Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi va BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bir-biriga uyg‘undir

Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi va BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bir-biriga uyg‘undir

Shu kunlarda jahon ommaviy axborot vositalarining diqqat-eʼtibori BMT Bosh Assambleyasining Nyu-Yorkda o‘z ishini boshlayotgan 78-sessiyasiga qaratilgan, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri. Uning ishida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda. 

Shu munosabat bilan bir qator xorijiy ommaviy axborot vositalari O‘zbekistonning, shuningdek, Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlarning BMT bilan hamkorligiga eʼtibor qaratmoqda.

Masalan, Latviyaning yetakchi “LETA” axborot agentligi portalida ushbu mavzuga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi.

Unda qayd etilishicha, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo tashqi siyosiy sheriklar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirishning yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. Ular orasida BMT muhim o‘rin tutadi.

“Markaziy Osiyo mamlakatlari va BMT o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish jarayonida mintaqa davlatlari mintaqaviy rivojlanish va xavfsizlikning ko‘plab dolzarb muammolariga yechim topishda sezilarli muvaffaqiyatlarga erishdilar. Ular orasida Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hududni yaratish, Afg‘onistondagi vaziyatni hal etish bo‘yicha xalqaro saʼy-harakatlarda faol qatnashish, BMTning Global  terrorizmga qarshi kurash strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlarining Qo‘shma harakatlar rejasini qabul qilish va amalga oshirish, Giyohvandlik vositalari ,psixotrop moddalar va ular prekursorlarining qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lishiga qarshi kurashish bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy axborot muvofiqlashtirish markazini taʼsis etish, Orol dengizi muammosi bo‘yicha BMT maxsus komissiyasini tuzish hamda BMTning "Bosh Assambleyada Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga kuzatuvchi maqomini berish" to‘g‘risidagi rezolyutsiyasini qabul qilish masalalari mavjud.

Xitoyda nashr etiladigan “Diplomat” jurnali sahifasida Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, ekologik barqarorlik va fuqarolarning hayot kechirishi sifatini yaxshilashga qaratilgani qayd etilgan maqola chop etildi.

O‘zbekistonda 2030 yilgacha barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish har bir insonning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash uchun BMTning "hech kimni ortda qoldirmang" degan asosiy tamoyiliga muvofiq amalga oshirilishi taʼkidlanadi.

Barqaror rivojlanish yo‘lida qabul qilingan islohotlar O‘zbekistonga BMT BRM indeksida sakkiz pog‘onaga ko‘tarilish imkonini berdi. Bu mamlakatda amalga oshirilayotgan muhim muvaffaqiyat va o‘zgarishlardan dalolat berishi barobarida barqaror rivojlanish uchun tanlangan yo‘nalishning to‘g‘ri ekanligini tasdiqlaydi.

Maqolada BMT doirasida O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan barcha tashabbuslar dunyoda tinchlik va barqarorlikni saqlash, inson huquqlarini himoya qilish hamda barqaror taraqqiyotni taʼminlashga salmoqli amaliy hissa qo‘shgani qayd etilgan.  Mamlakatimiz BMT va uning ixtisoslashgan idoralari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da kengaytirish va chuqurlashtirish tamoyiliga amal qilishi ham taʼkidlangan.

Barqaror rivojlanish jamiyatning barcha sohalarida doimiy saʼy-harakatlar va uyg‘un hamkorlikni talab qiladigan jarayon ekanligi O‘zbekiston misolida keltiriladi, deb xulosa qiladi “Diplomat” jurnali.

Qirg‘izistonning ommabop “Alliance-press.kg” axborot portali “Alliance-press.kg”ning yozishicha, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida BMT va uning institutlari bilan xavfsizlik sohasidagi hamkorlik sezilarli darajada faollashmoqda. O‘zbekiston va mintaqadagi boshqa davlatlarning xalqaro tadbirlarni birgalikda o‘tkazish, aniq texnik yordam dasturlarini amalga oshirish va xalqaro xavfsizlik sohasidagi amaliy hamkorlikdagi faolligi tobora ortib borayotgani mintaqa mamlakatlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan Markaziy Osiyoda rivojlanishni hamda tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash bo‘yicha muhim tashabbuslarni amalga oshirishda o‘zaro hamkorlikni yana-da chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanligidan dalolat beradi.

«Slovo Kirgizstana» umummiliy gazetasi O‘zbekistonning BMT bilan hamkorligiga eʼtibor qaratgan. “O‘zbekiston BMT Bosh Assambleyasi va ixtisoslashgan muassasalari faoliyatining faol ishtirokchisi hisoblanadi. Xususan, O‘zbekiston rahbari BMT Bosh Assambleyasining 72-, 75- va 76-sessiyalarida, shuningdek, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 46-sessiyasining yuqori darajadagi segmentida ishtirok etdi va so‘zga chiqdi”, deb yozadi nashr.

Maqolada taʼkidlanishicha, so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari BMT minbaridan global va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari bo‘yicha qator muhim xalqaro tashabbuslarni ilgari surdi.

Nashrning yozishicha, BMT Bosh Assambleyasi doirasida oltita rezolyutsiya ishlab chiqilgan va qabul qilingan: «Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash», (2018 yil, iyun), «Maʼrifat va diniy bag‘rikenglik» (2018 yil, dekabr), “Markaziy Osiyoda barqaror turizm va barqaror rivojlanish“ (2019 yil, dekabr), “ Orolbo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb eʼlon qilish”, (2021 yil, may), “Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha” (2022 yil, iyul), “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi (2022 yil, dekabr) rezolyutsiyalardir.

Gazeta mustahkam tinchlikning faol tarafdori va hamkorlikni har tomonlama kengaytirish tashabbuskori sifatida O‘zbekiston bundan keyin ham BMT va unga aʼzo davlatlar bilan hamkorlikka katta eʼtibor qaratishi haqidagi maʼlumotlarni ham qalamga olgan.  

«Kazaxstanskaya pravda» gazetasi taʼkidlashicha, 2017 yilda siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda mintaqaviy hamkorlikni faollashtirish jarayoni boshlangani munosabati bilan BMT bilan hamkorlik hozirgi paytda mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilgan.

Nashrning qayd etishicha, mintaqa davlatlari va BMT o‘rtasidagi hamkorlikning muhim yo‘nalishi Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish jarayonini ilgari surish bo‘lib qolmoqda. O‘zbekiston va mintaqa davlatlari Afg‘onistonni mamlakatda tinchlik va barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan mintaqaviy savdo-iqtisodiy aloqalarga jalb etish borasidagi saʼy-harakatlarga alohida eʼtibor qaratmoqda.

Gazeta BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning quyidagi fikrlarini keltirgan: “Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlik umumiy vazifalarni, shu jumladan, terrorizmga qarshi kurash, chegara xavfsizligini mustahkamlash, diniy yetakchilar va muassasalar bilan muloqotni rivojlantirish, odam savdosi va giyohvand moddalar kontrabandasiga qarshi kurashish bilan bog‘liq vazifalarni hal qilish uchun katta imkoniyatlar yaratadi”.

Shu nuqtai nazardan, maqolada Markaziy Osiyo BMTning Global terrorizmga qarshi kurash strategiyasini har tomonlama amalga oshirishni boshlagan birinchi mintaqaga aylangani, Qo‘shma harakatlar rejasi esa mintaqaviy yondoshuv asosida ishlab chiqilgan BMT Global antiterror strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha amalda birinchi doiraviy dastur ekanligi alohida taʼkidlangan.

“Dunyo” AA

Powered by GSpeech