Yaponiyada qotilligi tufayli oliy jazo olgan va hukm ijro etilishini eng ko‘p – 55 yil kutgan odam sifatida Ginnes rekordlari kitobiga kiritilgan erkak oqlandi.
88 yoshli Ivao Xakamata 1964 yil butun bir oilani yo‘q qilishda ayblangan. Sobiq professional bokschi yirik firma rahbari, uning rafiqasi va ikki farzandi o‘limida gumonlanib, hibsga olinganda kompaniya hududida yashovchi oddiy xodim edi. Marhumlar Sizuoka prefekturasidagi yonib ketgan uyida pichoqdan olingan jarohat izlari balan jonsiz holda topilgan.
Jinoiy ishiga qotillik, talonchilik va o‘t qo‘yish bandlari tirkalib, Ivaoga nisbatan 1980 yil o‘lim hukmi chiqarilgan. 20 kunlik so‘roq-savol davomida u aybini tan olgan, sud esa bunga qiynoq sabab, deya xulosa qilgan. Baribir, aybdorga rasman o‘lim jazosi o‘qilgan. Shundan so‘ng himoyachilar yillar davomida sudga e’tiroz shikoyati kiritib keldi. 2014 yilgacha Xakamata o‘lim jazosiga mahkumlar kamerasida saqlangan. Shundan so‘ng ozod etilgan va sud jarayoni qayta tiklangan. 2024 yil may oyida bo‘lib o‘tgan so‘nggi majlisda prokurorlar o‘lim jazosini talab qilishda davom etdi. Sud esa Hakamataning qotillikka iqror bo‘lishi kabi ayblovchi dalillar ham soxtalashtirilgan, deb topdi.
“Kyodo news” xabar berishicha, chorshanba kuni ertalab jurnalistlarga Sizuoka prefekturasi politsiyasi boshlig‘i Takayosi Suda “Janob Xakamata uzoq vaqt davomida beqaror huquqiy maqomga ega bo‘lganidan afsusdamiz” dedi. Uning so‘zlari bir kun avval Bosh prokuror Naomi Unemoto Ivaodan kechirim so‘ragan bayonotidan keyin paydo bo‘ldi. Oliy prokuratura ishni qayta ko‘rib chiqish tartibi va boshqa masalalar ko‘rib chiqilishini rejalashtirmoqda.
Darvoqe, turmada o‘tgan yillar asorati bois Ivao Xakamataning ruhiy holati yomonlashib, uning 91 yoshli opasi Xideko 2023 yil oktyabr oyida boshlangan qayta sud jarayonida ukasi nomidan qatnashgan.
M.Pirmatova, O‘zA
- Qo'shildi: 10.10.2024
- Ko'rishlar: 585
- Chop etish