Folker Tyurk ishtirokida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingani 75 yilligi hamda Inson huquqlari sohasidagi Vena deklarasiyasi va Harakatlar dasturining 30 yilligiga bag‘ishlangan tadbir Nukusdagi Saviskiy muzeyida o‘tkazildi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrifining ikkinchi kuni – 14 martda Nukus shahriga safar qildi.

Safar doirasida I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyida BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari ishtirokida tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligi hamda Inson huquqlari sohasidagi Vena deklarasiyasi va Harakatlar dasturining 30 yilligiga bag‘ishlandi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan ushbu tadbir onlayn va oflayn tarzda tashkil etildi. Unda O‘zbekiston yoshlari vakillari, shu jumladan, qoraqalpog‘istonlik talabalar qatnashdi.

Tadbirda BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari F.Tyurk “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va inson huquqlari” mavzusida ma’ruza qildi.

BMT Bosh Assambleyasining rezolyusiyasiga muvofiq, 1948 yil
10 dekabrda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingan. Mazkur xalqaro hujjat har bir insonning shaxsiy daxlsizligi, mulk, e’tiqod va so‘z erkinligi, fuqarolik, davlat boshqaruvida qatnashish, saylash va saylanish, oila, mehnat va dam olish, ta’lim, tibbiy va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish, madaniyat va san’at asarlaridan bahra olish huquqlarini himoya qiladi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi e’lon qilinganidan so‘ng xalqaro hamjamiyat inson huquqlari va asosiy erkinliklarini tan oldi. O‘tgan davrda jahon hamjamiyati ushbu huquq va erkinliklarga inson huquqlari bo‘yicha xalqaro huquq normalari va mexanizmlari orqali dunyo miqyosida rioya etilishiga ko‘maklashmoqda.

Tadbirda ta’kidlanganidek, joriy yil 10 dekabr kuni Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi keng nishonlanadi. Deklaratsiya yubileyi arafasidagi global ko‘lamli tadbirlarga 2022 yil 10 dekabr – Xalqaro inson huquqlari kuni start berildi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi tomonidan mazkur Deklaratsiyaning 75 yilligiga bag‘ishlangan bir yillik targ‘ibot kampaniyasi o‘tkazilmoqda. Bu jarayonda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining o‘tgan davrdagi samaradorligi, bugungi kundagi dolzarbligi va amaliy xususiyatlarini ochib berishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyida tashkil etilgan tadbir ayni global kampaniyaning uzviy davomidir. Butun dunyoda, jumladan O‘zbekistonda ham 2022 yil 10 dekabr kuni Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligini nishonlash kampaniyasi boshlab yuborilgan.

Bu o‘rinda, avvalo, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi bilan hamkorlikda 2022 yil 5-6 dekabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan «Inson huquqlari sohasida ta’lim» mavzusidagi Global forum tashkil etilganini ta’kidlash lozim. Chunki Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida kafolatlangan huquqlardan biri – ta’lim olish huquqi – barcha inson huquqlaridan foydalanishga yo‘l ochadigan boshlang‘ich nuqtadir.

Ta’lim olish huquqi – inson huquqlari bo‘yicha ta’limni hamda ushbu huquqlarni o‘rganish, shuningdek, jamiyatimizda inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish usullari, vositalarini ham o‘z ichiga oladi. Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va tarbiya – bu inson hayoti mobaynida davom etadigan va turli yoshdagilarga tegishli bo‘lgan jarayondir.

Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 7 fevraldagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi tasdiqlangani muhim ahamiyatga ega. Ushbu hujjat ijrosini o‘z vaqtida, to‘liq va samarali tashkil qilish doirasida joriy yil 20-28 fevral kunlari mamlakatimizning butun hududida “Inson huquqlari haftaligi” o‘tkazildi.

Deklaratsiya insonlarning barchasiga birdek tegishli bo‘lgan huquqlarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, shu kungacha dunyoning 530 dan ortiq tiliga tarjima qilingan. Bu o‘rinda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan ushbu Deklaratsiya o‘zbek va qoraqalpoq tillariga tarjima qilingani va bir necha marta nashr etilib, beg‘araz tarqatilganini qayd etish lozim.

Yaqinda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi o‘zbek tilida (kiril va lotin imlosida) hamda qoraqalpoq tilida alohida kitobchalar shaklida yana nashr etildi. Bu ham insoniyat tarixida ilk bor insonning asosiy huquqlarini himoya qilish zarurligini e’lon qilgan Deklaratsiya 75 yilligiga mo‘jaz tuhfa hisoblanadi.

Tadbir yakunida BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari F.Tyurk talaba-yoshlarning savollariga javob berdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech