ham yo‘qotayozgan och-nahor va xastahol asirlar o‘zaro non talashib, kinobop tomosha ko‘rsatishlari kerak edi. Bu, o‘z navbatida, Gitlerning nemislar – oliy irq, boshqa millatlarda esa insoniylikka xos zig‘ircha ham xislat yo‘q, degan manfur g‘oyasini tasdiqlab berardi. Ammo ushbu qabih reja amalga oshmagan. Kitobning o‘sha joyidan bir lavha keltiramiz:
“Atrofga jimjitlik cho‘kadi. Bir muddatdan keyin asirlardan biri yerda yotgan nonni qo‘liga olib, uch marta o‘padi va ko‘ziga surtadi. So‘ngra nonni keng davrada chordona qurib o‘tirgan o‘zbek asirlarning yoshi ulug‘iga – muallimga olib boradi. Muallim nonni bo‘laklab, dastlabki ushog‘ini eng kichik yoshli mahbusga uzatadi.
Shu tariqa non bo‘laklari hammaga teng taqsimlanadi. Muallim oxirgi bo‘lakni o‘ziga oladi. O‘zbek birodarlarimiz shoshmasdan, hovliqmasdan, odob saqlab, birin-keyin navbat bilan rizqlanishadi. Oxirida Xudoning ne’mati uchun shukronalik fotihasi o‘qilgach, ular tarqalishadi. Bunday kutilmagan ssenariy fashistlar taxmin qilgandek yakun topmaydi”.
Ko‘ryapsizmi, o‘shanda muallim, ha, aynan muallim millatimizning matonati va jasoratini, xalqimizning mehribonligi va ulug‘vorligini amalda baralla namoyon etgan. Ya’ni, ustoz muallimlar har qanday razolat va qabohat zamonlarida ham ma’rifat nurini taratishdan to‘xtamaydilar.
Binobarin, savod va bilim, ma’rifat va ta’lim-tarbiya – tinch-osoyishta, barkamol, barqaror va taraqqiyparvar hayot garovi. Savodxonlik – inson uchun tom ma’noda bayram. Bugungi insonlar zamonaviy hayotning har bir sohasi bo‘yicha muayyan darajada savodi borligi uchun baxtiyor, to‘kis va farovon yashaydilar. Afsuski, sayyoramizda savodsizligi tufayli bunday baxtdan mahrum insonlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Nega deganda, yer yuzida hali oddiy o‘qish-yozishni bilmaydigan millionlab odamlar bor.
BMTning Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) tahlillariga qaraganda, 2026-yil oxirida sayyoramizda maktabga bormaydigan bolalar soni qariyb 6 millionga ortib, 278 million nafarga yetishi mumkin. Buning asosiy sababi ta’limni rivojlantirishga ajratiladigan rasmiy yordamning 3,2 milliard dollarga kamayishi bilan bog‘liq.
Bundan ham yomoni, BMT ma’lumotlariga ko‘ra, keyingi 12 oyda dunyoda maktablarga hujum qilish holatlari 44 foiz ko‘paygan, oqibatda minglab o‘qituvchi va o‘quvchilar halok bo‘lgan, yaralangan va o‘g‘irlab ketilgan. Bosh kotib Antoniu Guterrish shu munosabat bilan xalqaro hamjamiyatga yo‘llagan murojaatida mamlakatlar o‘z ta’lim tizimiga investitsiya kiritishi va Maktablar xavfsizligi to‘g‘risidagi deklaratsiyani to‘liq ma’qullashi zarurligini qayd etdi.
