STRATEGIYA VA YONDASHUVLARNI ISHLAB CHIQISH UCHUN QULAY MAYDON

Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumi:

 

Shu yil 13-14-iyun kunlari mamlakatimizda Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumi bo‘lib o‘tadi. “Ekologik muammolar: o‘zgaruvchan dunyoda inson huquqlari kelajagi, barqaror yechimlar topish” mavzuliga bag‘ishlangan ushbu an’anaviy xalqaro anjumanda muhokama qilinadigan masalalarning ahamiyati va munozaralardan kutilayotgan natijalar xakida Inson xunuklari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, BMTning Inson xunuklari qo‘mitasi a’zosi Akmal Saidov gazetamizga batafsil ma’lumot berdi.

— Bugungi kunda butun xalqaro hamjamiyatni tashvishga solayotgan sayyoraviy ko‘lamdagi uchta tahdid — iqlim o‘zgarishlari, atrof-muhitning ifloslanishi va tabiatning buzilishi insonlarni ular ega bo‘lgan asosiy huquqlar bilan ta’minlash yo‘lida jiddiy to‘siq yaratmoqda.

Iqlim o‘zgarishlari va ekologiya muammolari insonning yashash, sog‘lig‘ini saqlash, ovqatlanish, toza suv iste’mol qilish, xavfsiz turarjoyga ega bo‘lish kabi asosiy huquqlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani uchun, bir tomondan, hozirgi davrga xos global xatarlar hisoblansa, ikkinchi tomondan, inson huquqlari sohasidagi jiddiy muammolar qatoriga kiradi. BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi o‘z tarixida ilk bor 2021-yilda musaffo, sog‘lom va barqaror atrof-muhit — bu inson huquqlarining uzviy qismi, deb e’tirof etgani hamda bu sohada Maxsus ma’ruzachi maqomini ta’sis qilgani xuddi shu omillar bilan chambarchas bog‘liq.

Markaziy Osiyo mintaqasi ham iqlim o‘zgarishlari va ekstremal ob-havo hodisalari oldida zaif ekani sezildi. Hozirgi vaqtda mintaqa mamlakatlarida kuzatilayotgan suv taqchilligi ekinlarni sug‘orish imkoniyatlarini cheklamoqda.

O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish, atrof-muhitni muhofaza qilish va bioxilma-xillikni asrash ishlariga muntazam e’tibor qaratilayotgani juda muhim. Mamlakatimiz 2017-yil 19-aprelda BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida Parij bitimini imzolagan. Hozirgi vaqtda Parij bitimini imzolagan mamlakatlarning 180 tasi mazkur hujjat ishtirokchisi hisoblanadi.

Iqlim bo‘yicha ilk global bitim hisoblanuvchi 2015-yil 12-dekabrda qabul qilingan Parij bitimi O‘zbekiston uchun qator imkoniyatlarni taqdim etadi. Xususan, energiya samaradorligi va energiya tejash bo‘yicha davlat dasturlarini amalga oshirishda iqlimiy moliyalashtirish resurslarini jalb qilish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish, yer-suv resurslarini boshqarishni yaxshilash, salbiy ekologik oqibatlarga qarshi kurashish shular jumlasidandir.

Mazkur hujjat global isishning oldini olish uchun global harakat rejasini belgilab beradi. Bitim tabiiy yoqilg‘ilardan butunlay voz kechishni nazarda tutmaydi, albatta. Biroq barcha mamlakatlardan havoni ifloslantirishni kamaytirish, texnologik qayta qurollanish va iqlim o‘zgarishiga moslashish kerakligi so‘raladi. Bundan tashqari, energiya quvvatlarini yetkazib berishda ham asta-sekin qayta tiklanuvchi energiyaga o‘tilishi lozim.

Bu haqda so‘z borganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasidagi nutqida global ekologik siyosatning ustuvor yo‘nalishlariga daxldor bir qancha yangi tashabbuslarni ilgari surganligini alohida ta’kidlash lozim. Ayni vaqtda xalqaro, mintaqaviy va milliy darajalardagi ushbu tashabbuslar izchillik bilan ro‘yobga chiqarilmoqda.

Mamlakatimizda BMT Bosh Assambleyasining Orolbo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi sifatida e’lon qilish bo‘yicha rezolyutsiyasini xayotga tatbiq etishga doir tizimli va kompleks choratadbirlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, BMTning yangi ekologik siyosati asoslarini tashkil etishga qaratilgan Butunjahon ekologiya xartiyasini ishlab chiqish bilan bog‘liq ishlar davom ettirilmoqda.

Davlatimiz va jamiyatimiz ekologik muammolarni hal etishda dunyo hamjamiyatining kuch va imkoniyatlarini birlashtirish, sa’y-harakatlarini uyg‘unlashtirish, global muammolarning milliy va mintaqaviy darajadagi yechimlarini topish zarur deb hisoblaydi. Shu bois Prezidentimizning bu boradagi izchil siyosati asosida:

birinchidan, jamiyatimizda, ayniqsa, mahallalarda tabiatimizni asrab-avaylash, suv, havo va atrof-muhitni toza tutish madaniyatini shakllantirishni umummilliy amaliy harakatga aylantirish;

ikkinchidan, ekologiya va atrof-muhitni asrash bo‘yicha sa’y-harakatlarni, xususan, “Yashil makon 2” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlarni kuchaytirish;

uchinchidan, suv solig‘i bo‘yicha tushumlarning bir qismini tumanlarda sug‘orish xizmatlarini rivojlantirish, ariq, zovur va kanallarni betonlashga yo‘naltirish;

to‘rtinchidan, qishloq xo‘jaligidagi islohotlarni qat’iy davom ettirish, sohaga yangi innovatsion agrotexnologiyalarni keng joriy etish, yaratilayotgan yangi dehqon xo‘jaliklarini haqiqiy yer egasiga aylantirish borasida jadal ishlar olib borilmoqda.

