Islom hamkorlik tashkiloti huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy qo‘mitasining navbatdagi sessiyasida O‘zbekiston vakillari qatnashmoqda

JIDDA, 23 may. /“Dunyo” AA/. Jidda shahrida o‘tkazilayotgan Islom hamkorlik tashkiloti (OIC) huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy qo‘mitasining (IPHRC) navbatdagi 21-sessiyasida O‘zbekiston Inson huquqlari milliy markazi direktori o‘rinbosari Mirzatillo Tillaboyev hamda mamlakatimiz Bosh konsulligi vakillari ham qatnashayotir, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Sessiyada OICga aʼzo va kuzatuvchi davlatlarning Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari, tegishli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar ekspertlari, OIC Bosh kotibiyatining yuqori mansabdor shaxslari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.

Ushbu tadbir “Biznes va inson huquqlari: OIC mamlakatlari uchun meʼyoriy asoslar va amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha yo‘riqnomalar” mavzusiga bag‘ishlandi.

“Biznes va inson huquqlari” mavzusi doirasida BMT va IHT ixtisoslashgan institutlarining xalqaro ekspertlari o‘rtasida o‘ziga xos bahs-munozaralar bo‘lib o‘tmoqda.

Sessiyaning navbatdagi yig‘ilishlarida “Ayollar va bolalar huquqlari va “Ayollarning taʼlim olish huquqi” mavzusidagi seminarlarning o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Sessiyadagi bahs-munozaralar va muhokamalar natijasi o‘laroq, asosiy tavsiyalarni o‘zida aks ettiruvchi yakuniy hujjatning qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Ushbu tadbir doirasida O‘zbekiston Inson huquqlari milliy markazi direktori o‘rinbosari Mirzatillo Tillaboyevning IPHRC yangi ijrochi direktori, OIC Bosh kotibining inson huquqlari bo‘yicha maslahatchisi Nura al-Rashud xonim  bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Muloqot chog‘ida inson huquqlari bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi darajasi va istiqbollari atroflicha muhokama etildi. Turli mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.

Nura al-Rashud xonim Imom Buxoriy va Imom Termiziy kabi buyuk allomalar yurti bo‘lmish O‘zbekiston vakili bilan uchrashayotganidan mamnun ekanligini aytdi.

Suhbatdoshga O‘zbekiston Prezidentining “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75-yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi Farmonida o‘z ifodasini topgan muhim maʼlumotlar taqdim etildi.

Shu o‘rinda, joriy yil sentyabr oyida Toshkentda o‘tkaziladigan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75-yilligiga bag‘ishlangan «Yoshlar huquqlari: imkoniyatlar va himoya qilish mexanizmlari» mavzusidagi xalqaro forumda ishtirok etish uchun IPHRC ijrochi direktori Nura al-Rashud xonim taklif etildi.

Powered by GSpeech