“LEV TOLSTOY HIKMATLARI” KITOBI TAQDIMOTI O‘TKAZILDI

2024-yil 23-aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida akademik Akmal Saidovning “Lev Tolstoy hikmatlari” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Taqdimot tadbiri “Kitobsevar millat” shiori ostida o‘tkazilayotgan IV Respublika “Kitobxonlik haftaligi” doirasida tashkil etildi.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan tashkil etilgan ushbu adabiy anjumanda O‘zbekiston Qahramoni, atoqli adabiyotshunos olim va tarjimon Ibrohim G‘afurov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev, “Sharq yulduzi” va “Звезда Востока” jurnallari bosh muharriri Sirojiddin Rauf, “Yangi asr avlodi” nashriyoti direktori Erkin Abdurahmonov, shuningdek, Lev Tolstoy asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan tarjimonlar, adabiyotshunos olimlar, pedagoglar, talabalar, jurnalistlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

– Akademik Akmal Saidov ilmiy-ijodiy faoliyati mahsuli bo‘lgan kitoblari orqali mamlakatimizda intellektual iqlim yaratishga katta hissa qo‘shmoqda, – dedi O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurov. – “Lev Tolstoy hikmatlari” kitobi juda ulkan mehnat, izchil izlanishlar natijasidir. U kitobxon xalqimizni daho adib Lev Tolstoy ijodiga yanada yaqinlashtirishga hissa qo‘shadi. Shu bilan birga, har bir hikmat muayyan izoh ham talab qiladi. Agar hikmatli fikrlar Lev Tolstoy asarining qaysi sahifasidan olingani ham ko‘rsatilsa, uning mag‘zini chaqishga qiziqqan kitobxon uchun ayni muddao bo‘ladi. Kitobning keyingi nashrlarida mana shu jihatga e’tibor qaratilishini taklif qilaman

Tadbirda ta’kidlanganidek, akademik Akmal Saidov tomonidan nashrga tayyorlangan “Lev Tolstoy hikmatlari” kitobida ulug‘ rus adibi va mutafakkiri L. N. Tolstoyning o‘zbek tiliga tarjima qilingan barcha asarlaridan saralab olingan hikmatli fikrlar jamlangan.

Pand-nasihat va tanbeh, favqulodda o‘xshatish va noodatiy yondashuv ruhidagi ushbu hikmatlar zukko kitobxonni bee’tibor qoldirmaydi, dengizdan tomchi misol kitobxon qalbiga kirib borib, uni kelgusida adib asarlarini to‘liq holda mutolaa qilishga undaydi.

Shuningdek, ushbu nashrda Xitoy falsafiy maktabining asoschilaridan biri, donishmand Lao Szening L. N. Tolstoy tomonidan saralangan hikmatlari ham kitobxonlar e’tiboriga havola etilgan. L. N. Tolstoy hayoti va ijodiy faoliyatining asosiy sanalari, shu bilan birga yozuvchining o‘zbek tiliga tarjima qilingan asarlari ro‘yxati xronologik tartibda keltirilgan.

–  Ushbu kitobdan o‘rin olgan hikmatlarning bir qismi jurnalimizda ham nashr etilgan, – dedi “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev. – Ular insonni fikrlashga, olamga Lev Tolstoy nigohi bilan nazar tashlashga undaydi. Ayniqsa, yosh avlodni kitobxonlikka o‘rgatishda muhim ahamiyatga ega.

Kitobda jahon adabiyotining yorqin vakili L. N. Tolstoy hayoti va ijodi to‘g‘risida ham batafsil ma’lumot berilgan.

Barcha xalqlarning sevimli adibi, betakror iste’dod sohibi Lev Nikolayevich Tolstoy 1828-yil 9-sentyabrda Rossiya imperiyasi Tula guberniyasining Yasnaya Polyana yer mulkida graf Nikolay Ilich Tolstoy hamda grafinya Mariya Nikolayevna Tolstaya oilasida tavallud topgan.

L. N. Tolstoyning adabiy merosi nihoyatda ulkan. U 170 ga yaqin asar yozib qoldirgan. Asarlari hozirga qadar dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida 436 milliondan ko‘proq nusxada nashr etilgan.

Ilk bor o‘n ikki yoshida “Aziz xolajon” (“Милой тетеньке”) she’ri bilan ijod olamida tetapoya qilgan L.N. Tolstoy “Oilaviy baxt” (1859), “Urush va tinchlik” (1863 – 1869), “Anna Karenina” (1873 – 1877), “Tirilish” (1889 – 1899) kabi romanlar, “Bolalik” (1852), “O‘smirlik” (1854), “Yoshlik” (1857), “Ikki gusar” (1856), “Katta yer egasining tongi” (1856), “Polikushka” (1862), “Kazaklar” (1863), “Ivan Ilichning o‘limi” (1884 – 1886), “Kreyser sonatasi” (1887 – 1889), “Sergiy ota” (1890 – 1898), “Hojimurod” (1896 – 1904) kabi qissalar, “Iqrornoma” (1882), “Hayot yo‘li” (1910) kabi diniy-falsafiy asarlar, “Sevastopol hikoyalari” (1855 – 1856), “Uch o‘lim” (1859), “Kavkaz asiri” (1872), “Bazmdan so‘ng” (1903) kabi barkamol hikoyalar, shuningdek, ko‘plab falsafiy-axloqiy hikoya, ertak va masallar, pedagogik-didaktik asarlar, pyesa va she’rlar, publitsistik maqolalar bilan jahon adabiyoti xazinasini boyitgan.

Bugungi kunda L.N. Tolstoyning deyarli barcha asosiy asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan. Lev Tolstoy ijodini xalqimizga o‘zbek tilida yetkazishda Abdulla Qahhor, Kibriyo Qahhorova, Mirzakalon Ismoiliy, Xolida Ahrorova, Ozod Sharafiddinov, Uyg‘un, Nabi Alimuhamedov, Mirsaid Siddiq, Ibrohim Nazir, Hakim Sattoriy, Said Azim Usmoniy kabi tarjimonlar katta hissa qo‘shganlar.

“Lev Tolstoy hikmatlari” kitobida L. N. Tolstoyning hozirga qadar o‘zbek tiliga tarjima qilingan barcha asarlaridan saralab olingan aforizmlar jamlangan.

–  Bugungi tezkor zamonda aksariyat yoshlar qisqa hajmli matnlarni mutolaa qilishni afzal ko‘rishadi, – deya ta’kidladi “Sharq yulduzi” va “Звезда Востока” jurnallari bosh muharriri Sirojiddin Rauf. – Shu nuqtayi nazardan, “Lev Tolstoy hikmatlari” kitobi ayni vaqtida nashr etilgan. Kitobda buyuk adib Lev Tolstoyning butun faoliyati va ijodi qamrab olingan. Uning har bir asariga alohida diqqat bilan e’tibor qaratilgan. Bu asarlarning o‘zbek tiliga tarjima qilinishi, shuningdek, uning tarjimonlari haqida ham mufassal ma’lumot berilgan.

Kitob taqdimoti yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

 

Azizbek RAMAZONOV,

“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh muharririning o‘rinbosari

Powered by GSpeech