Yanada muhimi, ekologiya sohasining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda tabiiy resurslar, jumladan, suv havzalari va yer osti zaxiralarini muhofaza qilish bo‘yicha talablar mustahkamlandi.

Asosiy Qonunimiz “Muqaddima”sida e’tirof etilganidek, biz “mamlakatimizning bebaho tabiiy boyliklarini ko‘paytirishga hamda hozirgi va kelajak avlodlar uchun asrab-avaylashga hamda atrof-muhit musaffoligini saqlashga astoydil ahd qilib”, ushbu Konstitutsiyani qabul qilganmiz.

Bosh qomusimizning 49-moddasi to‘laligicha ekologiya va atrof-muhit himoyasiga oid normalardan iborat. Xususan, ushbu moddaning birinchi bandida: “Har kim kulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqiga ega”, deb qayd etilgan.

So‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yangi O‘zbekistonning uchta strategik dasturi — 2017 — 2021   yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi,

2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi ishlab chiqildi. Birinchisi to‘la bajarilgan va qolgan ikkitasi hayotga izchil tatbiq etilayotgan ushbu dasturilamal dasturlarda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalasiga har doimgidan ko‘ra ko‘proq e’tibor qaratilgan.

Qolaversa, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi ijrosi doirasida Ekologiya kodeksi loyihasi ishlab chiqildi. Bundan tashqari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadigan faollar safi 2021-yilda “Ekologiya hukmki himoyachisi” nominatsiyasi g‘oliblari hisobiga kengaydi.

Ma’lumki, COVID-19 pandemiyasi dunyo davlatlarining tabiatni muhofaza qilish sohasidagi ko‘p tomonlama shartnoma va bitimlar, jumladan, BMTning 2030-yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari, Parij bitimi kabi o‘zaro kelishuvlarda zimmasiga olgan majburiyatlari bajarilishiga jiddiy xalal berdi. Aksariyat mamlakatlarda ushbu yo‘nalishdagi vazifalarning moliyalashtirilishi va bajarilishi zarur darajada ta’minlanmasdan qoldi.

Ona zaminimiz suv zaxiralarini oqibatini o‘ylamasdan isrofgarchilik bilan sarflash, tabiat va bioxilma-xillikka muntazam ziyon-zahmat yetkazish, Yer va koinotni chiqindixonaga aylantirish, ana shu salbiy jarayonlar asnosida kutilajak turli ofatlarga qarshi kurash imkoniyatlarining cheklanishiga bevosita sababchi bo‘lish — bularning barchasi insoniyat boshiga yangidan yangi balolar yog‘dirmoqda. Boz ustiga ekologik ofatlar mavjud tahdidu xatarlarning yanada kuchayishiga turtki bo‘lmoqda.

BMT Universiteti hamda Atrof-muhit va inson xavfsizligi institutining “2023-yildagi tabiiy ofatlarning o‘zaro bog‘liqlikdagi xatarlari” nomli ma’ruzasida shu haqda so‘z borgan. Hisobotda sayyoramizda istiqomat qilayotgan jami insonlarning hayotiga halokatli ta’sir ko‘rsatadigan global xatarlarning o‘zaro uyg‘un oltita omili sanab o‘tilgan.

Bular:

  • bioxilma-xillik barham topishining tezlashishi;
  • shu bilan bog‘liq holda ekotizimning izdan chiqishi;
  • yer osti suvlarining keskin pasayishi oqibatida suv zaxiralarining kamayib ketishi;
  • tog‘ muzliklarining erishi;
  • koinotda chiqindilarning ko‘payishi;
  • ob-havoning haddan ortiq isib ketishi.

Ushbu salbiy omillarning o‘zaro omixtaligida yuzaga kelayotgan iqlim inqirozi va turli ekologik ofatlarning oqibatlaridan har bir inson aziyat chekmoqda. Shu ma’noda, bo‘lajak Samarqand forumining asosiy maqsadi — iqlim o‘zgarishlarining inson huquqlariga ta’siri bilan bog‘liq masalalarni keng ko‘lamda va axborotlar tahlili negizida atroflicha muhokama qilishdan iborat ekanligi ayni muddaodir.

Xalqaro anjuman ishtirokchilari ushbu sohada zarur bilimlar olish bilan bir qatorda, xalqaro hamjamiyat doirasida o‘zaro tajriba almashish va eng maqbul amaliyotlar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladi. Forumda asosiy e’tibor iqlim o‘zgarishlarining inson huquqlariga ko‘rsatadigan salbiy ta’sirini yumshatishga oid aniq tavsiya va yechimlar tayyorlashga qaratiladi.

Bu boradagi munozaralar Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va o‘zgarayotgan iqlim sharoitida har bir insonning huquqlarini himoya qilish uchun ko‘maklashadigan samarador strategiya va yondashuvlarni ishlab chiqish uchun turli soha mutaxassislariga qulay maydon bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda. Yanada muhimi, Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumi doirasidagi munozaralar mavjud ekologik muammolar yechimiga nafaqat milliy va mintaqaviy darajada yondashish, balki bu dolzarb masalalarga yana bir bor xalqaro hamjamiyat e’tiborini qaratish imkoniyatini yaratishi muqarrar.

«Xalq so‘zi».

Powered by GSpeech