O‘zbekistonda 2024 yil 13-14 iyun kunlari an’anaviy xalqaro anjuman – Inson huquqlari bo‘yicha to‘rtinchi Samarqand forumi bo‘lib o‘tadi.
“Ekologik muammolar: o‘zgaruvchan dunyoda inson huquqlari kelajagi, barqaror yechimlar topish” mavzusiga bag‘ishlanadigan forumga milliy va xorijiy ekspertlar, iqlim bo‘yicha mutaxassislar, davlat tashkilotlarining iqlim o‘zgarishi muammolari bilan shug‘ullanadigan mas’ullari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, ilmiy tadqiqot markazlari, kompaniyalar, ishbilarmon doiralar va xalqaro tashkilotlarning vakillari taklif etilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi axborot xizmati rahbari G‘ulom Mirzayev forumda ko‘rib chiqiladigan masalalar haqida ma’lumot berdi:
– Bu galgi Samarqand forumining asosiy maqsadi iqlim o‘zgarishlarining inson huquqlariga ta’siri bilan bog‘liq masalalarni keng ko‘lamda va axborotlar tahlili negizida atroflicha muhokama qilishdir.
Xalqaro anjuman ishtirokchilari ushbu sohada zarur bilimlar olish bilan bir qatorda, xalqaro hamjamiyat doirasida o‘zaro tajriba almashish va eng maqbul amaliyotlar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.
Forumda asosiy e’tibor iqlim o‘zgarishlarining inson huquqlariga ko‘rsatadigan salbiy ta’sirini yumshatishga oid aniq tavsiya va yechimlar tayyorlashga qaratiladi.
Bu boradagi munozaralar Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va o‘zgarayotgan iqlim sharoitida har bir insonning huquqlarini himoya qilish uchun ko‘maklashadigan samarador strategiya va yondashuvlarni ishlab chiqish uchun turli soha mutaxassislariga qulay maydon bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.
Forum doirasida oflayn va onlayn tarzda uchta yalpi majlis o‘tkazilishi mo‘ljallangan.
Birinchi yalpi majlis istiqbolli barqaror yechimlar topish yo‘lida zarur innovatsion yondashuvlar va o‘zaro hamkorlikdagi sa’y-harakatlarni muhokama qilish uchun muloqot maydoniga aylanadi.
Ma’ruzachilar o‘zlari mansub bo‘lgan tashkilotlarning atrof-muhit muammolarini hal etish va inson huquqlarini himoya qilish borasidagi ilg‘or tajribasi va samarador amaliyotiga oid fikrlarini o‘rtoqlashadi.
Ikkinchi yalpi majlisda global iqlim o‘zgarishining ijtimoiy va iqtisodiy huquqlarga ta’siri imkon qadar chuqur tahlillar negizida ko‘rib chiqiladi.
Bunda, aholi zaif qatlamlarining huquqlarini ta’minlash bo‘yicha aniq strategiyalarni taqdim etishda davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlarining tutgan o‘rniga alohida e’tibor qaratiladi.
Uchinchi yalpi majlis esa o‘zgaruvchan iqlim sharoitida inson huquqlarini samarali himoya qilish borasidagi mavjud xalqaro va mintaqaviy hujjatlar hamda vositalar tahliliga bag‘ishlanadi.
Bu sessiyaning asosiy maqsadi murakkab ekologik vaziyatda sayyoramizda barqaror hamda adolatli hayot sharoitlarini ta’minlashga oid global strategiyalar va birgalikdagi yondashuvlarni ishlab chiqishdan iborat.
N.Abduraimova,
O‘zA
- Qo'shildi: 11.06.2024
- Ko'rishlar: 1799
- Chop etish