Senat: yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning 388 nafariga uy-joy berildi

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib, mehribonlik muassasalari faoliyati isloh qilinmoqda.

Olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida 23 mehribonlik muassasasi va bolalar uyining faoliyati tugatildi.  

Bugungi kunda ikkita Mehribonlik uyida 255 nafar bola, uchta “SOS - O‘zbekiston bolalar mahallalari”da 164 nafar bola, sakkizta  Bolalar (go‘daklar) uyida 340 nafar, yuzdan ziyod  Oilaviy bolalar uylarida 739 nafar bola tarbiyalanmoqda.

Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning muammolarini o‘rganish hamda hal etish, ularning orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish maqsadida “Mehr daftari” tizimi amaliyotga joriy etildi.

“Mehr daftari” platformasi ishga tushirilib,  unga 8 ming 921 nafar bola kiritilgan, 4,5 mingga yaqin bolaning muammolari o‘rganilib, 3 ming 171 nafar bolaning masalasi ijobiy hal etildi.

Uy - joyga muhtoj yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 406 nafar bolaning 388 nafariga uy-joy berildi.

Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan seminarda mazkur tizim qanday ishlayotgani haqida so‘z yuritildi. Oilaviy bolalar uylari faoliyati hamda “Mehr daftari” jamg‘armasi mablag‘larining maqsadli sarflanishi yuzasidan deputatlik nazoratini o‘rnatish masalalari muhokama qilindi.

Maqsad - mahalliy kengashlar deputatlarining Oilaviy bolalar uylari faoliyatida hamda “Mehr daftari” jamg‘armasi mablag‘larining maqsadli sarflanishida faol deputatlik nazoratini olib borish, ijtimoiy himoyaga muhtoj yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlashda deputatlar rolini oshirishdan iborat.  

Seminarda shu masalada deputatlarga zarur  tavsiyalar berildi. Xususan, “Mehr daftari” jamg‘armasiga tegishli mablag‘larning o‘z vaqtida tushirilishini nazorat qilish va bu boradagi muammoli masalalarni mahalliy kengashlar muhokamasiga olib chiqish, Oilaviy bolalar uylarida tarbiyalanayotgan bolalar holidan xabar olish, ularning talab va istaklarini eshitish, ularni uy-joy bilan ta’minlashda shaffoflikni ta’minlash zarur.  

Senatorlar, mahalliy kengashlar deputatlari, manfaatdor vazirlik va idoralar mas’ullari, yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan seminar davomida deputatlarning mavzu yuzasidan bergan  savollariga mutasaddilar tomonidan atroflicha javob qaytarildi.  

     

 N.Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech