NBC so‘rovida qatnashgan fuqarolarning aksariyati hozirgi davlat rahbari tashqi siyosatini ma’qullamasligini aytgan.
Isroilning HAMAS tashkilotiga qarshi urushi fonida Jo Baydenning AQSh prezidenti sifatidagi faoliyatini amerikaliklar tomonidan ma’qullanishi darajasi 40 foizga tushdi. Bu demokratning davlat rahbari sifatidagi butun faoliyati uchun minimal ko‘rsatkichdir. Bu haqda 19 noyabr, yakshanba kuni e’lon qilingan NBC News milliy so‘rovi ma’lumotlarida aytilgan.
Ushbu hujjatga ko‘ra, AQShda Baydenning prezidentlik faoliyatini ma’qullamaganlar ulushi 57 foizga yetgan. Taqqoslash uchun: joriy yilning yanvar oyida shunga o‘xshash so‘rovda Baydenning prezident lavozimidagi ishini ma’qullaganlar ulushi 46 foizni, ma’qullamaganlar esa 50 foizni tashkil qilgan.
Tadqiqot mualliflari fikricha, bunday natijalar amerikaliklar tomonidan Jo Baydenning tashqi siyosati, birinchi navbatda, uning HAMAS tashkilotiga qarshi urushda Isroil harakatlariga nisbatan pozitsiyasi past darajada ma’qullanishi bilan bog‘liq. Respondentlar atigi 33 foizi Jo Bayden ma’muriyatining tashqi siyosatini ijobiy baholagan. Respondentlarning 62 foizi qarshi fikr bildirgan. Xususan, so‘rovda qatnashgan saylovchilarning 34 foizi Baydenning Isroilga nisbatan pozitsiyasini ma’qullagan, 56 foizi esa norozi.
Amerikaliklarning Bayden va Trampni qo‘llab-quvvatlash darajasi
Bundan tashqari, so‘rov natijalari shuni ko‘rsatdiki, saylovchilarning qo‘llab-quvvatlash darajasi bo‘yicha Bayden birinchi marta AQSh sobiq prezidenti Donald Trampdan «ehtimoliy saylovoldi poygasida» ortda qolgan, garchi ular orasidagi farq minimal bo‘lib turibdi va saylovlarga hali 11 oy bor, deb yozadi NBC.
Amaldagi davlat rahbarining ochko yo‘qotgani demokratlar, shuningdek, 18 yoshdan 34 yoshgacha bo‘lgan saylovchilar orasida yaqqol ko‘zga tashlanyapti, ularning ko‘pchiligi «Isroil G‘azo sektoridagi harbiy harakatlarida haddan tashqari quyushqondan chiqib ketdi» deb hisoblaydi, deya ta’kidlaydi jurnalistlar. Oxirgi guruhda respondentlarning deyarli 70 foizi Baydenning Isroilga nisbatan pozitsiyasini ma’qullamayapti.
Isroil-Falastin mojarosi
7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.
Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 12 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.
Kun.uz
- Qo'shildi: 20.11.2023
- Ko'rishlar: 358
- Chop etish