Shu ma’noda, mamlakatimizda ta’lim va tarbiyaga ustuvor vazifa sifatida yondashilayotgani tahsinga sazovor. So‘nggi sakkiz yilda ta’lim-tarbiya sohasini rivojlantirish borasida ko‘plab salmoqli natijalarga erishildi. Jumladan:
-
xususiy sektor bilan birga bog‘chalardagi o‘rinlar 2,5 millionga, qamrov esa 78 foizga yetkazildi;
-
yangi maktablar qurilgani, mavjudlari kengaytirilgani hisobiga qo‘shimcha 1 millionta o‘quvchi o‘rni yaratildi;
-
zamonaviy darsliklar, ilg‘or pedagogik texnologiyalar asosida maktab ta’limiga yangi mazmun, yangi sifat kirib kelmoqda;
-
oliy ta’limda qamrov 9 foizdan 42 foizga yetkazildi;
-
talabalarning 53 foizini xotin-qizlar tashkil etayotgani alohida e’tiborga sazovor;
-
hozirgi vaqtda dunyodagi top oliy o‘quv yurtlarida 2 mingdan ziyod talabamiz tahsil olmoqda. Ulardan 750 nafari “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali davlat hisobidan o‘qimoqda;
-
o‘tgan 2024-yilda yurtimiz yoshlari top-500 talik oliy o‘quv yurtlariga kirish bo‘yicha Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinni egalladi.
O‘zbekiston Prezidenti 2025-yil 8-sentyabr kuni ta’lim tizimini isloh qilish masalalariga oid taqdimot doirasida shu boradagi kelgusi rejalar va ularni amalga oshirish chora-tadbirlari bilan yaqindan tanishdi. Xususan:
- 2026-2028-yillarda respublikaning 14 ta hududida Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazini o‘z ichiga olgan “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘i tashkil etiladi;
- 2026-yildan boshlab, har yili umumta’lim maktablari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Ilg‘or muhandislik maktabi” milliy tanlovi o‘tkaziladi;
- tabiiy fanlarni o‘qitishni yaxshilash maqsadida barcha hududlarda ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil qilinadi va Toshkent shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi maktab bu yo‘nalishda tayanch maktab sifatida xizmat qiladi;
- Toshkent shahrida M. Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filiali, “ToshTech” texnika universiteti hamda Olmaliq davlat texnika instituti ochiladi.
E’tibor bering: joriy o‘quv yilidan boshlab, pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarining talabalari uchun Abdulla Avloniy nomidagi davlat stipendiyasi ta’sis etilmoqda. Ayni yangilikning mohiyati shundaki, hozirgi kungacha o‘qituvchilikka mehr qo‘ygan yoshlarni rag‘batlantirishga qaratilgan alohida davlat stipendiyasi yo‘q edi.
Yana bir yangilik shuki, Prezidentimiz joriy yil 8-sentyabrda maktabdan tashqari ta’limni yangi bosqichga olib chiqish, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish bo‘yicha qarorni imzoladi. Shu asosda joylardagi 219 ta “Barkamol avlod” maktabi, “Yoshlik” sport jamiyati, O‘quvchi yoshlar markazi va O‘zbekiston bolalar tashkiloti negizida respublika, hudud va tumanlarda “Kelajak” markazlari tashkil etiladi.
“Kelajak” markazlari maktablar bilan uzviy va maqsadli tadbirlarni jonlantirib, muhandislik, ilm-fan, madaniyat, san’at, kitobxonlik, sport va ekologiya yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quvchilarni to‘garaklarga jalb qiladi. Ushbu tizim bilan barcha maktablar qamrab olinadi. Har bir o‘rta maktabda maslahatchi lavozimi joriy qilinadi. Maslahatchilar o‘quvchilarning qobiliyati va qiziqishiga qarab, til, kasb, muhandislik, ijod, san’at va sport to‘garaklarini tashkil qiladi.
Ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari sinf rahbari, maktab psixologi bilan xulq-atvorida salbiy o‘zgarish bo‘lgan o‘quvchilarni ta’lim va oiladagi muammolarini o‘rganib, ularni yengib o‘tishga hamrohlik qiladi. Mahalladagi yoshlar yetakchilari esa o‘quvchilar maktabdan tashqari vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun mas’ul bo‘ladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 9-sentyabrda bo‘lib o‘tgan ta’lim sohasidagi islohotlar ijrosi va kelgusidagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida alohida qayd etilganidek, joriy yil boshidan xalqaro fan olimpiadalarida o‘quvchilarimiz 195 ta medalni qo‘lga kiritdi. Ularga oshirilgan stavkada jami 10 milliard so‘m, murabbiy o‘qituvchilariga esa 3,5 milliard so‘m pul mukofoti beriladi.
