Bola huquqlarini himoya qilish yangi bosqichda

Bola huquqlarini himoya qilish yangi bosqichda

20 noyabr – “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiya qabul qilingan kun

Har qanday jamiyatda komillikning eng asosiy ko‘rsatkichi insonning ezgulikka, ijtimoiy baxt-saodatga, insonparvarlik g‘oyalariga munosabatida hamda ularga asoslangan amaliy faoliyatida namoyon bo‘ladi.

Ta’kidlash joizki, insonparvarlikning ibtidosi bolajonlikdir. Shu ma’noda qonun bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish shakllarining eng maqbul usuli hisoblanadi.

Bola huquqlari xalqaro miqyosda himoya kilinadi. Bu, birinchi navbatda, bola huquqlari sohasidagi deklaratsiyalar, rezolyutsiyalar, konvensiyalar ishlab chiqish, bola huquqlari himoyasi bo‘yicha maxsus nazorat organi tuzish, davlatlarning milliy qonunchiligini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish orqali amalga oshiriladi. BMTning Bolalar jamg‘armasi – YUNISEF xalqaro ko‘mak berish yo‘nalishida o‘z faoliyatini olib borib, bolalar muammosi bilan shug‘ullanadi.  

Bolalar huquqini himoya qilish zarurligi haqida 1924 yilda Jeneva deklaratsiyasi qabul qilingan edi. 1959 yil 10 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Bola huquqlari deklaratsiyasi qabul qilingan edi. Ushbu hujjatda “18 yoshga to‘lmagan har bir inson, agar bolalarga nisbatan qo‘llaniladigan qonun bo‘yicha u ertaroq balog‘atga yetmagan bo‘lsa, hali bola hisoblanadi” deyilgan. 1989 yil 20 noyabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiya qabul qilindi. Bola huquqlariga oid avval qabul qilingan qonunlarga nisbatan bu Konvensiya birinchi va nisbatan to‘liq qonuniy hujjat hisoblanadi, unda bola huquqlari  xalqaro huquqiy tusga egadir.

Mustaqillik yillarida, birinchi navbatda, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan qoidalaridan kelib chiqqan holda, bolalar huquqlariga doir milliy qonunchilik bazasi tubdan yangilandi. 1992 yilning 9 dekabrida erkin fuqarolik jamiyati qurish g‘oyasini bosh ustuvor maqsad deb bilgan mamlakatimizning mustaqillikka erishgandan so‘ng ratifikatsiya qilgan dastlabki xalqaro huquqiy hujjatlaridan biri “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiya bo‘ldi. Bu bilan O‘zbekiston Respublikasi xalqaro hamjamiyat tomonidan qabul qilingan hujjatni tan olish barobarida, bolalar huquqlarini oliy qadriyat sifatida e’tirof etishini ham isbotladi. Bolalar huquqlariga doir muhim xalqaro hujjatga qo‘shilganimizdan keyin mamlakatimizda implementatsiya jarayoni, ya’ni milliy qonunchilik hujjatlarini Konvensiya talabi asosida isloh qilish boshlandi.

Eng muhimi, bolalar huquqini himoya qilish konstitutsion asosda mustahkamlandi. Bosh qomusimizda ota-onalarning farzandlari oldidagi majburiyati alohida ko‘rsatildi, davlat va jamiyat ota-onalarning vasiyligidan mahrum bo‘lgan va yetim bolalarga g‘amxo‘rlikni o‘z zimmasiga olishi qayd etildi, onalik va bolalik davlat muhofazasida ekanligi ta’kidlandi.

Aslida bola huquqlarining konstitutsiyaviy asosda kafolatlangani xalqimiz tabiatiga xos bo‘lgan yuksak insoniy fazilatlarning o‘ziga xos ko‘rinishi edi. Shu tariqa mamlakatimizda bolalar huquqlari himoyasi yo‘lida mustahkam qonunchilik poydevoriga asos solindi. Bu esa, bolalar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha barqaror davlat siyosatini olib borishga keng yo‘l ochdi.

O‘zbekiston Respublikasining yangilangan Konstitutsiyasi XIV bobi “Oila, bolalar va yoshlar” deb nomlanib,  77-moddasida “Ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar. Davlat va jamiyat yetim bolalarni hamda ota-onasining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqishni, tarbiyalashni, ularning ta’lim olishini, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishini ta’minlaydi, shu maqsadda xayriya faoliyatini rag‘batlantiradi“, 78-moddasida esa “Farzandlar ota-onasining nasl-nasabi va fuqarolik holatidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar. Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyatidir. Onalik, otalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi. Davlat va jamiyat bolalarda hamda yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, mamlakatidan hamda xalqning boy madaniy merosidan faxrlanishni, vatanparvarlik va Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbat tuyg‘ularini shakllantirish to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi” degan norma mustahkamlangan. Demak, ota-ona jamiyatning asosi bo‘lgan oilaning yetakchi a’zolari, voyaga yetmagan farzandlari uchun davlat va jamiyat oldida mas’uldir.

O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuni 2008 yilning 7 yanvarida qabul qilingan bo‘lib, bola huquqlarini himoya qilish bo‘yicha davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari sifatida quyidagilar belgilab berildi: bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash; bola hayoti va sog‘ligini muhofaza qilish; bola kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik; bolaning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish; bola huquqlari va imkoniyatlarining tengligini ta’minlash; bola huquqlari kafolatlarining huquqiy asoslarini takomillashtirish; bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish bo‘yicha davlat organlari va mansabdor shaxslari faoliyatining ochiqligi hamda oshkoraligini ta’minlash; bolalarning jismoniy, intellektual, ma’naviy va axloqiy kamol topishiga ko‘maklashish; bola huquqlarini ta’minlash maqsadida davlat organlari, nodavlat notijorat, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish va rivojlantirish; bolalarning ijtimoiy ko‘nikmasiga, voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklarni kamaytirishga ko‘maklashish va boshqalar. Yangi O‘zbekiston sharoitida bolalar huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish yuzasidan 2017-2023 yillarda mazkur qonunning ba’zi moddalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 22 apreldagi “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari – Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimi, shuningdek, 2020 yil 29 maydagi "Bola huquqlarini himoya qilishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" gi farmoni bilan Bola huquqlari bo‘yicha vakilning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari belgilab berildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasida bolalar ombudsmani to‘g‘risidagi qonunni qabul qilish tashabbusini bergan edi. Bular, albatta, bolalar huquqlarini himoya qilish borasidagi davlat siyosatining mantiqiy davomidir.

Ta’kidlash joizki, komil inson tarbiyasi, ona va bola salomatligini saqlash davlatimiz siyosatining ustuvor vazifasiga aylangani bejiz emas.  “Sog‘lom” so‘zining mazmuniga e’tibor beradigan bo‘lsak, bu  dard-kasaldan xoli, ya’ni sog‘; sog‘liqni saqlash talablariga to‘la javob beradigan; beg‘ubor, toza, sof; zararli ta’sirdan, salbiy hislar, illat va shu kabilardan xoli; toza, pok; ruhiy jihatdan shikast yetmagan; raso; g‘oyaviy-mafkuraviy, ma’naviy jihatdan toza, pok degan ma’nolarni beradi.

“Bola” so‘zi esa yangi tug‘ilgan, hali ko‘krakdan, ona bag‘ridan ajralmagan go‘dak; chaqaloq; hali yosh, voyaga yetmagan odam; farzand, o‘g‘il-qiz, zurriyot; yoshi kattalarning yoshlarga murojaat shakli sifatida namoyon bo‘ladi. Qonunchilikda bola (bolalar) deganda o‘n sakkiz yoshga to‘lgunga (voyaga yetgunga) qadar bo‘lgan shaxs (shaxslar) tushuniladi.

Sog‘lom bola muqaddas Islom dinimizning muddaosi bo‘lgan, bunga hadis ilmining sultoni, vatandoshimiz Imom al-Buxoriyning “Al-adab al-mufrad” kitobining bir bobida “Bola sog‘lom tug‘ilsa, xudoga shukur qilish haqida” ta’kidlanib: “Oysha (r.a) biror oilada farzand tug‘ilsa, o‘g‘il yo qizligini so‘ramas edilar. Balki, “Sog‘lommi?” – deb so‘rar, “Ha” deyilsa, “olamlarning Parvardigori Allohga shukur” derdilar”, deyilgan.

YUNISEF ma’lumotlariga ko‘ra, sayyoramizda har yili uch million nafar bola hatto bir oy ham yashamasdan vafot etmoqda. Shuningdek, "Bolalarni asrang" xalqaro tashkiloti mutaxassislarining ta’kidlashicha, ayrim davlatlarda go‘daklar hayotiga e’tiborsiz qaralayotgani oqibatida ko‘plab norasidalar bevaqt nobud bo‘lmoqda. Ayniqsa, Afrika mamlakatlarida yangi tug‘ilgan har besh nafar chaqaloqning ikki nafari hayotining dastlabki soniyalaridayoq hayot bilan vidolashyapti. Dunyo bo‘yicha millionlab bolalar esa och-nahor, usti yupun, qorni nonga to‘ymay yashayotgani, nobud bo‘layotgani ham bugun achchiq haqiqat.

Shukrki, o‘z farzandlarining taqdiriga befarq qaramaydigan O‘zbekistonda bolalarga ko‘rsatilayotgan bemisl g‘amxo‘rlik, yuksak e’tibor havas qilsa arzigulik. Mamlakatimizda ertangi kelajagimiz vorislari bo‘lgan yosh avlod kamoloti, ta’lim va tarbiyasi, yoshlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, ma’naviyatini yuksaltirish, bir so‘z bilan aytganda, o‘sib kelayotgan farzandlarimizni ma’nan yetuk va jismonan sog‘-lom shaxslar sifatida ulg‘aytirishga bo‘lgan e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlarning mazmun va mohiyati, ahamiyati va ko‘lami ham tobora kengayib bormoqdaki, bizning o‘g‘il-qizlarimiz jahondagi eng baxtli davlatning baxtiyor bolalari ekanliklarini amalda ko‘rib, his etishmoqda.

Ha, davlatning qudratini belgilaydigan qator omillardan biri, shubhasiz, ma’nan yetuk, jismonan sog‘lom, har tomonlama barkamol avlodni voyaga yetkazishdir. Shu ma’noda, bugungi kunda mamlakatimizda sog‘lom avlodni tarbiya¬lash naqadar muhim, mas’uliyatli vazifa ekani barchamizga ayon. Yoshlarga, bolalarga e’tibor, darhaqiqat, kelajakka qo‘yilgan sarmoyadir. Vaholanki, kuchli fuqarolik jamiyatiga asoslangan huquqiy-demokratik, ijtimoiy, dunyoviy davlat qurish farzandlarimizning faol ishtiroki, qo‘llab-quvvatlashi orqaligina to‘laqonli amalga oshar ekan, ma’naviyati yuksak, chuqur bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, intellektual rivojlangan va professional tayyorgarlikka ega bo‘lgan o‘g‘il-qizlarni tarbiyalash buyuk kelajagimizni ham ta’minlashiga shubha yo‘q.

 

 

Powered by GSpeech