“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va xalq xizmatidagi davlat boshqaruvi

15 sentyabr – Xalqaro demokratiya kuni

 

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi muqaddimasida xalqimizning demokratiya g‘oyalariga, ijtimoiy adolat, erkinlik va tenglik kabi qadriyatlarga sodiqligi ifoda etilgan. Ijtimoiy adolat tamoyili mamlakatimizda jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini belgilab beradi.

Demokratiya tamoyillariga asoslangan fuqarolik jamiyatini barpo etish sharoitida ijtimoiy adolat insoniyatning oliy ma’naviy qadriyatlarini tasdiqlaydi. Shuningdek, bu qadriyatlarning jamiyat hayotidagi hal qiluvchi rolini ta’minlaydi.

Shu ma’noda, 2023 yil 11 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingani alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki ushbu dasturilamal hujjatda xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish va jamoatchilik boshqaruvini takomillashtirish hamda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirish kabi bir qancha muhim chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Fikrimizcha, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi aynan Xalqaro demokratiya kuni arafasida tasdiqlangani zamirida ham o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Binobarin, 2007 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi demokratiya tamoyillarini targ‘ib qilish va qo‘llab-quvvatlash hamda jamoatchilik xabardorligini oshirish maqsadida 15 sentyabrni – Xalqaro demokratiya kuni sifatida nishonlash bo‘yicha rezolyusiya qabul qilgan.

Mazkur sana tarixi, aslida, 1997 yilga borib taqaladi. O‘sha yilning sentyabr oyida Parlamentlararo ittifoq tomonidan Demokratiya to‘g‘risidagi umumjahon deklaratsiya qabul qilingan. Ushbu Deklaratsiya demokratiya tamoyillarini, demokratik davlatning unsurlari va belgilarini hamda demokratik davlat va jamiyatning xalqaro tavsifini o‘zida aks ettiradi.

Shu munosabat bilan Bosh Assambleya rezolyusiyasi asosida 15 sentyabr kuni xalqaro sana sifatida ta’sis etilgan. BMTga a’zo davlatlar hukumatlari va nodavlat tashkilotlar, alohida shaxslarga murojaat qilinib, jamoatchilikning demokratiyaga oid bilimlari, uning asl ma’no-mazmunidan xabardorligini oshirish maqsadida ushbu kunni dunyo miqyosida nishonlash taklif qilingan.

O‘tgan davrda har yili Xalqaro demokratiya kunini ma’lum bir mavzuga bag‘ishlagan holda, demokratiyani targ‘ib qilish bo‘yicha turli tashabbuslarni ilgari surish yaxshi an’anaga aylandi. Bu yilgi Xalqaro demokratiya kunining mavzusi “Kelgusi avlod imkoniyatlarini kengaytirish” deb nomlandi.

Bunda yoshlarning demokratiyani rivojlantirishdagi muhim roliga urg‘u berilmoqda. Navqiron avlod vakillari dunyosiga chuqur ta’sir ko‘rsatadigan qarorlarda yoshlarning ovozi bo‘lishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlanmoqda.

Sir emaski, hal qilinmagan mojarolar, iqlim o‘zgarishi tahdidining kuchayishi va moliyaviy tartibsizliklar butun dunyoda demokratiya uchun doimiy xavf tug‘dirmoqda. Pandemiya va undan keyingi iqtisodiy tanazzul davri esa yoshlar uchun bir qancha muammolarni, xususan, ularning o‘z huquqlarini amalga oshirishlari yo‘lida muayyan qiyinchilik va to‘siqlarni keltirib chiqardi.

Shu nuqtai nazardan, joriy yilgi Xalqaro demokratiya kunida bugun va kelajakda demokratiyani ta’minlashda bolalar va yoshlarning muhim roliga e’tibor qaratilmoqda. Aslida, “Kelgusi avlod imkoniyatlarini kengaytirish” shiorining tub mohiyati shunda.

Xalqaro demokratiya kuni dunyoda demokratiya holatiga alohida e’tibor qaratish uchun yaxshi imkoniyat hisoblanadi. Demokratiya nafaqat maqsad, balki jarayon ham bo‘lib, xalqaro hamjamiyat, davlat hokimiyati organlari, jamiyat va alohida fuqarolarning har tomonlama ishtiroki va qo‘llab-quvvatlashi bilan dunyoning har bir burchagida har bir inson uchun demokratiya g‘oyalarini amalga oshirish mumkin.

Erkinlik g‘oyalari, inson huquqlarini hurmat qilish, umumiy saylov huquqiga asoslangan davriy va haqqoniy saylovlar tamoyili demokratiyaning muhim xususiyatlari hisoblanadi. O‘z navbatida, demokratiya inson huquqlarini himoya qilish va samarali amalga oshirish uchun tabiiy sharoitlarni ta’minlaydi.

Ushbu qadriyatlar Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida o‘z aksini topgan. Demokratiyaning mohiyati va ahamiyati, shuningdek, chinakam demokratik davlatlarning ustunlari bo‘lgan siyosiy huquqlar va fuqarolar erkinliklari to‘plamini o‘zida mujassam etgan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktda yanada chuqur ochib berilgan.

O‘zbekiston shu kunga qadar demokratiya va inson huquqlari bo‘yicha nufuzli tashkilotlarning 80 dan ortiq xalqaro shartnomalariga qo‘shilgan. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qoidalari O‘zbekiston Konstitutsiyasida, shuningdek, insonning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquq va erkinliklari himoyasini ta’minlaydigan milliy qonunchilik normalarida mustahkamlab qo‘yilgan.

Xulosa qilib aytganda, qonun ustuvorligining asosini insonparvarlik va adolat, inson huquqlari, uning sha’ni va qadr-qimmati kabi umuminsoniy tamoyillar tashkil etadi. Ijtimoiy adolat insoniyat tarixida asrlar mobaynida shakllangan muhim ijtimoiy g‘oya va xalqning doimiy orzusi bo‘lib, jamiyatda ro‘y berayotgan islohotlar davrida uning ahamiyati tobora ortib bormoqda.

Jamiyatimizda ro‘y berayotgan demokratik o‘zgarishlar esa bu ezgu tamoyillar hayotga izchilllik va qat’iyat bilan tatbiq qilinayotganining yorqin dalili sifatida e’tirofga loyiq. Bunga kuni kecha Prezidentimiz tomonidan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi yaqqol misoldir.

 

Husniddin Xolmamatov,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi bosh mutaxassisi

Powered by GSpeech