Xorijiy til egalari jalb qilingan 1 mingdan ziyod maktabda til bo‘yicha sertifikat olgan o‘quvchilar soni bir yilda 2,5 barobar ko‘paydi. Davlatimiz rahbari ayni raqamlar misolida maktabgacha va maktab ta’limida o‘zgarishlar bo‘layotgani, dasturlar ishlayotgani, natijalar borligini e’tirof etar ekan, ayni chog‘da, kasb-hunar va oliy ta’limga mas’ul mutasaddilar haligacha ta’limdagi islohotlar mazmunini to‘liq tushunib yetmaganligini keskin tanqid qildi.
Shu bois Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi rahbariyatida tegishli o‘zgartirishlar amalga oshirildi. Endilikda Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirlari, ularning o‘rinbosarlari, hokimlar preventiv va proaktiv ishlashga o‘tib, ta’limning barcha yo‘nalishlarida katta o‘zgarish qilishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Mutasaddilar zimmasiga viloyat va tuman hokimlari bilan birgalikda Prezident maktablari va ixtisoslashgan maktablarda orttirilgan tajriba asosida joriy yilda 598 ta texnikumga xalqaro standart bo‘yicha zamonaviy kasbga o‘qitish muhitini olib kirish vazifasi qo‘yildi. Bu ishlarni yagona siyosat asosida olib borish uchun Kasbiy ta’lim agentligi tashkil qilinadi.
Yig‘ilishda o‘tgan davrda o‘qituvchilarning oyligiga qo‘shimcha 10 dan ziyod ustamalar joriy qilinganiga urg‘u berilgani bejiz emas. Buning natijasida bugun o‘z ustida ishlagan 60 mingdan ortiq o‘qituvchi 10-12 million so‘m maosh olyapti. Sentyabr oyidan boshlab maktab direktorlari, bog‘cha mudiralari va ularning o‘rinbosarlari oyligi ham 10 million so‘mdan oshdi.
Yangi baholash tizimiga o‘tgan 1,5 ming maktabning 300 tasi ijobiy natija ko‘rsatgani uchun butun jamoasi 40 foizgacha ustama oladi. Bu haqda atroflicha to‘xtalar ekan, “Mening xalqimizga vaqti kelib o‘qituvchilar maoshini ming dollarga yetkazamiz degan gaplarim mana uch yil ichida haqiqatga aylandi”, dedi davlatimiz rahbari.
Haqiqatan ham, Yangi O‘zbekistonni barpo etish sharoitida ustoz va o‘qituvchilar, muallim va murabbiylarga munosabat izchil yuksalib bormoqda. Bu o‘rinda 1-sentyabr – Bilimlar kuni munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz maktablari o‘quvchilari va ustoz-murabbiylariga tabrik yo‘llaganini alohida ta’kidlash lozim. Ushbu tabrik “Bilimlar kuni”ni o‘zgacha ma’rifat bayramiga aylantirib yubordi.
Joriy 2025-2026 o‘quv yilida yurtimizdagi 10 mingdan ziyod maktabga “Birinchi qo‘ng‘iroq” jarangi ostida 1-sinfga qabul qilingan 720 mingdan ortiq o‘g‘il-qiz “Prezident sovg‘alari”dan mamnun bo‘ldi. Yangi o‘quv yiliga bag‘ishlangan tadbirlar “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ulug‘vor shior ostida o‘tdi.
Keyingi yillarda butun yurtimiz kabi maktablarimiz qiyofasi ham tubdan o‘zgarib, ular tom ma’noda Yangi O‘zbekiston timsoliga aylanib borayotgani barchamizni cheksiz quvontiradi. Chunki maktab qanchalik obod va charog‘on bo‘lsa, jamiyat hayoti shunchalik farovon, mazmunli va ma’rifatli bo‘ladi.
Ayniqsa, ko‘plab maktab bitiruvchilari mamlakatimizdagi nufuzli oliy o‘quv yurtlari bilan birga xorijdagi yetakchi universitetlarga yuqori ball bilan o‘qishga kirayotgani, hayotda o‘z munosib o‘rnini topib, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shayotgani hayotimizda maktabning, ustoz-murabbiylarning ahamiyati yanada ortib borayotganini ko‘rsatadi.
G‘ulom MIRZO
Ўзбекча
English
Русский