Inson huquqlariga oid yana bir muhim qo‘llanma o‘zbek tilida nashr etildi

19 sentyabr kuni Toshkent shahrida “Ozodlikdan mahrum etish joylarida jinsiy va genderga asoslangan zo‘ravonlikning oldini olish hamda unga qarshi kurashish” qo‘llanmasi o‘zbek tilidagi nashrining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (EXHT) O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi hamkorligida tashkil etildi.

Taqdimotda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov so‘zga chiqib, shafqatsiz muomala va qiynoqlarni taqiqlash inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarda ham, butun dunyo davlatlarining milliy qonunchiligida ham e’tirof etilgan asosiy huquq ekanini ta’kidladi. Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi talabiga ko‘ra, hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadrini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emas.

Yangi O‘zbekistonda qiynoqlar va zo‘ravonliklarning oldini olish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Fuqarolarning huquq va erkinliklariga rioya etish hamda ularni himoya qilish uchun qonunchilik va institutsional, ta’lim va monitoring asoslari yaratilgan. Inson huquqlarini himoya qilishning xalqaro va mintaqaviy mexanizmlari, xalqaro inson huquqlari tashkilotlari bilan hamkorlikni rivojlantirish borasida tizimli va izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Yillar davomida ijtimoiy sohada, oilalarning moddiy ahvolida to‘planib qolgan muammolar oila a’zolari o‘rtasidagi munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ayrim hollarda oilaviy ajrimlarga, ayollar huquqlarining buzilishiga, ba’zan esa o‘z joniga qasd qilishga olib kelishi sir emas. Shu ma’noda, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan keyingi yillarda xotin-qizlarning muammolarini hal etish, ularni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekcha nashri taqdim etilayotgan qo‘llanmaning maqsadi mamlakatimizning tegishli davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari mutaxassislarining ozodlikdan mahrum etish joylarida jinsiy va genderga asoslangan zo‘ravonlikning oldini olish hamda unga qarshi kurashish borasidagi malaka hamda ko‘nikmalarini oshirishga ko‘maklashishdan iborat. YeXHT mintaqasidagi standartlar, yondashuvlar va amaliy misollarni o‘zida jamlagan yangi nashr birinchi navbatda qonun chiqaruvchi va sud tizimidagi amaliyotchilarga, jumladan, advokat, prokuror va sudyalar, shuningdek tergov qilish, so‘roq qilish va hibsda saqlashda ishtirok etadigan boshqa barcha xodimlar uchun mo‘ljallangan.

YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining inson huquqlari bo‘yicha mutaxassisi Izabel Silviya Xartmann taqdimot ishtirokchilariga ushbu qo‘llanmaning mazmun-mundarijasi haqida atroflicha so‘zlab berdi. Unda YeXHT mintaqasining turli davlatlaridan misollar keltirilganini qayd etdi.

Bu misollarda, inson huquqlarini va ayni muammoning gender jihatlarini hisobga olgan holda, qamoqda saqlash joylarida jinsiy va gender asosidagi zo‘ravonliklarga barham berish va ularning oldini olish uchun qanday choralar ko‘rilishi maqsadga muvofiqligi bayon etilgan. Bundan tashqari, qo‘llanmada ayni masalaga taalluqli sud ishlaridan aniq misollar keltirilgan. Ayni tajribalar bu boradagi tegishli sud amaliyotini rivojlantirishning asosiy bosqichlarini o‘zida aks ettiradi.

O‘z navbatida, milliy ekspertlar tadbir qatnashchilarini O‘zbekistonning ozodlikdan mahrum qilish joylarida gender zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha amaldagi milliy standartlari bilan tanishtirdilar.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish boshqarmasi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Milliy gvardiya, Jamoat xavfsizligi universiteti, Bosh prokuratura, Huquqni muhofaza qilish organlari akademiyasi xodimlari, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirok etdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

  “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati

UzDaily.uz

Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

Powered by GSpeech