Tinchlik uchun kurashmoq kerak

21 sentyabr – Xalqaro tinchlik kuni

 

O'zbekiston o'zining tashqi siyosat kontseptsiyasiga to'la mos keladigan tinchlik va barqarorlikni ta'minlashga qaratilgan sa'y-harakatlarni birlashtirish zarurati tashabbuskori sifatida  og'ishmay qadam tashlab kelmoqda. Bu kontseptsiyada, avvalo, qo'shni mamlakatlar bilan yaxshi qo'shnichilik, do'stlik va o'zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash ustuvor vazifa etib belgilangan.

Mamlakatimiz Prezidenti SH.M.Mirziyoev tashabbusi bilan Toshkent shahrida 2018 yil 27 mart kuni Afg'oniston bo'yicha “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik”, 2021 yil 15-16 iyul` kunlari “Markaziy va janubiy Osiyo:mintaqaviy o'zaro bog'liqlik, Tahdidlar va imkoniyatlar” hamda  2022 yil 25-26 iyul kunlari “Afg'oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” mavzuida o'tkazilgan xalqaro konferentsiyalar – tinchlik va barqarorlikni ta'minlash sari tashlangan muhim qadamlar hisoblanadi.

O'zbekiston mustaqillikning ilk yillaridanoq  xalqaro jinoyatchilik, ayniqsa, uning o'ta xavfli ko'rinishi hisoblangan xalqaro terrorizimga qarshi kurashda dunyodagi tinchliksevar davlatlari kuchlarini birlashtirish va muvofiqlashtirish tashabbusi bilan chiqqan edi. Bugun ushbu mudhish illatga qarshi dunyoning barcha xalqlari bir tanu bir jon bo'lib kurashish lozimligi yaqqol ko'rinib turibdi.  

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish 2020 yil may oyida Ikkinchi jahon urushi tugashining 75 yilligi munosabati bilan yo'llagan murojaatida shunday degan edi: “Ikkinchi jahon urushi tugashining 75 yilligi nishonlanishi asnosida, keling, 1945 yil saboqlarini eslaylik hamda sa'y-harakatlarimizni pandemiyaga barham va barcha uchun tinchlik-osoyishtalik, xavfsizlik va qadr-qimmat ulug'lanadigan kelajak barpo etish maqsadlari yo'lida birlashtiraylik”.

Yaqin o'tmish tarixiga bir nazar tashlaylik va xulosa qilaylik.

Afg'onistonda boshlangan  notinchlik va urush harakatlari 40 yildan ortiqroq davom etdi.Haligacha bu yurtdan urush tahlikasi ketgani yo'q. 1992-97 yillar davomida yuz bergan Tojikistondagi fuqarolar urushi 160 mingdan ortiq kishini hayotdan olib ketdi. Iroq, Suriya, Liviyadagi urushlar, Tog'li Qorabog' tevaragidagi yuzaga kelgan kelishmovchiliklar va nizolar, O'sh, Farg'ona, Parkent, Bo'ka, 1991 yilning dekabrida Namanganda yuz bergan tartibsizliklar, 2001 yil 11 sentyabr` AQShdagi terrorchilik harakatlari natijasida 2977 kishi halok bo'lgan va yana 24 kishi bedarak yo'qolgan, 2005 yil may oyidagi Andijon voqealari, 2010 yil iyunda takrorlangan O'sh fojiasi, qo'shni Qozog'istondagi notinchliklar, yurtimizda yaqinda ruy bergan voqealar, bugungi kundagi Ukraina va Rossiya o'rtasidagi qurolli to'qnashuvlar va hokazo.

Xulosa shuki, yuqorida qayd etilgan holatlar jahonda, jumladan mintaqada beqaror vaziyatni, notinchlikni vujudga keltirishga urinayotgan buzg'unchi kuchlar, tahdidlar hanuz ham mavjud ekanini yana bir bor tasdiqlamoda. Bunday balo-qazolarga qarshi o'z vaqtida chora ko'rish, butun imkoniyatlarimizni ularga safarbar etish, barcha - tinchlikni, mamlakatlar, xalqlarning tinch-totuv yashashini istaydigan va shunga intiladigan tinchliksevar xalqlar va elatlarnining sa'y-harakatlarini birlashtirish zarur ekanligini anglamog'imiz lozimdir.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti  SH.M.Mirziyoev “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti:O'zaro bog'liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” maqolasida ta'kidlaganidek “Tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga xavf tug'dirayotgan, har qaysi mamlakatga rahna soladigan tahdid va xatarlarga qarshi umumiy sa'y-harakat va imkoniyatlarni birlashtirish va safarbar etish barchamiz uchun birdek manfaatlidir”.

Bebaho boylik TINCHLIKni saqlash, uning kelajakka bezavol yetishiga hissador bo'lish har birimizning insoniy vazifamizdir.

A.K.Pulatov
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi xodimi

*foto internet tarmog`idan olindi

Powered by GSpeech